O‘zbekistonda ta'limga iste'dodli pedagoglarni jalb qilish tizimi yo‘q - Jahon banki eksperti
Pedagog kasbi maqomini oshirish uchun o‘qituvchilarni ishga saralab olish mexanizmlarini qat'iy talablar asosida ishlab chiqish lozim, deydi Jahon bankining ta'lim bo‘yicha eksperti Nodira Meliboyeva.
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijtimoiy sohada davlat dasturi ijrosi muhokamasiga bag‘ishlab qator sohalar mutaxassislari ishtirokida onlayn davra suhbati tashkil etdi. Unda Jahon bankining ta'lim bo‘yicha eksperti Nodira Meliboyeva ta'lim tizimida mavjud kamchiliklarga to‘xtaldi.
«Maktabgacha ta'lim tizimida bolaning rivojlanish ko‘rsatkichlari, umumiy ta'lim tizimida o‘qish sifatini baholash mexanizmining yo‘qligi sohada monitoring ishlarini olib borish imkonini bermaydi.
Ta'limga iste'dodli pedagoglarni jalb qilish va saqlab turish tizimi mavjud emas. Pedagog kasbi maqomini oshirish uchun o‘qituvchilarni ishga saralab olish mexanizmlarini qat'iy talablar asosida ishlab chiqish lozim.
Shuningdek, mamlakatda ilmiy tadqiqot ishlarining samaradorligi muammosi bor. Ilmiy ishlar sifati va ko‘lamini oshirish uchun bu borada davlat resurlarini taqsimlash mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish kerak», – deya Nodira Meliboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Mutaxassis ta'lim tizimi tayyorlayotgan kadrlar va mehnat bozori talablari o‘rtasidagi nomuvofiqliklar haqida ham gapirdi.
«Ta'lim muassasalari bitiruvchilari egallagan bilim va ko‘nikmalar mamlakat mehnat bozorining mavjud talablariga to‘g‘ri kelmaydi.
Bu masalada iqtisodiyotning o‘sib borayotgan sektorlari va ish beruvchilarning talablaridan kelib chiqqan holda ish tashkil qilinishi lozim», – dedi Nodira Meliboyeva.
Mavzuga oid
14:12 / 10.01.2025
Nodavlat o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 600 taga yetkaziladi
13:39 / 10.01.2025
O‘rta ta’lim muassasalariga 500 nafar xorijiy mutaxassis jalb etiladi
13:01 / 09.01.2025
3,5 ming kambag‘al oilalar farzandlari OTMga grant asosida qabul qilinadi
17:20 / 03.01.2025