O‘zbekiston | 03:49 / 12.07.2020
56878
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xalq hofizi Mahmudjon Tojiboyev vafot etdi

Maqom ilmi va san'atini puxta egallagan ijodkor, O‘zbekiston xalq hofizi, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi professori, O‘zbek milliy maqom san'ati markazi ilmiy xodimi Mahmudjon Tojiboyev 63 yoshida olamdan o‘tdi. Bu ma'lumotni Kun.uz manbasi tasdiqladi.

Mahmudjon Tojiboyev 1957 yilda Farg‘ona viloyati Quva tumanida tug‘ilgan. 1984 yilda Toshkent konservatoriyasini tugatgan.

U qo‘shiq aytishni dastlab E. Mamatov, G‘. Hojiqulovdan, keyinchalik xofizlik an'analarini O. Otaxonov, O. Alimahsumov, O. Hotamov va F. Mamadaliyevdan o‘zlashtirgan, sozandalik sirlarini esa T. Alimatovdan o‘rgangan.

Mahmudjon Tojiboyev 1984 yildan Yunus Rajabiy nomidagi «Maqom» ansambli yakkaxoni. 2000 yildan esa O‘zbekiston davlat konservatoriyasi dotsenti sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2000 yildan O‘zbekiston xalq hofizi.

Ijodkor repertuaridan Shashmaqom («Saraxbori Navo», «Saraxbori Dugoh», «Mo‘g‘ulchai Segoh», «Navro‘zi Sabo», «Nimcho‘poniy» va boshqalar) va Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llari («Dugoh», «Chorgoh», «Ushshoq», «Shahnozi Gulyor», «Bayot» va boshqalar), katta ashula («Yovvoyi Chorgoh», «Yolg‘iz», «Yey dilbari jononim» kabi), mumtoz («Topmadim», «Asiriy» va «Ldoiy», «Chorzarb», «Bozurgoniy») o‘rin olgan.

Keng diapazonli ovoz sohibining ijodiy repertuarida shuningdek, XX asr bastakorlari («Keldik», «Nazzora qil», K. Jabborov: «Kezarman», F. Toshmatov: «Jonim erursan», M. Murtazoyev: «Dilrabolar», O. Nuriddinov: «Bu oqshom», O. Hotamov va boshqalar) asarlari o‘rin olgan.

Mahmudjon Tojiboyev shoirnafas hofiz sifatida ijro uslubi vazminligi, lirikaga moyilligi, ovoz va cholg‘u mutanosibligi bilan ajralib turgan. 

Marhum ijodkor Osiyo, Amerika, Yevropa va Shimoliy Afrika mamlakatlarida gastrollarda bo‘lgan. 1987 yilda Yunus Rajabiy nomidagi Respublika maqom ijrochilari tanlovi g‘olibi bo‘lgan.

Kun.uz marhumning yaqinlariga hamdardlik bildiradi.

Mavzuga oid