Jamiyat | 16:18 / 17.07.2020
25772
13 daqiqa o‘qiladi

Farzandning haqi, otalik majburiyati - alimentning huquqiy va diniy asoslari haqida

Ota-ona o‘zaro kelisha olmadi. Oila birgalikda yashashni to‘xtatdi. Farzandlar esa onasi yoki bobo-buvisi bilan yoxud otasi bilan yashashni davom ettiradi. Ajrimdan so‘ng ota va ona o‘z yo‘lini topib ketar, ammo har qanaqasiga bolalarga oson bo‘lmaydi.

Foto: Getty Images

Mana shunday vaziyatda bola huquqlarini himoya qilish va uning moddiy ta'minoti uchun davlat tomonidan aliment undirib beriladi. Aliment bu – ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga, shuningdek, voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta'minot berish majburiyati hisoblanadi.

Biz ayni mavzuning huquqiy va diniy tomonlari yuzasidan to‘liqroq ma'lumot olish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Ashurov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekovga murojaat qildik.

Dastlab alimentga oid qonunchilik talablariga to‘xtalib o‘tsak.

MIBning har to‘rtta undiruvidan bittasi – aliment

Aliment to‘lovlari avvalo bolalarning ta'limi, sifatli ovqatlanishi, ruhan sog‘lom va barkamol ulg‘ayishiga xizmat qiladi, deydi MIB bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Ashurov.

Ulug‘bek Ashurov

U bergan ma'lumotga ko‘ra, joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, Majburiy ijro byurosida ish yurituvidagi 992 mingdan ortiq ijro hujjatlarining 245 mingdan ortig‘ini (24 foizi) aliment to‘lovlariga oid ishlar tashkil qiladi. 2019 yilda esa 224 ming ijro ishi alimentga doir bo‘lgan.

MIBga 1 iyulgacha kelib tushgan 58 500ga yaqin murojaatning 39 mingdan ortig‘i, ya'ni 66 foizi ham alimentga oid murojaatlar hisoblanadi.

126 710ga yaqin aliment qarzdorlari to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan bo‘lsa, 58 190ga yaqinining ijro hujjati bo‘yicha aliment pullari davlat ijrochilari tomonidan qarzdorlarga majburiy ijro etish choralarini qo‘llash orqali undirib kelinmoqda.

Demak, 58 190ga yaqin aliment to‘lovchi aliment pulini o‘z xohishi bilan to‘lamaydi.

Ota o‘z daromadini yashirsa

Aliment to‘lovchi o‘z daromadini yashirishi holatlari talaygina. Bunda agar qarzdor ota ish haqini kamaytirib ko‘rsatgan bo‘lsa, MIB xodimlari ish haqi ko‘rsatilgan hujjatga qarab ish tutishga majbur, biroq ish haqi aliment puliga yetmasa, unda qarzdor otaning mol-mulkiga qaratiladi. Va aliment puli otaning mol-mulkiga qarab undiriladi.

Yarashtirishga ham harakat qilinadi

«Oilaviy munosabatlarni tiklash, farzandlar uchun aliment to‘lash, aliment undiruvidagi qarzdorlik masalalarini hal etishda davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligi yaxshi samara beradi.

Byuro organlari ijrochilari tomonidan aliment to‘lovlari bo‘yicha qarzdor va undiruvchilar bilan o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlari natijasida 1 iyulga qadar 1463ta ijro hujjati yuzasidan taraflar o‘zaro yarashtirishga erishilgan. 2019 yilda esa 12 912ta oila yarashtirilgan», – deya ma'lum qildi Ulug‘bek Ashurov.

Karantin cheklovlarining aliment to‘lovlariga ta'siri?

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov pandemiya boshlangach, qator korxonalar faoliyati to‘xtatilishi tufayli ishsizlar soni qariyb 2 millionga yaqinlashganini ma'lum qilgan edi. Bu aliment oluvchi bolalarning moddiy ta'minotiga ham ta'sir qilishi aniq.

«Bunday vaziyatda agar qarzdorning imkoniyati bo‘lmasa, aliment puli karantin vaqtida farzand uchun nechog‘lik muhimligini tushuntirib, mas'uliyatini oshirish yo‘llarini ko‘ramiz, shunaqa tadbirlar davomida ba'zida bobo-buvilar ham nevarasi uchun aliment pulini to‘lashga yordam bergan holatlar ham bo‘lgan», – deydi Ulug‘bek Ashurov.

Alimentni oldindan to‘lab qo‘yish ham mumkin

Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta'minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizomda alimentlarni oldindan to‘lash yoki aliment to‘lash majburiyatini ta'minlashda garov taqdim etish asoslari belgilangan.

«Qarzdor otalar farzandlari uchun ular voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr 5 yildan kam bo‘lmagan muddatga alimentlarni oldindan to‘lashi mumkin. Alimentlarni oldindan to‘lash vaqtida agar bolalar voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr 5 yildan kam bo‘lsa, alimentlarni oldindan to‘lash qolgan davr uchun amalga oshiriladi», – deydi Ashurov.

Aliment to‘lamagan shaxs javobgar bo‘ladi

Aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaydigan qarzdorlarni javobgarlikka tortish belgilab qo‘yilgan.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-4-moddasiga ko‘ra, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta'minlashdan bo‘yin tovlash, ya'ni ularni moddiy jihatdan ta'minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib 2 oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik 15 muddatga ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi mumkin yoki ma'muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga BHMning 20 baravari miqdorida jarima solinishi mumkin.

Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish jarayonida aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda to‘lagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi. Qarzdorlarga nisbatan ma'muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng ham aliment to‘lash majburiyati bajarilmasa, bu ularni jinoiy javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.

Jinoyat kodeksining 122-moddasiga asosan, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta'minlashdan bo‘yin tovlash, ya'ni ularni moddiy jihatdan ta'minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib 2 oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik, shunday qilmish uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Islomda bolaning ota-onadagi haqi haqida

Bolaning ota-onasi tomonidan ta'minlanishi qonunchilik bilan belgilab qo‘yilganidek, Islomda ham bolaning ota-onadagi haqi aniq ko‘rsatilgan.

Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ma'lumot berdi.

4RL4jAYSyP-CzFaA_Z58i863i6CZXJsN.jpg (1594×891)
Homidjon Ishmatbekov

— Islom dini bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va ularning barcha haq-huquqlariga rioya qilishga chaqiradi. Farzandga bo‘lgan bu e'tibor nafaqat u dunyoga kelgandan keyin, balki tug‘ilmasidan oldin boshlab yuboriladi va bu e'tibor farzand hayotining barcha davrlarini o‘z ichiga oladi. Bu haqlarni ado etish vojib bo‘lib, unga amal qilish majburiy hisoblanadi.

Ulamolarimiz aytadilarki, bolalarning huquqlari ikki qismga bo‘linadi: bola tug‘ilishidan oldingi va bola tug‘ilganidan keyingi haqlari.

Bola tug‘ilishidan avvalgi haqlar

1. Nasab. Ota-onasining nikohlanishi ortidan dunyoga kelishi. Nikohning asl maqsadlaridan biri ham nasl-nasabni saqlashdir. Busiz oila ham, jamiyat ham bo‘lmaydi. Farzandning ota-onasi nikohdan o‘tgan, halol-pok yashagandagina nasabi aniq va pok bo‘ladi.

2. Bo‘lajak farzandga munosib ona va ota tanlash. Oila qurishda ota-onaning dindorligiga, axloqiga, odobiga, insoniyligiga alohida e'tibor berish lozim. Chunki ota-onadagi xislat va fazilatlar, yomon odatlar bolaga ham o‘tadi.

Bola tug‘ilganidan keyingi haqlar

– emizish;

– munosib ism tanlash;

– nafaqa. Bolalarni oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joy bilan ta'minlash – otaning burchi. Bu narsalar halol-pok bo‘lishi shart.

– ta'lim-tarbiya berish;

– bolaga mehr ko‘rsatish;

– bolalar orasida adolat qilish.

Farzand nafaqasi – ota zimmasida

Hozirgi kunda ko‘p uchraydigan holatlardan biri shuki, erlar xotiniga achchiq qilib bolalaridan yuz o‘giryapti, ularning holidan xabar olmay nafaqasiz qoldirmoqda. Vaholanki, shariat o‘g‘il bolalar voyaga yetgunicha, qiz bolalar va nogiron farzandlar esa balog‘atga yetganda ham ularning nafaqasini otaning zimmasiga vojib qilgan.

Alloh taolo Baqara surasining 233-oyatini «U(ona)larni yaxshilab yedirib, kiyintirish otaning zimmasida», – deya nozil qilgan.

Bu oyati karima oilada taloq sodir bo‘lib er-xotin ajrashib ketgan holatda o‘rtada qolgan bolalarning, xususan, emizikli bolalarning taqdiri nima bo‘lishi, ularning nafaqasi kimning zimmasida bo‘lishi haqida nozil bo‘lgan.

Bolani emizgani sabab onaning nafaqasi bolaning otasi zimmasiga yuklatilganidan keyin, bolaning o‘ziga nafaqa berish ham otaning zimmasida ekaniga hech shubha yo‘q. Bolaning nafaqasi otaning zimmasida ekani haqida Fatovoi Hindiya kitobida: «Balog‘atga yetmagan bolalarning nafaqasi otasining zimmasida, unga hech kim bu ishda sherik bo‘lmaydi (ya'ni, o‘rnini bosmaydi)», – deya yozilgan.

Ota farzandlari xoh o‘zining qaramog‘ida bo‘lsin, xoh boshqa joyda bo‘lsin, ularni oziq-ovqat, kiyim-kechak, ta'lim-tarbiya, davolanish va boshpanaga bo‘lgan ehtiyojini o‘zining imkoniyatiga qarab ta'minlashi kerakligi ularning zimmasidagi vojib bo‘lgan burchidir.

Hozirgi kunda tegishli organlar tomonidan belgilanayotgan nafaqalar (aliment)dan ota bosh tortishi joiz emas, balki bolasini moddiy va ma'naviy jihatdan ta'minlash uning burchidir. Ahli ayol va bolalarni nafaqa bilan ta'minlash Alloh uchun qilinsa, savobi ulug‘ ishlardan hisoblanadi.

Farzand ta'minotiga og‘ringan otalar haqida

Ota zimmasiga shariat tomonidan yuklangan vazifasini imkoni bo‘la turib bajarmasdan kamchilikka yo‘l qo‘ysa, ya'ni bolalarini nafaqasiz och-nahor qoldirsa, bolalarga nisbatan zulm qilgan bo‘lib, qattiq gunohkor bo‘ladi. Abdulloh ibn Amir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: «Kishining o‘z qaramog‘idagilarni taom bermay zoye qilmog‘ligi gunohkor bo‘lishiga kifoya qiladi», deganlar.

Ya'ni, kishi zimmasida ularga nafaqa berishi lozim bo‘lgan insonlarga: xotiniga, bolalariga va muhtoj bo‘lgan ota-onasiga nafaqasini bermay ularni och-nahor holatda halokatga tashlab qo‘yilishi, gunohkor bo‘lishiga yetarlidir.

Fiqhiy kitoblarimizda bunday kishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ymasdan ularni jazoga tortish haqida hukmlar kelgan. Xususan, Fatovoi Hindiya kitobida shunday deyilgan: Agar ota kasb qilib bolalariga nafaqa qilishdan bosh torsa, kasb qilishga, nafaqa qilishga majburlanadi, shundan ham bosh torsa hibsga olinadi. Agar ota kasb qilishga qodir bo‘lmasa, qozi uning zimmasiga nafaqani yuklaydi, ota nafaqa topguncha onaga erining nomidan nafaqa uchun qarz olib turishga ruxsat beradi. Ota pul topib ana shu qarzlarni uzadi.

Huddi shuningdek, ota bolalarining nafaqasiga yetadigan moli bo‘la turib bolalarining nafaqasini bermayotgan bo‘lsa, qozi otaning zimmasiga nafaqani yuklaydi, ona ota nafaqa bermagani uchun yonidan bolalariga sarflagan nafaqasini otadan undirib oladi. Xuddi shuningdek, qozi otaning zimmasiga nafaqani yuklaganidan so‘ng ham ota bolalarini nafaqasiz tashlab qo‘ygan bo‘lsa, ona qozining buyrug‘i bilan otaning nomidan qarz olgan bo‘lsa, bu qarzlarni ham ota to‘laydi.

Umuman olganda, ota tirik ekan, bolalarini balog‘atga yetgunicha ozuqasiz, ust-boshsiz, dori-darmonsiz va boshpanasiz tashlab qo‘yishga shariatimiz ruxsat bermaydi.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid