O‘zbekiston | 23:36 / 23.07.2020
41558
8 daqiqa o‘qiladi

«Cheklovlarsiz vaziyat izdan chiqib ketgan bo‘lardi» – Nurmat Otabekov karantin o‘z natijasini berayotgani haqida gapirdi

10 iyuldan boshlab O‘zbekistonda yana qattiq karantin rejimi joriy qilindi. Xo‘sh, bu ko‘zlangan natijani berdimi? Cheklovlar muddati uzaytirilishidan qanday maqsad ko‘zlangan? Kun.uz muxbiri shu va boshqa savollarga javob olish uchun prezident tomonidan «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan mutaxassis, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov bilan suhbatlashdi.

– Nurmat Satiniyazovich, 10 iyulda boshlangan karantin cheklovlaridan qanday maqsad ko‘zlangandi va ularga erishildimi? Ya'ni 20 kunlik bu cheklovlarning samarasi qanday bo‘ldi?

– Ko‘pchilikni raqamlar qiziqtiradi, ammo afsuski virusning tarqalishi bo‘yicha turli taxminlar qilish va barchasida adashish mumkin. Agar bu cheklovlardan oldingi davr bilan solishtiradigan bo‘lsak, umumiy qayd qilingan bemorlar soni 10 ming nafar atrofida bo‘lgani holda har kunlik virusga chalinish ko‘rsatkichi 500 nafardan oshib, 600 nafarga yaqinlashib qolgan edi. Mana, hozir jami bemorlar soni 19 mingga yaqinlashyapti, bir kunda qayd etilgan yangi holatlar soni esa 500dan kam bo‘ldi.

Biz virusning kamida bir yashirin davricha muddatda qattiq karantin choralarini qo‘lladik, ayniqsa shanba-yakshanba kunlari bu masalaga nihoyatda jiddiy qaraldi. Bu o‘z natijasini berdi. Albatta, yuqorida aytganimday taxminlar qilish durust emas, ammo real va minimal hisob-kitoblarga ko‘ra ham agar bu choralarni ko‘rmaganimizda, kuniga o‘rtacha 700ta, balki 1000ta yangi holatlar qayd etilayotgan bo‘lardi. Kasallik keskin ko‘paya boshlagan paytda ana shu sur'atni ushlab qolganimizning o‘zi natija.

Karantin muddatining oxirlaridan bu cheklovlarning ijobiy natijalari ko‘rina boshlaydi.

– Prezident bu cheklovlar muddatini uzaytirish taklifini ma'qulladi. Bu taklif tarafdorlari orasida siz ham bormisiz?

– Nafaqat men, balki sohaning ko‘plab yetakchi mutaxassislari shunday qilish tarafdori edik va Respublika maxsus komissiyasining amaldagi karantin cheklovlarini uzaytirish taklifi davlat rahbari tomonidan ma'qullandi. Nima deyilganda ham, tibbiyot tizimi uzluksiz tanqidlar ostida qolganda ham bir gapni aytishim kerak – biz virusni aynan ana shu karantin choralari tufayli nazoratda ushlab turibmiz, epidemiologik jarayonni jilovlab olganmiz. Cheklovlarni qo‘llamaganimizda, vaziyat chindan izdan chiqardi. Buni aniqlash oson, qo‘shni davlatlar bilan ham, aholisi biz bilan teng davlatlar bilan ham solishtirish kifoya. Tasavvur qilaylik, o‘sha davlatlar singari bizda ham kuniga bir necha minglab bemorlar qayd etilganida nima bo‘lardi?

Shu bois, karantin choralari o‘zini oqlayotganiga, uni uzaytirishga katta zarurat borligiga shubha yo‘q. Buning yana bir sababi, biror davlat, biror tashkilot bu kasallikni jilovlab olish, tugal davolab yuborish bo‘yicha maqtana olmaydi. Hatto Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham bu kasallik qarshi «mana bu eshikdan kirasan, mana bunisidan chiqasan» degan mazmundagi qat'iy qo‘llanma taqdim qila olmadi.

O‘zbekiston o‘z tajriba va uslublaridan kelib chiqib, o‘zining taktikasini tanlab olyapti. Ya'ni o‘zi isbotlagan tajribani o‘zi yana tatbiq etdi. Odamlarning to‘planishlarini cheklash, tibbiy niqoblar majburiyligi bo‘yicha talablar kabi cheklovlarda qat'iy turilgani o‘z samarasini berdi.

Albatta, xorij tajribasi ham muntazam kuzatib kelinyapti, kasallikka qarshi har qanday samarali usul bo‘yicha ma'lumot darhol o‘rganilmoqda va lozim bo‘lsa, qo‘llab ko‘rilmoqda. Chunki bu o‘z nomi bilan pandemiya.

Bu safargi karantin cheklovlari davrida iqtisodiyotning muhim tarmoqlari ishlashiga ruxsat berilgan. Mana shu tartibda olib borish, ya'ni iqtisodni ham saqlab turish, karantinni ham susaytirmaslik albatta yaxshi samara beradi.

– Nurmat aka, o‘rni kelganda bir savol – sizning ancha muddat muqaddam «Barcha bemorlarni shifoxonaga olishga, davolashga qurbimiz yetadi» degan mazmundagi gaplaringiz yozilgan qisqa videolavha shu kunlarda juda tarqalib ketdi. O‘zingiz bu lavha ostidagi e'tirozlarni kuzatdingizmi?

– Menda unaqa izohlarni kuzatib o‘tirishga vaqt ham, xohish ham yo‘q. Axborot asrida yashayapmiz, har qanday gapni turlicha talqin qilish mumkin. Lekin aqli bor odam bu gaplar qayerda, qanday vaziyatda aytilganini mushohada qiladi va shundan keyingina xulosa chiqaradi. Mening bu gaplarim aytilganiga pandemiya nuqtayi nazaridan juda ko‘p muddat bo‘ldi. U paytda bemorlar soni kam, har biri bilan individual shug‘ullanilayotgan edi.

Lekin bu «hozir endi tibbiyotimiz ilojsiz qoldi, bu gaplarim eskirib bo‘ldi» degani emas, aslo. Hozir ham tizim barcha choralarni ko‘ryapti, yuzaga kelgan muammolarning har biri darhol muhokama qilinyapti, yechimi ustida uzluksiz ishlanyapti. Agar kimdir dunyoni qamrab olgan pandemiya chog‘ida hammasi silliq ketadi, deb o‘ylagan bo‘lsa, adashadi. Gap hamjihatlikda, vahimaga tushmay shu muammolarni yechishda.

 – Nega turli manbalarda tibbiyot xodimlari koronavirus tashxisi, davolash va profilaktikasi bo‘yicha bir-biriga umuman qarama-qarshi fikrlarni yozishyapti. Aholining ham kimga ishonishni bilmay boshi qotgan. SSV rahbarligida hamma shifokorlar yagona bir to‘xtamga kelib olib, bir xil tavsiyalar bersa bo‘lmaydimi?

– Haqiqatdan ham falsafada plyuralizm – fikrlar va qarashlar xilma-xilligi tushunchasi bor. Bir soha vakillarining har xil fikrda bo‘lishi tabiiy hol, u o‘z yo‘lida bahs-munozaralarga sabab bo‘lib, natijada haqiqat qaror topadi. Biroq, ko‘pchilik birdaniga bitta savolning javobiga qiziqib qolishi, odamlarning e'tiborini qozona olmagan, mutaxassis sifatida o‘zini namoyon qilolmagan, sohada o‘rnini topolmay hayotdan, jamiyatdan arazlab yurgan tibbiyot xodimlarini ham beixtiyor mardlar maydoniga olib chiqib qo‘ydi.

Men sog‘lom raqobat, sog‘lom bahs-munozara tarafdoriman, uni qo‘llab-quvvatlayman. Biroq o‘zini oq qilib ko‘rsatish uchun, boshqani qora deyishlarini aslo xohlamasdim. Kuzatib boryapman, ba'zi tibbiyot xodimlari qaysidir toifadagi bemorlarga nimalarnidir tavsiya etsa, darhol ikkinchi bir shifokor paydo bo‘lib, ushbu tavsiyalarning noto‘g‘riligi, foyda bermasligi, hatto zarari borligini bildira boshlaydi. Shu o‘rinda, bu kabi ma'lumotlarni o‘qib mushohada qilayotgan oddiy odamlarni ahvolini ko‘z oldimga keltirib ko‘ryapman. Natijada odamlar, ozgina noto‘g‘ri o‘xshatish bo‘lsa ham aytaman, «Yostiqni qayerga qo‘yish kerakligi»ni bilmay qolishyapti.

Nazarimda, tibbiyot xodimlari bir-birlarini to‘ldirishni, qo‘shimcha tavsiyalar berishni, lozim bo‘lganida qaysidir shifokor nimanidir bilib-bilmay noto‘g‘ri tavsiya qilgan bo‘lsa, ushbu vaziyatdan shifokorni va uning tavsiyalariga ishongan fuqaroni sekingina olib chiqib ketishni o‘rganishi kerak.

Har bir davrning o‘z qahramonlari bo‘ladi, bugunning qahramonlari esa tibbiyot xodimlari ekanligi xalqimiz tomonidan e'tirof etilyapti. Vaqt oliy hakam, kunlar kelib hamma narsa joy-joyiga tushib ketadi. Shu paytda, hozir o‘zlariga yuqori baho berib yuborganlar yana o‘z o‘rinlariga tushishadi.

Abror Zohidov suhbatlashdi

Mavzuga oid