Jahon | 22:37 / 20.07.2020
23803
5 daqiqa o‘qiladi

COVID-19’ning oltita shakli aniqlandi, ularning uchtasi nisbatan yengil

Londondagi Qirollik kolleji tadqiqotchilari  koronavirusga chalinishning  oltita asosiy shaklini aniqladilar,ular belgilari va og‘irligi jihatidan bir-biridan farq qiladi. Bu shakllarning uchtasi nisbatan yengil va ularda juda kamdan-kam hollarda nafas yetishmovchiligi kuzatiladi. Lekin oltinchi turi haqida bunday deb bo‘lmaydi - o‘limlarning asosiy qismi mana shu shaklda yuz beradi.

Olimlar AQSh va Buyuk Britaniyadagi klinikalarda 1600 bemorda kuzatilgan alomatlar haqidagi ma'lumotlarni tahlil qilishdi. Ular kasallanishning dastlabki va keyingi kunlaridagi klinik ko‘rinishlarini sinchiklab taqqoslash orqali ayrim qonuniyatlarni yaratdilar. Ularga ko‘ra, kasallikning dastlabki bosqichidagi ba'zi belgilarga qarab kasallik qanchalik og‘ir kechishini, bemorda nafas qisishi (sun'iy nafas uskunasiga ehtiyoj) qay darajada bo‘lishini aniqlasa bo‘ladi. Sky News telekanaliga ko‘ra, COVID-19’ning 6 shaklidan qay biri yuz berishini kasallikning dastlabki kunlarida aytish mumkin.

Olimlar dastlabki uchta shaklni shartli ravishda nisbatan yengil deya ta'riflashdi, chunki aynan shu shakllar kuzatilgan bemorlarning 1,5 foizdan 4,4 foizgacha qismida nafas yetishmovchiligi kuzatilgan. COVID-19’ning birinchi va ikkinchi shakllarida grippga xos belgilarni ko‘rish mumkin: bosh og‘rig‘i, hidning yo‘qolishi, mushaklar og‘rig‘i, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i, hansirash, ko‘krak og‘rig‘i, ishtahaning yo‘qolishi. Birinchi shakl ikkinchisidan faqat bir jihatdan – harorat ko‘tarilishi bilan (ikkinchi shaklda) farq qiladi. Birinchi shaklda faqat 1,5 foiz, ikkinchi shaklda esa 4,4 foiz hollarda nafas yetishmovchiligi yuz bergan.

Uchinchi shaklning belgilari: bosh og‘rig‘i, hid sezish yo‘qolishi, ishtaha yo‘qolishi, diareya, ko‘krak qafasidagi og‘riq, quruq yo‘tal, ba'zida isitma. Dastlabki ikki shakldan uchinchi shaklning asosiy farqi diareya hisoblanadi. Bu shaklda nafas yetishmovchiligi 3,3 foiz hollarda yuz beradi.

Keyingi  shakllar esa olimlar tomonidan og‘ir deb belgilangan. To‘rtinchi shakl belgilari: bosh og‘rig‘i, hid sezmaslik, yo‘tal, isitma, hansirash, ko‘krak qafasida og‘riq, holsizlik va charchoq. Kasallikning bu shaklida asosiy belgi doimiy holsizlik, charchoq hissi deb hisoblanadi. Bu shaklda nafas yetishmovchiligi nisbatan keskin ortadi —  bemorlarning 8,6 foiziga o‘pka faoliyatini yaxshilash uchun maxsus tibbiy yordam talab qilinadi.

Beshinchi shakl belgilari: bosh og‘rig‘i, hid sezmaslik, ishtaha yo‘qolishi, yo‘tal, isitma, hansirash, tomoq og‘rig‘i, ko‘krak qafasida og‘riq, charchoq, behalovatlik, mushaklar og‘rig‘i. Bu shaklda behalovatlik va doimiy charchoq qo‘shiladi. Agar bu belgilar kasallikning dastlabki kunlarida kuzatilsa, o‘pka faoliyatini yaxshilashga bo‘lgan ehtiyoj  9,9 foizga oshadi.

Nihoyat, kasallikning oltinchi, eng og‘ir shakli uchun kasallikning birinchi kunlarida quyidagi belgilar xos: bosh og‘rig‘i, hid sezmaslik, ishtaha yo‘qolishi, yo‘tal, isitma, hansirash, tomoq og‘rig‘i, ko‘krak qafasida og‘riq, charchoq, behalovatlik, mushaklar og‘rig‘i, nafas yetishmasligi, diareya, qorin og‘rig‘i. Sun'iy nafasga bo‘lgan ehtiyoj boshqa shakllarga nisbatan endi 19.8 foizga oshadi.

"Bizning tadqiqotlarimiz COVID-19’ga moyil bo‘lgan bemorlarni kuzatish va ularga tibbiy yordam ko‘rsatishda katta ahamiyatga ega. Agar birinchi besh kun ichida ushbu 6 shaklning qay biri yuz berishi aniqlansa, bemorga shuncha tez yordam berish mumkin. Qondagi kislorod va qand miqdorini kuzatib, suyuqlik yo‘qotishning oldi olinib, vaqtida harakat qilish kerak bo‘ladi. Natijada bemorni kasalxonaga yotqizmasdan  uyda davolab, uning hayotini saqlab qolish oson bo‘ladi", - deydi tadqiqot muallifi doktor Kler Stivens.

Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, agar bemorning  yoshi katta va sog‘lig‘ida muammolar, ortiqcha vazn va oldindan surunkali kasalliklari (diabet va nafas olish bilan bog‘liq kasalliklar) bo‘lsa COVID-19’ning bundan-da og‘ir shakllari ro‘y beradi.

Mavzuga oid