O‘zbekiston | 19:01 / 22.07.2020
30848
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda ham viloyat SEOM mansabdorlari budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlandi

O‘zbekistonda inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘lari talon-toroj qilingan viloyat SEO markazlari soni beshtaga yetdi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyat boshqarmasi viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi faoliyati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Ma'lum qilinishicha, viloyat SEOM mansabdor shaxslari «T.D.F» MChJ bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, 326,4 mln so‘m bo‘lgan «gipoxlorid kalsiy 65%» dezinfeksiyalovchi vositasini 485,7 mln so‘mga, ya'ni o‘rtacha bozor narxidan 159,3 mln so‘mga qimmat narxda sotib olib, juda ko‘p miqdordagi budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda ayblanmoqda

Holat yuzasidan markaz mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va 205-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bu SEO markazlarga ajratilgan pullarning talon-toroj qilinishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. Avvalroq Qashqadaryo viloyat SEOMda 917,8 million so‘m, Namangan viloyat SEOMda 248,9 mln so‘m, Navoiy viloyat SEOMda 222,3 mln so‘m, Buxoro viloyat SEOMda 204,6 mln so‘m mablag‘ talon-toroj bo‘lgani aniqlangan edi.

Bu holatlarning barchasi dezinfeksiya vositalarini bozor narxidan qimmat narxlarda xarid qilish bilan bog‘liq.

Mavzuga oid