O‘zbekiston | 19:57 / 24.07.2020
163518
2 daqiqa o‘qiladi

Qurbon hayiti sanasi rasman e'lon qilindi

O‘zbekistonda 31 iyul kuni Qurbon hayiti bayrami nishonlanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qurbon hayitini nishonlash bo‘yicha qarori qabul qilindi. Bayram tadbirlari karantin qoidalariga qat'iy rioya etgan holda o‘tkaziladi.

«Muborak Qurbon hayiti mohiyatida mujassam bo‘lgan xayru saxovat, mehr-oqibat, insonparvarlik singari azaliy an'ana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda keng targ‘ib etish, xalqimizning ezgu niyat va orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2020 yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 31 iyul – juma kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib, mamlakatimizda 2020 yil 31 iyul Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin», deyiladi hujjat matnida.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Qurbon hayitining karantin talablariga rioya qilgan holda, xalqimizning milliy va diniy an'analariga mos ravishda o‘tishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘rsatma qilingan.

Mavzuga oid