O‘zbekiston | 22:51 / 31.07.2020
35695
3 daqiqa o‘qiladi

«Hisob-kitob va imkoniyatdan kelib chiqib ishlayapmiz» – Jamshid Abruyev 1 sentyabrdan pensiya va nafaqalar oshishi haqida

Moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyev pensiya va nafaqalar nega aynan 10 foizga oshirilayotganini tushuntirdi.

Foto: Moliya vazirligi axborot xizmati

«Prezident farmoni bilan, 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab pensiyalar, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar miqdori 1,1 barobar oshirilmoqda.

Bu farmon 2.5 trln.lik chora tadbirlarni o‘z ichiga olgan.

Buning natijasida 2 mln 800 ming nafar keksa yoshdagi pensionerlar va 700 mingga yaqin nogironligi bo‘lgan nafaqaxo‘r shaxslar pandemiya paytida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Bizga savol berishlaringiz mumkin, nega 10 foiz va nimadan kelib chiqqan holda, deya.

Bu inflatsiyami? Yo‘q, bu inflatsiya emas. Bizda inflatsiya 7 oylik ko‘rsatkichlar bo‘yicha ancha past. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, bizda o‘tgan 7 oylik bo‘yicha 4,3 foiz bo‘lishi kutilmoqda.

Bu 10 foiz esa qariyalarning turli mahsulotlarga va xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoji uchun. Aynan shunday qiyin paytda ular qo‘llab-quvvatlanyapti», – deya vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Abruyev hukumat «bu oshirishda o‘zining bor moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda» ish ko‘rayotganini ta'kidladi.

«Chunki mana shu tadbirning o‘zi 2020 yil budjeti uchun 1 trln 40 mlrd so‘m qo‘shimcha harajat bo‘lyapti.

Xo‘sh, bu nima uchun 2 yoki 3 trln emas? Chunki biz hisob-kitob va imkoniyatimizdan kelib chiqib ishlayapmiz. Buning uchun biz chetdan hech qanday qarz jalb qilmayapmiz», dedi u.

Vazir o‘rinbosari o‘z so‘zida shu kabi to‘lovlarni oshirishda 2019 yildan boshlab yangi tizim ishlayotgani, ya'ni «eng kam ish haqi» tushunchasi o‘rniga «bazaviy hisoblash miqdori» atamasi kiritilganini ham eslatib o‘tdi.

«E'tibor bergan bo‘lsangiz, biz shu yilning 1 fevralida ham faqat ish haqi, pensiya va nafaqani oshirdik. Hozir ham pensiya va nafaqalarning o‘zini oshiryapmiz va bunga boshqa to‘lovlarni oshirmaslik orqali erishildi», dedi Jamshid Abruyev.

Mavzuga oid