Jamiyat | 17:47 / 30.07.2020
52370
4 daqiqa o‘qiladi

Musulmonlar idorasi Qurbon hayiti kuni transport harakati cheklanishiga doir e'tirozlarga munosabat bildirdi

Hozirgi kunda ayrim kishilar Qurbon hayiti transport harakatlari cheklanuvchi kunlarga to‘g‘ri kelib qolgani uchun qurbonlik qilishga qiynalishini ma'lum qilib, murojaat qilishmoqda. Jonliq so‘yilishi bilan qurbonlik ado etilgan va uni qilgan shaxs qurbonlikni ado etgan hisoblanadi.

Bugun, 30 iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Musulmonlar idorasi raisi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov Qurbon hayiti bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan munosabat bildirdi.

«Uzoq yillik tajribalardan ma'lumki, yuqumli kasalliklar keng tarqalgan davrda eng ma'qul chora karantin choralarini joriy qilish bo‘lgan. Bundan asosiy maqsad odamlar hayotini saqlash va vabo keng tarqalishini cheklashdan iborat. Ayni paytda mamlakatda joriy qilingan karantin tartib-qoidalari biroz noqulaylik tug‘dirsa-da, foydali bo‘ladi», dedi Homidjon Ishmatbekov.

Musulmonlar idorasi rasmiysi Qurbon hayiti va undan keyingi dam olish kunlari ham transport cheklovlari o‘rnatilgani yuzasidan ham munosabat bildirdi.

«Qurbonlik qilishdan asosiy maqsad Alloh yo‘lida qon oqizib, taqvoni namoyish qilishdir. Qurbonlik qiluvchi kishi bu ishi bilan o‘zining taqvosini namoyon qilar ekan, buni chiroyli odob, ixlos va e'tiqod bilan qilishi va bu yo‘lda ayrim qiyinchiliklarga bardosh berishi kerak bo‘ladi.

Hozirgi kunda ayrim kishilar Qurbon hayiti transport harakatlari cheklanuvchi kunlarga to‘g‘ri kelib qolgani uchun qurbonlik qilishga qiynalishini ma'lum qilib, murojaat qilmoqdalar. Aslida, ulug‘ ibodat qilishga hozirlangan kishi uni vazminlik bilan bajarishi talab etiladi. Eng muhimi, jonliq so‘yilishi bilan qurbonlik ado etilgan va uni qilgan shaxs qurbonlikni ado etgan hisoblanadi. Qurbonlik go‘shtini tarqatish esa mustahab, ya'ni yaxshi amal hisoblanadi. Bundagi imkoniyatlar biz o‘ylagandan ko‘proq», dedi Homidbek Ishmatbekov.

Musulmonlar idorasi vakilining qayd etishicha, go‘shtning hammasini tarqatish, hammasini olib qolish yoki keyinroq tarqatish ham mumkin. Agar go‘shtni tarqata olmasa ham, qurbonlik qiluvchi gunohkor hisoblanmaydi.

«Agar odamlar hayit kunlari kamxarj do‘st-birodarlari, yaqinlariga xursandchilik ulashishni istasa, bu xayriyalarni hozirgi arafa kunida qilsa ham bo‘ladi», - dedi Homidjon Ishmatbekov.

Shuningdek, Musulmonlar idorasi vakili qurbonlik o‘rniga ehson qilish mumkin yoki yo‘qligi haqidagi savolga ham javob berdi.

Qayd etilishicha, agar qurbonlik qilmoqchi bo‘lgan kishining qurbonlik qilishi vojib bo‘lsa, ya'ni u boy va zakot berish darajasidagi mablag‘ga ega bo‘lgan kishi bo‘lsa, u har qanday vaziyatda qurbonlik qilishi va buning bilan birga zakot berishi kerak bo‘ladi. Lekin o‘zi hali zakot berish darajasida mablag‘ga ega bo‘lmasdan turib, qurbonlik qilishni niyat qilib qo‘ygan bo‘lsa, bunday odam hali qurbonlik qilishi vojib emas, uning o‘rniga mablag‘ni muhtoj yoki kasal odamga berishning savobi ulug‘roq bo‘ladi. 

Mavzuga oid