O‘zbekiston | 02:40 / 25.07.2020
77669
5 daqiqa o‘qiladi

Ekspertlar COVID-19'ni yengil shaklda kechirayotgan bemorlar uchun eng zarur tavsiyalarni sanab o‘tdi

«Tez yordam» televizion dasturida shifokorlar tomonidan COVID-19`ga chalingan bemorlarda kasallik yengil shakldan og‘ir shaklga o‘tishining oldini olish borasida tavsiyalar berildi.

19 iyuldan boshlab jonli efirga uzatib kelinayotgan «Tez yordam» loyihasi mualliflaridan biri, dastur boshlovchisi Komil Allamjonov ko‘rsatuvga taklif etilgan mutaxassislar ko‘magida koronavirusning yengil shaklini boshdan kechirayotgan bemorlar uchun umumiy tavsiyalar ro‘yxatini tuzib chiqdi.

Unga ko‘ra, quyidagi toifa kishilar o‘zlarida koronavirus alomatlarini sezsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilishlari va o‘z salomatlariga jiddiy e'tibor berishlari lozim:

  • qandli diabeti bor kishilar;
  • autoimmun kasalliklarga chalingan bemorlar;
  • yurak-qon tomir xastaligi bor kishilar;
  • yoshi 55-60dan oshgan insonlar;
  • metabolik sindromga ega insonlar.

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, kasallikning yengil va o‘rta og‘ir shakllarida nafas qisishi kuzatilmaydi, simptomlar faqat isitma, holsizlik, tomoq va mushaklar og‘rig‘i, hid va ta'm sezgisining yo‘qolishi bilan cheklanadi. Bunday holatda yuqorida sanab o‘tilgan xavf guruhiga kirmaydigan bemorlar uyda davolanishlari mumkin.

Ular quyidagi tavsiyalarga amal qilishlari maqsadga muvofiq:

  • Ko‘p suyuqlik iste'mol qilish (kuniga 3 litr);
  • D va C vitaminlari, mikroelementlardan esa rux (sink) qabul qilish;
  • harorat 38dan yuqori bo‘lganda isitma tushiruvchi dori (paratsetamol) ichish;
  • simptomatik choralar: tomoqni chayish, burun bitganda foyda beruvchi vositalar.

Mutaxassislarning aytishicha, kasallikni yengil va o‘rta og‘ir shaklda boshdan kechirayotgan va xavf guruhidan tashqaridagi bemorlar uy sharoitida turli dori-darmonlardan «kapelnitsa» olish va kuchli ta'sirga ega dorilar (antibiotiklar, immunomodulyatorlar va h.k.) qabul qilishdan o‘zlarini tiyishlari lozim.

«Uy sharoitida hech qanaqa «kapelnitsa» qilinmasligi kerak», – ta'kidladi immunolog-infeksionist Aziza Xo‘jayeva.

«Qo‘shimcha qilishni xohlardimki, yerqalampir (xren) damlamasi, sarimsoq piyoz kabi foydali mahsulotlarni ham me'yorida iste'mol qilish lozim. Ularning ortiqchasi oshqozon-ichak muammolariga olib kelishi, bu esa bemor ahvolini og‘irlashtirishi mumkin», – dedi Virusologiya instituti ilmiy xodimi Ra'no Qosimova.

Qayd etilishicha, yuqoridagi tavsiyalarga amal qilingan holda koronavirus bemorlarining asosiy qismi – xavf guruhiga kirmaydigan va nisbatan sog‘lom holda COVID-19`ni yuqtirib olgan bemorlar katta ehtimol bilan bir necha kunda kasallikni yengib o‘tishadi.

Ammo mazkur toifa bemorlar kuchli ta'sirga ega ortiqcha dorilarni shifokor tavsiyasisiz qabul qilsa, bu aksincha ularning ahvoli og‘irlashishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Dastur boshlovchisi, avvalroq koronavirusni yuqtirib olib uy sharoitida davolangan Komil Allamjonov yuqoridagi tavsiyalardan kelib chiqqan holda mamlakat tibbiyotidagi vaziyatga to‘xtaldi.

«Kasallikning birlamchi simptomlarini sezgan hamyurtlarimiz tez yordamga murojaat qilishyapti. Albatta, ularni ham tushunsa bo‘ladi. Ammo bunda tez yordamga yuklama haddan ortiq oshib ketadi, shifoxonalarda haqiqatan og‘ir ahvoldagilar uchun joylar muammosi yuzaga keladi. Axir koronavirusdan ko‘plab boshqa kasalliklar ham bor va boshqa kasalliklarga chalinganlar ham zarurat tug‘ilganda o‘z vaqtida shifoxonada davolanishi lozim.

Shuning uchun, COVID-19`ga chalingan bemorlarning asosiy qismi – kasallikni yengil va o‘rta og‘ir shaklda boshdan kechirayotganlar ehtiyotkorlik bilan uylarida davolanishsa, xastalikni og‘ir-bosiqlik bilan o‘tkazib olishsa, tez yordam xizmati va shifoxonalarga ham bosim ancha kamaygan bo‘lardi.

Ana shunda tez yordam og‘ir ahvoldagi bemorlar chaqiruviga o‘z vaqtida yetib borishi, shifoxonalarda esa yetarli joylar bo‘lishi, koronavirusdan boshqa kasallik bilan og‘riganlar ham tibbiy yordam olishi imkoniyati ortadi.

Kasallikni yengil shaklda o‘tkazayotganlar davolanishni noto‘g‘ri olib borishi, yuqorida aytib o‘tilgan xatolarga yo‘l qo‘yishi tibbiyot tizimiga yuklamani haddan ortiq oshirib yuboradi. Vaholanki, uyda to‘g‘ri davolansak, turli dorilarga ruju qo‘ymasak, o‘z immunitetimiz kasallikka qarshi kurashib, o‘rtacha 2 haftada sog‘ayishimiz ehtimoli ancha baland.

Bizning vahimaga tushishimiz vaziyat yana ham og‘irlashishiga olib keladi va oqibatda ertaga boshqa kasalliklarga chalinganlar shifoxonaga bora olmay, tibbiy yordam ola olmay qolishi mumkin», – deya xulosa qildi Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov.

Mavzuga oid