Jamiyat | 09:58 / 22.07.2020
5642
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida hovlining ichidan avtomashinani olib qochib, oynalarini sindirib tashlagan shaxs ushlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Tergov departamenti

2020 yilning 13 iyul kunidan 14 iyul kuniga o‘tar kechasi soat 01:30da 28 yoshli A.G. Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani Beshkent MFYda yashovchi 33 yoshli A.K.ning uyi hovlisiga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, u hovlida turgan “VAZ 2106” rusumli avtomashinasini hech kimdan so‘ramasdan o‘t oldirib, ko‘chaga olib chiqib Ko‘ksaroy mahallasi tomonga harakatlanib ketayotganida, avtomashina texnik jihatdan nosoz bo‘lib buzilib qolganligi sababli yo‘l chetida qoldirib, avtomashinaning chap old eshigi hamda chap eshigidagi oynasini sindirib hodisa joyidan yashiringan.

Holat yuzasidan Quyi Chirchiq tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha A.G. ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Mavzuga oid