O‘zbekiston | 14:25 / 19.07.2020
96266
2 daqiqa o‘qiladi

SSV murdalar qalashib yotgan shifoxona videosi bo‘yicha izoh berdi

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda shifoxona o‘likxonasi tasvirlangan videolavha tarqaldi. Unda murdalarni vaqtincha saqlash xonasi (eshikda shunday ruscha yozuv bor) va yo‘lakda qora plyonkalarga o‘ralgan, polga yotqizib qo‘yilgan 20-25 chog‘li murdani ko‘rish mumkin. Ularning ayrimlari plyonkaga o‘ralmagan, alohida xonaga kiritilmagan ham.

Mazkur videolavha ortidan alohida ovozli xabar ham tarqalgan va unda erkak kishi “Jukovskiy shifoxonasida juda ko‘pchilik COVID-19'dan o‘lyapti. Mana, hozir qaynonamning ham joni uzildi. Olib chiqyapmiz. Ehtiyot bo‘linglar”, – deydi.

Kun.uz muxbiri bu holat bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev bilan bog‘landi va quyidagi izohni oldi:

– Videolavhadagi holat O‘zbekistonda yuz bermagan, ayrim ma'lumotlarga ko‘ra qo‘shni davlatlardan biridagi tasvir bu. 

O‘zbekistonning biror shifoxonasida, jumladan yuqorida tilga olingan tibbiy markazda bunday joy yo‘q va murdalar bunaqa tarzda saqlanmaydi. 

Eslatib o‘taman, yolg‘on ma'lumot tarqatib, vahima uyg‘otganlik uchun jazo belgilangan va bu masalaga hozir juda jiddiy qaralmoqda. Har xil asossiz xabarlarga ishonmang va o‘zingizni asrang, – dedi F. Sanayev.

Mavzuga oid