Jahon | 21:54 / 23.07.2020
9647
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Hyustondagi konsullikni yopish uchun Xitoyga 72 soat vaqt berdi

Foto: Reuters

AQSh Hyustondagi konsullikni yopish uchun Xitoyga 72 soat vaqt bergan. Aks holda prezident Tramp Xitoy foydasiga josuslik qilishda ayblanayotgan konsullikka qarshi qo‘shimcha choralar qo‘llanilishi mumkinligini bildirgan.

«AQShning intellektual mulki va mahfiy ma'lumotlarini himoya qilish uchun Xitoyning Hyustondagi bosh konsulligini yopish to‘g‘risida buyruq berildi», dedi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Morgan Ortagus chorshanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Ushbu matbuot anjumanida qatnashgan Donald Tramp Xitoyning nafaqat Hyustondagi, balki AQShdagi boshqa vakolatxonalarini yopish ham «qiyin ish emasligini» ta'kidlagan: «Biz Hyustondagi konsullikni yopishga qaror qilganimizda u yerda yong‘in sodir bo‘layotgan edi. Aftidan ular muhim hujjatlarni yoki qog‘ozlarni yoqishdi va menga u yerda nima bo‘lganini bilish qiziq», degan Tramp.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili ma'lum qilishicha, Hyustondagi konsullik odatdagidek ishlayapti. Shuningdek, konsullik tahdidli xabarlar olgan: «Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi AQSh hukumati tomonidan ilgari surilayotgan tuhmat va nafrat ayblovlari tufayli portlatib yuborilish va o‘lim tahdidi yozilgan xabar olgan. AQSh Xitoyning Hyustondagi konsulligini yopish haqidagi qarorini bekor qilishi kerak. Aks holda Xitoy bunga qarshi munosib javob beradi», deb yozgan Xitoy TIV vakili Xua Chunin tvitterdagi sahifasida.

Mavzuga oid