O‘zbekiston | 16:50 / 16.07.2020
23916
12 daqiqa o‘qiladi

Ona tili darslari nega qisqartirilmoqda? - Respublika ta'lim markazi direktori bilan suhbat

Xalq ta'limi tizimida ona tili fani soatlarining qisqarayotgani shu kunlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda turli munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Bu boradagi bahslar Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovning masala yuzasidan tushuntirish berishi hamda O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirovning vazir fikrlariga nisbatan bildirgan e'tirozlaridan keyin ancha jonlandi.

Kun.uz muxbiri masala yuzasidan batafsil ma'lumot olish hamda fan soatlarining nima sababdan optimizatsiya qilinayotganiga aniqlik kiritish maqsadida Respublika ta'lim markazi rahbari Shuhrat Sattorov bilan intervyu uyushtirdi.

– Shuhrat aka, mavzuga kirishdan avval ta'lim markazi faoliyati bo‘yicha ma'lumot bersangiz.

– Respublika ta'lim markazi ta'lim tizimining yuragi deb aytishimiz mumkin. Ta'limning mazmun-mohiyati va keyingi rejalari aynan shu markazda tayyorlanadi. Oddiy o‘quv standartlaridan boshlab, o‘quv dasturi va darsliklar, o‘qitish metodikasigacha shu yerda yaratiladi. Nimani o‘qitamiz va qanday o‘qitamiz, degan savollarga respublika ta'lim markazi javob beradi.

– Fikr va munozaralarga sabab bo‘layotgan o‘zgarish – maktablarda ona tilini fani soatlarining qisqarishdan qanday maqsad ko‘zlangan? Shuningdek, bu fan misolida aynan qanday optimizatsiya kutilmoqda?

– Birinchi navbatda qayd etib o‘tish lozimki, Alisher Qodirovni kuchli siyosatchi sifatida bilamiz, lekin u bunday bayonot berishdan avval masalaning mohiyatiga yetib borganida juda yaxshi bo‘lardi. Bugun oldimizdagi asosiy maqsad o‘zgarish emasmi? Taraqqiyotni xohlasak, o‘zgarishimiz kerak emasmi? Yangiliklarni qabul qilishimiz kerak emasmi? Agar biz har qanday yangilikka ehtiros bilan munosabat bildiradigan bo‘lsak, bu o‘sha yangilikni omma oldida yomonotliq qilishi mumkin. Yoki hukumatni xalqqa dushman qilib ko‘rsatishi mumkin. Bayonotda bir qator anglashilmovchiliklar mavjud. Til bu – inson tafakkurini shakllantiruvchi juda katta xazina, boylik. Biz ham aynan tilning orqasidan shunchalik aziz bo‘lib yuribmiz.

Xalq ta'limi vazirining 52-sonli buyrug‘i mavjud – “Umumiy o‘rta ta'lim maktablari uchun 2020-2021 o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejasini tasdiqlash to‘g‘risida”. Umumiy o‘rta ta'lim maktablari uchun haftalik o‘quv soatlari belgilanadi. Bir hafta davomida bola qaysi fanni necha soat o‘qishi belgilab berilgan. Bunda hech bir sinfda ona tili ikki soat o‘qitilishi ko‘rsatilmagan. Vaholanki, bayonotda ona tili ikki soat o‘qitilarkan, deb aytilmoqda. Bu yil maqbullashtirilgan boshlang‘ich 2-, 4-, sinflarda o‘quvchi ona tilini 7 soatdan o‘qiyapti. 5-, 6-sinflarda esa olti soatdan o‘qiyapti. Ya'ni o‘quvchi bir kunda beshta fan o‘qisa, shulardan biri ona tili.

O‘quvchining sinfda biron fanni o‘zlashtirish uchun ajratgan vaqtini ko‘rsatuvchi o‘quv yuklamasi mavjud. O‘quvchilar hafta davomida 327 soat vaqtini sinfxonasida turli fanlarni o‘qish bilan o‘tkazishadi. 2019-2020 o‘quv yilida mana shu ko‘rsatkich 327 soat edi, yangi o‘quv yilidan boshlab buni yanada maqbullashtirish topshirig‘i berildi. Haftalik o‘quv yuklamasini 314 soatga qisqartirdik. O‘quv yuklamasi 327 soat bo‘lganda, shuning 68 soati ona tili va adabiyot fanlari uchun ajratilar edi. Bu umumiy o‘quv yuklamasining 20,7 foizini tashkil etardi.

Yangi o‘zgarish – 314 soatlik o‘quv yuklamasi bo‘yicha ona tili va adabiyot fani 57 soat o‘tiladi. Bu umumiy o‘quv yuklamasining 20,4 foizini tashkil etadi. Ya'ni o‘zgarish hattoki bir foiz ham emas.

Darsliklarda grammatika, nazariya kamaymoqda, endilikda ularni hazm qilish ham osonlashadi. Shu narsani ham unutmaslik kerakki, o‘quvchi haftaning 6 kunida bitta fanni takror va takror o‘qiydigan bo‘lsa, bu unga og‘irlik qiladi. O‘zlashtirish sifati tushib ketadi. Xalqaro tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, hafta davomida 5 soatdan ortiq o‘rganilgan har qanday fan o‘quvchini zada qilib qo‘yadi. O‘quvchi bugun o‘zlashtiradi, ertaga kelib yana o‘zlashtiradi... Vaholanki, bizning kitoblarimiz grammatika, nazariya qonun-qoidalari bilan to‘ldirib tashlangan ekan, bola buni qanday qilib hazm qilishi mumkin? Bu muammo o‘zlashtirish ko‘rsatkichi bilan bog‘liq kamchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

O‘quvchiga haftasiga 4-5 soat dars beraylik, oson, hayotda tatbiq etiladigan amaliy qoidalar, mashg‘ulotlar orqali o‘rgataylik. Bola mana shunda o‘zining tilini yaxshi tushunadi. Shundagina bu til uning tafakkuriga xizmat qiladi.

– Ona tili fani optimizatsiyasi borasida tashabbuskorlar kimlar va qaysi mutaxassislar ishlamoqda? Bu borada qaysi xorijiy davlatlarning tajribasi asos qilib olinmoqda?

– Respublika ta'lim markazida har bir fan bo‘yicha ilmiy-metodik kengashlar mavjud. Bu kengashlarga sohaning yetuk olimlari, amaliyotchi o‘qituvchilar jalb etilgan. Aynan ona tili va adabiyoti bo‘yicha ilmiy-metodik kengashda Hamidulla Dadaboyev, Nizomiddin Mahmudov, Baxtiyor Mengliyev, Qozoqboy Yo‘ldoshev, Valijon Qodirov kabi sohaning yirik olimlari jamlangan. Mutaxassislar tomonidan o‘rganishlar olib borildi. O‘rganishlar natijasida shunday xulosaga kelindiki, tilni o‘qitish sifatini soatlarga bog‘lashimiz kerak emas. Sifatni ko‘proq metodika va amaliyot bilan bog‘lashimiz kerak. Shundagina bolada o‘rganayotganini hayotda qo‘llash ko‘nikmasi paydo bo‘ladi.

Butun dunyoda xalqaro baholash dasturi – PISA mavjud. Bu dastur o‘quvchilarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichini baholaydi. Dasturning bir qismi sifatida til ko‘nikmalarini baholash ham bor. Shu reytingda bugun Finlyandiya, Estoniya, Belarus, Angliya, Janubiy Koreya mamlakatlarining o‘quvchilari yuqori o‘rinlarda turadi. Biz ham xorijiy tajribani o‘rganishda e'tiborimizni shu davlatlarga qaratdik.

Misol uchun, Estoniyada ona tili hafta davomida 39 soat, Germaniyada 41 soat, Finlyandiyada 42 soat, Janubiy Koreyada 46 soat o‘qitiladi. Bizda esa bu fan 64 soat o‘tiladi. O‘zbekistonda yil davomida 1938 soat ona tili va adabiyot o‘qitiladi. Bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri. Yuqorida nomi keltirilgan mamlakatlarda ham yil davomida o‘rtacha 1300-1600 soat o‘rgatilyapti. Ona tili va adabiyot bizda ikkita alohida fan hisoblanadi. Lekin dunyoning aksariyat mamlakatlarida bu fan ajratilmaydi. Vaholanki, adabiyot ham tilga xizmat qiladi.

– Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov maktabni bitirayotgan yoshlar savodsiz bo‘lib katta bo‘ldi, degan fikrni aytgan edi. Ona tili va adabiyot uchun shuncha ko‘p soat ajratilganiga qaramay, nega bola savodsiz bo‘lib bitirib chiqyapti? Xatoliklar qayerda?

– Biz o‘quvchilarni ko‘proq qonun-qoidalar bilan, matnlar bilan band qilib qo‘ydik. Ularga nima, qachon, qayerda, degan savollarga javoblarni yodlatdik. Yod olishga         yo‘naltirilgan matnlar, dasturlarni berib keldik. Vaholanki, bugun butun dunyo qanday qilib, degan savolga javob izlamoqda. Mohiyat, yaratuvchanlik, ijodkorlikka diqqat qaratiladi.

O‘zim ham filologman. Meni boshqalar tilni yaxshi biladigan mutaxassis sifatida bilsa kerak. Lekin men o‘zimni baholaydigan bo‘lsam, ona tilining bugungi qonun-qoidalariga ko‘ra, 2 yoki 3ga tortishim mumkin. Sababi qonun-qoida, grammatika, nazariya. Butun dunyoda ijodiy yozish degan alohida yo‘nalish bor. Shunday yo‘nalishlar mavjud bo‘lgan bir paytda bizning olimlarimiz faqatgina nazariyaning ustida ilm bilan mashg‘ul bo‘lishdi va shuning orqasidan katta unvonlarni olishdi.

Til nuqtai nazaridan tinglab tushunish, o‘qib tushunish, voqeaga munosabat bildirish kabi ko‘nikmalarni farzandlarimizda qachon shakllantira olamiz? Darsliklar esa qonun-qoidalar bilan to‘ldirib tashlangan.

Yaqin fursatda aynan shu yo‘nalishda yangi avlod darsliklarini yaratmoqchimiz. Misol uchun, 5-sinf ona tili darsligi misolida ko‘radigan bo‘lsak, Nizomiddin Mahmudov boshchiligida juda yaxshi darslik qilindi. Uning 40 foiz nazariya qismi olib tashlandi. Bularning o‘rniga biz matn berdik. Bola ko‘proq matn bilan ishlasin va undagi mohiyatni tushunsin. Amaliyotchi o‘qituvchilar bilan ham fikrlashganda shunga amin bo‘ldikki, bugun maktablarning o‘zi ham nazariyadan qochishga va amaliyotga yo‘naltirishga ko‘proq muhtoj ekan. Darsliklar shu paytgacha olimlar tomonidan yozilgan va ularni hazm qilish qiyin. O‘quvchi tugul o‘qituvchi ham ularni hazm qila olmaydi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab darsliklarni yaratishda amaliyotchi o‘qituvchilar ham muallif sifatida ishtirok etishi ta'minlanmoqda. Chunki o‘quvchining salohiyati ularga ayon. Olimlar yangiliklar bilan boyitsa, ular ko‘proq amaliyotga yo‘naltiradi. Mana shu hamfikrlik yaxshi darslikning yaratilishiga xizmat qiladi.

– Xalq ta'limi vazirligini maktablarda ona tili fani soatlarining ko‘pligi tashvishga solayotgan ekan, lekin nega 30 yildan beri muammo bo‘lib kelayotgan alifbo masalasida biror marta gapirmaysizlar? Axir bu bilan ham millionlab yoshlar ikki harfli, qo‘pol qilib aytganda, savod masalasida bilimsiz qilinyapti-ku. Nega bu masalada vazirlik jim?

– Bugun Xalq ta'limi vazirligida juda katta o‘zgarishlar bormoqda. Vazirlik va uning bo‘ysunuvidagi tashkilotlar birinchilardan bo‘lib hujjatlarni lotin yozuvida olib boradigan davlat muassasalaridan biriga aylandi. Til va yozuv umummilliy ahamiyatga ega masala hisoblanadi. Birgina vazirlik doirasida buni hal qilishning imkoni yo‘q. To‘g‘ri, biz o‘zimizning qat'iy pozitsiyamizga ega bo‘lishimiz kerak. Ehtimol, yaqin fursat ichida shunday bo‘ladi. Chunki biz yetishtirib chiqarayotgan kadrlar mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Safimizga bugun qo‘shilayotgan xodimlar lotin yozuvini, yoshi katta xodimlar esa kirill yozuvini ma'qul ko‘rishadi. Shu nuqtada ikki avlod o‘rtasida to‘siq yuzaga kelgandek ham tuyuladi.

Menimcha, umummilliy ahamiyatga ega bo‘lgan har qanday islohot to‘la amalga oshishi uchun baribir ham avlodlar almashinuviga ehtiyoj sezamiz.

Ilyos Safarov suhbatlashdi

Mavzuga oid