O‘zbekiston | 14:51 / 26.07.2020
90852
4 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya O‘zbekistonda: quloch yoygan 10 muammo

Bugun koronavirusga qarshi kurashish tizimi boshdan oyoq muammolarga o‘ralashib qolganday tasavvur uyg‘onadi. Chindan ham, sanab chiqilsa ular anchagina. Eng asosiylarini bir jumlada ifodalab, ro‘yxat qilib chiqdik.

1. Kadrlar yetishmovchiligi

Tibbiy xodimlarga bo‘lgan talab kun sayin oshib bormoqda. Katta rag‘batlantirishlar ham masalaning tugal yechimi bo‘la olmayapti. Kelayotganlardan ketayotganlar ko‘p va bu juda xavfli tendensiya.

2. Tez tibbiy yordam

Bu xizmat katta zo‘riqish bilan ishlayapti. Yuklama uch barobargacha ko‘paygani rasman qayd etilgan. Bu tezlikka ham, sifatga ham keskin salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

3. Dori-darmon tanqisligi

Dorixonalar bir necha oylik savdosini, dori ishlab chiqaruvchilar ikki-uch karra rejasini bajarib olishdi. Ammo afsuski bemorlarning yaqinlari zir yugurib dori izlashda davom etmoqdalar va buning oxiri ko‘rinmayapti.

4. Qidirish tizimlari

Dori vositlarini qayerdan topish haqidagi ma'lumotlar, ularni yetkazib berish tizimlari pandemiyaga qadar tuppa-tuzuk ishlab turardi. Ammo eng kerakli paytda ular ham yuklamani ko‘tara olmay qoldi. 1069, «Arzon apteka» kabi ommabop tizimlar so‘rovlar haddan ziyod ko‘p paytlarda yo javob berishni to‘xtatdi, yoki shunchaki «bu dori yo‘q» degan javob bilan aloqani uzdi. Ayni paytda yo‘q dorining o‘rniga tavsiya tizimi yaxshi ish berardi.

5. Manfaatlar to‘qnashuvi

Davlat xaridi amalga oshirilgan ayrim dorilar ustida nihoyatda katta doiralarda manfaatlar to‘qnashuvi ketayotgani sezilib qoldi. Jamiyat ochiqlashuvining bir belgisidir balki – ammo yuzaga chiqayotgan axborot inson salomatligi ustida katta o‘yinlar bo‘layotganini anglatayotgandek.

6. Shubhali axborot

O‘lim ko‘rsatkichi borasidagi shubha tobora kengroq quloch yozmoqda. Aslida bitta misol ham umumiy tizimga soya solish uchun yetarli edi, ammo misollar ko‘paygandan ko‘payib boryapti.

7. Vahima

Odamlarda real vaziyatga nisbatan vahima kayfiyati keskin oshib ketdi. Bu asoratlarini ko‘rsatmay qolmayapti. Ko‘pchilik o‘z sog‘ligini o‘z kayfiyati bilan susaytirmoqda.

8. Pul tarqatish

Ko‘p marta rejalashtirilsa-da, aholiga to‘g‘ridan to‘g‘ri mablag‘ tarqatish taklifi amalga oshmadi. Juda ko‘pchilik karantin paytida iqtisodiy murakkab ahvolga tushib qoldi. Bu o‘z navbatida ijtimoiy norozilikni keltirib chiqarmoqda.

9. Korrupsiya

Qizig‘i, «doimiy qadrdon»ga aylanib ulgurgan bu illat epidemiologik vaziyatni jilovlash tizimiga ham dadil kirib bordi. Bugun yuzlab millionlarni o‘marganlar birma-bir fosh bo‘lmoqda. Ammo aniq aytish mumkinki, ustomonlarning ko‘pchiligi soyada qolishadi.

10. Mavhumlik

Eng muhimi, eng og‘iri shu aslida. Ertangi kunga ishonch yo‘qoldi. Mavhumlik, tushkunlik chulg‘ab oldi ko‘pchilikni. Hamjihatlikka putur yetdi, sabr kosa to‘la boshladi. Kasallikning o‘zidan ko‘ra ruhiy zarbasi ko‘proq esankiratdi.

Davomi bo‘lishi mumkin...

Abror Zohidov

Mavzuga oid