Koronavirusga chalingan bemorni uyda davolash va undan virus yuqtirib olmaslik bo‘yicha qanday ko‘rsatmalar mavjud?
Aytaylik, siz o‘zingizda koronavirus alomatlarini sezyapsiz yoki bu bo‘yicha aniq tashxis qo‘yilgach, uyda davolanishingizga to‘g‘ri kelyapti. Xo‘sh, bunday vaziyatda o‘zingiz va oilangiz uchun muhim bo‘lgan qanday ko‘rsatmalarga amal qilishingiz kerak? Qanday qilib infeksiya tarqalishining oldini olish mumkin? Mutaxassislarning bu boradagi tavsiyalari nimalardan iborat? Quyida ushbu savollar yuzasidan soha mutaxassislarining tegishli tavsiyalari beriladi.
Aslida, koronavirusni uyda individual harakatlar bilan davolash to‘g‘ri emas. Sipmtomlar darajasidan qat'i nazar, test natijasi musbat bo‘lsa, davolanish shifoxona sharoitida, bemorlar uchun ajratilgan maxsus xizmatlarda va izolyatsiya qilingan shifokor nazorati ostida amalga oshirilishi maqsadga muvofiq.
Koronavirus tashxisi qo‘yilganlarning aksariyatida yengil simptomlar kuzatilishi va ular uyda davolanishlari mumkin.
Shuningdek, alomatlar bir necha kun davomida namoyon bo‘lishi, virus bilan kasallangan odamlar taxminan bir hafta ichida o‘zlarini yaxshi his qilishlari mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bemorni parvarish qiluvchilarga kasallik alomatlari boshlanganidan keyin 14 kun davomida (O‘zbekiston sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi tomonidan bu muddat 10 kun etib belgilangan) uning sog‘lig‘i bilan bog‘liq o‘zgarishlarini kuzatib borishni tavsiya qiladi.
Koronavirusdan uyda davolanish simptomlarni yengillashtirishga qaratilgan bo‘lib, mazkur jarayon dam olish, suyuqlik iste'mol qilish va shifokor tomonidan tavsiya etilgan dorilarni vaqida qabul qilishni o‘z ichiga oladi.
Eng avvalo, bemor parvarishi uchun uyni izolyatsiya qilish bo‘yicha shifokorning tavsiyalariga qat'iy rioya qilish darkor. Ayni paytda bemorni parvarish qilish sizning sog‘lig‘ingizga qanday ta'sir qilishi mumkinligini ham ko‘rib chiqishingiz lozim. Agar siz xavf guruhiga kiradigan yoshda bo‘lsangiz yoki surunkali kasallik (masalan, yurak yoki o‘pka kasalligi yoki diabet)ga chalingan bo‘lsangiz, virus yuqtirib olishingiz xavfi ancha yuqori bo‘ladi. Bunday holatda siz o‘zingizni bemordan uzoq tutishingiz, unga g‘amxo‘rlik qilish uchun esa boshqa kishini qo‘yishingiz lozim bo‘ladi.
Masalan, Turkiyada ham test natijasi musbat chiqqan, ammo yuqori harorat va nafas qisishi kabi og‘ir alomatlar kuzatilmayotgan bemorlar uy sharoitida davolanmoqda. Chunonchi, Sog‘liqni saqlash vazirligi ilmiy qo‘mitasi a'zosi professor-doktor Alpay Azap Anadolu Agency nashriga bergan ma'lumotlarida koronavirusning yengil holatlarini uyda davolash ilmiy jihatdan to‘g‘riligini aytdi. U koronavirus holatlarining aksariyati yengil alomatlar bilan kechayotganini ta'kidlagan.
«Ba'zi bemorlarning davolanish jarayoni qisqa muddatli kursda yakunlanyapti. Bunday bemorlarni kasalxonaga yotqizish ularning nuqtayi nazariga ko‘ra ham to‘g‘ri emas. Biz nafaqat Covid-19’da, balki boshqa barcha kasalliklarda ham bemorlarni zarur holda kasalxonada tutib turamiz yoki uyiga kuzatamiz. Uyda davolanayotgan bemorlar albatta izolyatsiya ostida bo‘lishlari shart», dedi u.
Doktor Alpay Azap koronavirusga chalingan bemorlarning kasalxonada davolanish mezonlari haqida ham izoh berdi. Turkiya sog‘liqni saqlash vazirligi qarorlariga ko‘ra, quyidagi guruhlarga mansub bemorlarni shifoxonada davolash maqsadga muvofiq hisoblanadi:
- Immunitet tizimi zaif bemorlar;
- Og‘ir pnevmoniya alomati borlar;
- Laboratoriya natijalari kasalligi og‘ir ekanini ko‘rsatgan bemorlar;
- Intensiv xavf guruhiga kiritilganlar.
Favqulodda vaziyatlar
Kasallik og‘irlashishi yoki alomatlar kuchayishi jarayonini diqqat bilan kuzatib borish kerak. Agar alomatlar yomonlashsa yoki biror favqulodda vaziyat belgilari, shu jumladan, quyidagi hollar kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak:
- nafas qisilishi;
- doimiy ko‘krak og‘rig‘i yoki ko‘krakdagi bosim hissi;
- lab yoki yuzning ko‘kimtir tusga kirishi;
- yuqori harorat.
Tibbiy tavsiyalar
Agar siz o‘zingizni kasal his qilsangiz, dam olishingiz, ko‘proq suyuqlik ichishingiz va to‘yimli ovqat iste'mol qilishingiz kerak. Oila a'zolaringizdan alohida xonada turing va iloji bo‘lsa, alohida hammomdan foydalaning. Tez-tez aloqa qiladigan sirtlarni tozalang va dezinfeksiya qiling.
Shifokor tomonidan tavsiya etilgan dori-darmonlarni muntazam ravishda o‘z vaqtida qabul qiling. Tavsiya qilinmagan boshqa dori-darmonlarni ishlatmang.
Unutmang, bemor yotgan xonaga kirgan kishilar albatta niqob taqishi, xonani tark etgach esa niqobini tashlab yuborishi kerak.
Uydagi har bir kishi sog‘lom turmush tarzini olib borishi lozim. Siz ham sog‘lom ovqatlanish va uyqu rejimiga rioya qiling, harakat qiling.
Psixologik tavsiyalar
Og‘ir damlarda, ayniqsa, bolalar kattalarning ko‘proq mehr va e'tibor ko‘rsatishiga muhtoj bo‘ladi. Tang vaziyatlarda qayg‘u va stressni boshdan kechirish tabiiy hol. Bunday paytlarda do‘stlaringiz va oilangiz bilan telefon yoki internet orqali muloqot qilish foydali bo‘lishi mumkin.
Umumiy tavsiyalar:
- Tuzalguningizga qadar ishxona, maktab va jamoat joylaridan uzoqroq turing;
- Jamoat transportidan foydalanishdan saqlaning;
- Iloji boricha oila a'zolaringiz va boshqa odamlardan uzoqroq turing (kamida 2 metr masofa);
- Havo aylanishi uchun oynalarni oching;
- Uyingizdagi umumiy foydalanish joylaridan imkon qadar kamroq foydalanishga harakat qiling;
- Oshxona va boshqa umumiy foydalanish joylarni tez-tez shamollatib turing;
- Siz uchun ajratilgan alohida xonaning eshik tutqichlarini, chiroq yoqish tugmalarini har kun tozalang;
- Idish-tovoq, sochiq va choyshab kabi shaxsiy uy buyumlaringizni kim bilandir birga ishlatishdan saqlaning;
- Boshqalarning yonida niqob taqing. Niqobingizni har kuni, iloji bo‘lsa, har ikki soatda almashtiring;
- Niqob taqmagan payt yo‘talganingizda yoki aksirganingizda og‘zingiz va burningizni ro‘molcha yoki tirsakning ichki qismi bilan yopganingizga mutlaq ishonch hosil qiling. Foydalangan ro‘molchangizni va ust kiyimlaringizni albatta yuving;
- Kamida 20 soniya davomida qo‘lingizni sovunlab yuving yoki eng kamida 60 foiz spirt tarkibli qo‘l sanitariya vositasidan foydalaning.
Har qanday sharoitda ham hayotingiz o‘zingiz va yaqinlaringiz uchun nihoyatda qadrli ekanini aslo unutmang!
Bemordan virus yuqtirib olmaslik bo‘yicha tavsiyalar:
Koronavirus tashxisi qo‘yilgan bemorga qarovchi shaxs o‘zini o‘zi himoya qilishi uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti quyidagilarni tavsiya qiladi:
1. Qo‘llaringizni toza va yuzingizdan uzoqroq tuting
Qo‘lingizni, ayniqsa, yaqin aloqadan so‘ng, shuningdek, bemorning xonasida bo‘lganingizda sovun bilan 20 soniya davomida yuving yoki kamida 60 foizli spirt tarkibli qo‘l sanitariya vositasidan foydalaning. Ko‘zlaringizga, burningizga va og‘zingizga tegmaslikka harakat qiling.
2. Yuz niqobi taqing
Bemor yotgan xonaga niqob taqqan holda kiring. Niqobingizning old qismiga tegmang. Kasal odamdan kamida 2 metr masofada turing. Agar niqobingiz ho‘l yoki iflos bo‘lsa, uni toza va quruq niqob bilan almashtiring. Ishlatilgan niqoblardan qayta foydalanmang. Niqobni almashtirgandan keyin qo‘llaringizni yuving.
3. Uyni tez-tez tozalab turing
Har kuni stollar ustini, eshik tutqichlarini, umuman, tez-tez teginiladigan yuzalarni tozalashda spreylardan yoki salfetkalardan foydalaning. Bemorning izolyatsiya qilingan xonasini va hammomini tozalashdan saqlaning. Agar tozalash zarurati tug‘ilsa, shaxsiy himoya vositalaridan, masalan, niqob va qo‘lqoplardan foydalaning va bu jarayondan so‘ng uni to‘g‘ri shaklda yechib, alohida chiqindi qutisiga tashlang. Shundan keyin qo‘lingizni yuvishni unutmang. Bemor foydalanadigan choyshab va buyumlarni alohida joyda saqlang va imkon qadar kuttirmasdan tezroq yuving.
4. Kir yuvishga e'tibor bering
Bemorning kirlangan liboslarini har doim bir xil kir yuvish vositasidan foydalangan holda yuving. Yuvilgan narsalarning yaxshi quriganiga ishonch hosil qiling. Bemorning kir bo‘lgan kiyimlarini bir marta qo‘llaniluvchi qo‘lqop kiygan holda oling va ularni tanangizdan uzoqda tuting. Qo‘lqopni yechgach, qo‘llaringizni yuving. Nopok qo‘lqoplar va niqoblarni alohida chiqindi qutisiga tashlang va uyda uni juda ko‘p ushlab turmaslikka harakat qiling.
5. Bemorning tanasidan chiqqan suyuqliklar bilan bevosita aloqa qilishdan saqlaning
So‘lak, burun suyuqligi, najas, siydik yoki boshqa tana chiqindilari bilan ishlash jarayonida bir martalik qo‘lqopdan va yuz niqobidan foydalaning. Qo‘lqop va niqobni yechishdan oldin va keyin qo‘lingizni yuving. Niqob va qo‘lqoplaringizni qayta ishlatmang.
6. Uyingizga mehmon chaqirmang
Bemor to‘liq tuzalmaguncha va koronavirus alomatlari to‘liq yo‘qolmaguncha uyingizda mehmon qabul qilmang.
Izolyatsiyani yakunlash
Koronavirus bilan kasallangan bemorlarni uyda izolyatsiya qilish jarayoni quyidagi hollardan so‘ng yakunlanishi mumkin:
- Isitmani tushiradigan dori-darmonlarsiz uch kun to‘liq isitmasiz holda kechirilganda;
- Boshqa alomatlar kuzatilmaganda;
- Alomatlar paydo bo‘lgandan keyin kamida 14 kundan so‘ng (O‘zbekiston sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi tomonidan bu muddat 10 kun etib belgilangan).
Albatta, bemor odatiy hayot tartibiga qaytgandan keyin ham umumiy standart himoya choralarini ko‘rishda davom etishi lozim.
Stress bilan kurashish
Sizga bu jarayonda ruhiy dalda kerak bo‘lishi mumkin. Telefon qo‘ng‘irog‘i, raqamli aloqa yoki videokonferensiyalar orqali boshqalar bilan aloqada qoling. Tashvishlaringizni o‘rtoqlashing. Koronavirusga oid yangiliklarni ko‘p tinglash, o‘qish va tomosha qilishdan saqlaning. Dam oling, mutolaa, film tomosha qilish yoki onlayn o‘yin o‘ynash kabi qiziqarli mashg‘ulotlarga e'tibor qarating.
Koronavirusga chalingan yaqinlaringizning parvarishi bilan shug‘ullanayotganingizda kuchli stressni his qilishingiz mumkin. Chunki siz bir paytning o‘zida nafaqat o‘z sog‘lig‘ingiz, balki bemor yaqiningizning sog‘lig‘i haqida ham qayg‘urasiz. Bu sizning ovqatlanish, uxlash va konsentratsiya qilish qobiliyatingizga, shuningdek, agar mavjud bo‘lsa, surunkali kasallik bilan bog‘liq muammolaringizga ta'sir qilishi mumkin. Bundan tashqari, spirtli ichimlik va tamaki kabi mahsulotlarini iste'mol qilish bu jarayonda kuchayishi mumkin. Agar sizning ham ahvolingiz yomonlashsa, shifokor-mutaxassisga murojaat qiling.
O‘zingizga g‘amxo‘rlik qilish uchun quyidagi amallarni bajaring:
- Dush qabul qilish va kiyinishni o‘z ichiga olgan kundalik tartibingizni saqlang;
- Koronavirus yangiliklaridan, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlardan tanaffus oling;
- Sog‘lom ovqatlaning va yetarli miqdorda suv iste'mol qilayotganingizga ishonch hosil qiling;
- Jismoniy mashqlar bajaring;
- Ko‘p uxlang;
- Spirtli ichimliklar iste'mol qilishdan saqlaning;
- Chuqur nafas olish mashqlarini bajaring va meditatsiya qiling;
- Yoqimli ishlarga e'tibor qarating;
- Boshqalar bilan bog‘laning va o‘zingizni qanday his qilayotganingizni ayting.
Unutmang, o‘zingizga g‘amxo‘rlik qilishingiz stressni yengishingizda, yaqinlaringizning tezroq sog‘ayib ketishi va ularni qo‘llab-quvvatlashda yordam beradi.
Mavzuga oid
21:59 / 27.11.2022
Xitoyda koronavirus cheklovlariga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda
00:22 / 26.11.2022
Pekinda koronavirus avj olgani tufayli yangi cheklovlar kiritilmoqda
22:24 / 07.11.2022
Angliyada uy parrandalariga lokdaun e’lon qilindi
12:45 / 19.07.2022