Jahon | 11:29 / 31.07.2020
98353
19 daqiqa o‘qiladi

O‘zi yo‘qdek, ovozasi o‘qdek. Sirli qo‘shin – «Vagner» haqida nimalar ma'lum?

O‘rta asrlarda Yevropada kim haqini to‘lasa, o‘shaning xizmatini qilgan va uning manfaatlari uchun jangga kirgan yollanma jangchilar bo‘lgan. Ularning xizmatidan aslzodalar bilan birga hatto qirollar ham foydalangan. Masalan, bugun Rim papasini shveysariyaliklar gvardiyasi qo‘riqlashi ham o‘sha vaqtdan beri davom etib kelayotgan an'ana hisoblanadi.

VITALY TIMKIV/TASS VIA GETTY IMAGES

Bugungi zamonaviy dunyoda ana shunday ma'lum haq evaziga yollanib, jang qilayotgan jangchilarni yetkazib beradigan harbiy kompaniyalar bor. Ulardan eng mashhuri «Vagner guruhi» deb nomlanadigan xususiy harbiy kompaniya hisoblanadi. Xususiy harbiy kompaniya va uning jangchilari ham bo‘lar ekanmi, deb ajablanishga hojat yo‘q. Zamonaviy dunyoda hamma narsa bor. Qolaversa, xususiy harbiy kompaniyalarning aksariyati o‘z faoliyatini boshqa ishlar bilan xaspo‘shlashga urinadi.

29 iyul kuni Belarus nashrlarida mamlakatda bir guruh terrorchilar hibsga olingani haqida xabar paydo bo‘ldi. Qo‘lga olinganlarning yarmi «Vagner» jangchilari ekani va ular Belarusda yaqinda o‘tkaziladigan prezident saylovi oldidan qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etishni reja qilgani aytildi. Lukashenko bu haqda gapirib, Rossiyadan izoh kutishini ma'lum qildi.

AQSh qora ro‘yxati

«Vagner» norasmiy qurolli tuzilma bo‘lib, OAV uning Rossiyaga tegishli ekani yozadi («ChVK Vagner»). Ushbu guruh 2014 yildan beri Ukraina sharqida, so‘ng Suriyada va Afrikaning turli hududlarida jangovar harakatlarda qatnashgani aytiladi. 2017 yil iyun oyida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi AQShning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Shundan so‘ng uning umumiy qabul qilingan ushbu nomi ma'lum ma'noda qonuniylashadi. Chunki o‘sha ro‘yxatda ushbu tashkilot PMC «Wagner» nomini oladi va qora ro‘yxatda «Ukraina ayirmachilari» bo‘limidan joy oladi (Ye.O. 13660 Designations of Ukrainian Separatiss).

«Vagner» tarixi

Molkinodagi poligon «Vagner» jangchilarining Ukraina sharqi, Suriya va Afrika tomon yo‘llarining boshlanish nuqtasi bo‘lgandi
VITALY TIMKIV/TASS VIA GETTY IMAGES

«Vagner» XHK haqida birinchi marta 2015 yil oktabr oyida tahririyat manzili Sankt-Peterburg shahrida joylashgan «Fontanka.ru» sayti yozgan edi. Unda ma'lum qilinishicha, 2013 yilda savdo kemalarini qaroqchilardan himoya qilishga ixtisoslashgan Moran Security Group XHKning rossiyalik menejyerlari Vadim Gusev va Yevgeniy Sidorov «Slavyanskiy korpus» XHKni Hongkongda ro‘yxatdan o‘tkazadi va «Suriyadagi neft konlari va quvurlarini himoya qilish» uchun 267 nafar ishchini vaqtinchalik mehnat shartnomasi asosida ishga yollaydi.

Ular o‘shanda «yollanma ishchilar» niqobi ostida sobiq harbiylarni yig‘a boshlaydi va bu yollanma jangchilar Suriyada bo‘lib o‘tayotgan fuqarolar urushida hukumat qo‘shinlari tarafida turib jang qiladi. Oradan biroz o‘tib Rossiyaga qaytgan «Slavyanskiy korpus» XHK jangchilari va rahbarlari yollanma harbiy xizmat uchun hibsga olinadi va biroz o‘tib shubhali tarzda ularning hammasi qo‘yib yuboriladi. Keyinchalik «Slavyanskiy korpus» XHK tarkibida Suriyadagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan sobiq harbiylarning «izi» Ukraina sharqidagi ayirmachilar orasidan topiladi. Ulardan biri 2013 yil «Slavyanskiy korpus» XHK tarkibiga o‘tguncha Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari Bosh shtabi bosh boshqarmasi maxsus bo‘linmasi safida xizmat qilgan podpolkovnik Dmitriy Valerevich Utkin edi.

«Vagner» nomi ham Buyuk Britaniyaning The Times nashri ta'biricha, Uchinchi Reyx (fashistlar Germaniyasi)ga bo‘lgan ishtiyoqi tufayli Utkin tomonidan tanlangan.

2017 yil avgust oyida Turkiyaning konservativ «Yangi Shafaq» (Yeni Şafak) gazetasida «Vagner»da Utkin faqat nominal shaxs bo‘lishi mumkinligi, bu tashkilotni boshqalar boshqarishi ehtimoli haqida maqola chop etilgan.

Moliyalashtirish va bo‘ysunish

«Vagner» XHK na huquqni muhofaza qilish idoralarida va na yuridik shaxslar reyestrida qayd etilgan va uning jangchilari rasmiy xodimlar ro‘yxatida yo‘q. Rossiyaning The Bell sayti ma'lumotlariga ko‘ra, «Vagner» Rossiya qurolli kuchlari Bosh shtab bosh boshqarmasi tomonidan maxfiy tarzda nazorat qilinadi. Rossiya va G‘arbdagi ayrim tahlilchilarga ko‘ra, «Vagner» Rossiya mudofaa vazirligi tarkibidagi yashirin bo‘linma bo‘lib, u to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya hukumatiga bo‘ysunadi.

The Bell sayti 2015 yilda «Vagner»ning yillik xarajatlarini 5-10 milliard rublgacha baholagan. Bu xarajatlarga yillik ish haqi, bazani ko‘chirib borish, turar joy va ovqatlanish, turli uskunalar uchun bir martalik xarajatlar, janglarda halok bo‘lganlarning oilalariga tovon puli to‘lab berish kabilar kiradi. «Vagner» tarkibida xizmat qilganlarga pul naqd to‘langan va ular hech qayerda rasmiylashtirilmagan. Qurol-yaroq va uskunalar yashirincha sotib olingan. The Bell saytiga ko‘ra, «Vagner» va boshqa XHKlar davlat va «yuqori martabali tadbirkorlar» tomonidan moliyalashtirilgan. Jarayon tepasida asosan davlat buyurtmalari bilan ishlaydigan peterburglik taniqli tadbirkor Yevgeniy Prigojin turgan, XHKning ta'minoti bilan uning kompaniyalari shug‘ullangan.

BBC tarqatgan xabarga ko‘ra, «Vagner» XHK tarkibida xizmat qilib 2017 yilda Suriyada halok bo‘lgan Andrey Litvinovning qarindoshlariga o‘sha paytda 5 million rubl miqdorida tovon puli to‘langan. Dafn marosimini tashkil qilish uchun yana 100 ming rubl qo‘shimcha mablag‘ berilgan.

Boshqaruv

«Fontanka.ru», BBC va The Bell nashrlariga ko‘ra, tashkilot nomidagi Vagner bu – podpolkovnik Dmitriy Utkin bo‘lib, 2013 yilgacha u Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi maxsus bo‘linmasi 2-alohida brigadasining 700-sonli maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni bo‘lgan (ushbu maxsus bo‘linma Pskov oblasti Pechora shahrida joylashgan). Iste'foga chiqqach, Utkin Moran Security Group XHKda ishlagan va 2013 yilda «Slavyanskiy korpus» XHK tarkibida Suriyadagi fuqarolar urushida qatnashgan.

Kremldagi qabul. Suratda Vladimir Putin Dmitriy Utkin va uning o‘rinbosari Andrey Troshev bilan

2016 yilda Dmitriy Utkin Kremlda o‘tkazilgan «Vatan Qahramonlari kuni»ni nishonlash marosimida qatnashadi. Ana shu marosimda bir qator boshqa harbiylar qatorida u ham Vladimir Putin tomonidan «Jasorat» ordeni bilan mukofotlanadi hamda bir guruh harbiylar bilan birgalikda Rossiya prezidenti bilan suratga tushadi.

Biroz o‘tib «Vagner»ning 1 va 4-maxsus bo‘linmalari boshliqlari Aleksandr Kuznetsov hamda Andrey Bogatov, guruhning ijrochi direktori Andrey Troshev ham bo‘lgan o‘sha fotosurat nashr etilishi mojaroga sabab bo‘ladi. Dmitriy Utkinning ushbu tadbirda qatnashgani bir necha kundan keyin hech bir izohsiz rasman tasdiqlanadi.

2017 yilning noyabr oyida «RBK» nashri Utkinni Yevgeniy Prigojinning «Konkord menejment va konsalting» restoran holdingi kompaniyasi bosh direktori lavozimiga tayinlanganini e'lon qiladi.

«Fontanka.ru», Znak.com, BBC va The Bell nashrlari «Vagner guruhi»ning Krasnodar o‘lkasidagi Molkino o‘quv poligonida o‘quv-mashg‘ulot bazasi mavjudligini va u yerda mashg‘ulotlar 2015 yil o‘rtalarida boshlanganini ma'lum qilgan.

«Vagner» faoliyati

Ukrainada

2017 yil 7 oktabr kuni Ukraina xavfsizlik xizmati «Vagner» jangchilari Donbassdagi mojaroda 2014 yildan beri ayirmachilar tomonida turib harbiy harakatlarda ishtirok etib kelayotganini ma'lum qiladi. UXX ma'lumotlariga ko‘ra, «Vagner» guruhi jangchilari Il-76 samolyotini urib tushirishda, Lugansk aeroporti va Debalsevoni bosib olishda ishtirok etgan.

2017 yil 8 oktyabrda UXX Ukraina sharqida ayirmachilar tomonida turib jang qilgan va Lugansk aeroporti va Debalsevoni bosib olishda ishtirok etgan «Vagner» a'zolarining ism-shariflarini e'lon qildi. O‘sha paytda UXX rahbari Vasiliy Gritsak «vagnerchilar» Dmitriy Utkin boshchiligida nafaqat Lugansk, balki Donetsk va Qrimdagi harbiy harakatlarda ham qatnashganini ma'lum qilgandi.

Shuningdek, «Lugansk xalq respublikasi»ning mudofaa vaziri bo‘lgan Aleksandr Bednovning o‘limi ham «Vagner» bilan bog‘liqligi aytiladi. Bednov boshliq lugansklik ayirmachilar «Vagner» tomonidan Ukraina harbiylariga qarshi qo‘yilgan pistirmaga duch kelgan va tushunmovchilik ortidan boshlangan o‘zaro jangda halok bo‘lgan.

Suriya va Sudanda

BBC nashri ma'lumotlariga ko‘ra, Ukraina sharqida ayirmachilar pozitsiyasi biroz mustahkamlangandan so‘ng «Vagner » 2015 yil oktabr oyida Suriyaga yuboriladi. U yerda Rossiya harbiy bazasiga qilingan minomyot hujumi chog‘ida guruh jiddiy yo‘qotishlarga uchraydi. «RBK» nashrining ma'lum qilishicha, guruh jangchilari 2016 yil mart oyida Palmirani ozod qilishda qatnashgan. «Fontanka.ru» nashrining ma'lum qilishicha, Suriyada bo‘lgan guruh jangchilarining umumiy soni 400 kishini tashkil etgan.

2015 yil kuzidan 2016 yil bahoriga qadar Suriyadagi harbiy harakatlarda guruhning 32 nafar jangchisi o‘ldirilgan, 80 nafari turli darajada tan jarohatlari olgan. 2017 yil boshida, «RBK» nashri va Conflict Intelligence Team (CIT) tashkiloti «Vagner»ning olti nafar yollanma jangchisi Suriyadagi fuqarolar urushi paytida halok bo‘lganini ma'lum qiladi.

2017 yil dekabr oyida BBC Sudandagi fuqarolik urushida «Vagner» XHK jangchilari ishtirok etayotganini va ular Umar Bashir hukumati tomonida turib jang qilganini ma'lum qiladi.

2018 yil 15 fevral kuni Suriyaning Inson huquqlari monitoringi markazi Tabiya Jazira aholi punktida (Deyr az-Zor viloyati) o‘q-dorilar ombori portlashi oqibatida «Vagner» XHK tarkibida jang qilgan 15 nafar rossiyalik halok bo‘lgani haqida xabar bergan.

2018 yil 7 fevralda Suriyaning Hasham shahri yaqinida bo‘lib o‘tgan janglarda «Vagner» juda katta yo‘qotishga uchraydi. O‘shanda AQSh harbiy-havo kuchlari tomonidan berilgan aviazarbalar sabab turli manbalarga ko‘ra guruhning 100 nafar jangchisi o‘ldiriladi, 200 nafari yarador bo‘ladi. O‘sha paytda Rossiyada davlatga qarashli telekanallar Suriyada «Vagner»ning na polki (1000 nafar jangchi bo‘ladi) va na bataloni (500 nafar jangchi bo‘ladi) borligi, balki bir necha vzvoddan iborat oz sonli jangchilari bo‘lganini aytib chiqishadi. Vaholanki, Dmitriy Peskov 2020 yil 30 iyul kuni Rossiyada «Vagner» degan guruh yo‘qligini aytdi.

Shuningdek, 2018 yil 8 fevral kuni Rossiya mudofaa vazirligi ham ruslarning Hashamdagi to‘qnashuvlarda qatnashganini tasdiqlamaydi. Ammo guvohlar Hasham yaqinidagi janglarda «Vagner» jangchilarining katta guruhi qatnashganini ma'lum qilgan.

2018 yil 13 fevralda «Yabloko» partiyasidan Rossiya prezidentligiga nomzod Grigoriy Yavlinskiy Vladimir Putinga murojaat qilib, Suriyada Rossiya fuqarolari borligi va halok bo‘lgani haqida ommaviy hisobot taqdim etishni talab qiladi. 14 fevralda esa prezidentlikka yana bir nomzod Kseniya Sobchak Suriyadagi rossiyaliklar o‘limi yuzasidan parlament tekshiruvini o‘tkazishni taklif qiladi.

2018 yil 14 fevral kuni Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Suriyada rossiyalik harbiy xizmatchilar yo‘qligi, ma'lum miqdorda harbiy bo‘lmagan Rossiya fuqarolari bo‘lishi mumkinligini tan oladi va rossiyalik yollanma jangchilarning Hashamda ommaviy ravishda halok bo‘lgani haqidagi ma'lumotlarni yolg‘on deb ataydi.

15 fevral kuni Rossiya tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova Suriyada 5 nafar rossiyalik halok bo‘lganini, ammo ular Rossiya qurolli kuchlariga tarkibida xizmat qiluvchi harbiylar emasligini ma'lum qiladi. «Vagner» jangchilari Suriyada hanuzgacha faoliyat olib borayotgani aytiladi.

Liviyada

 

2018 yilning noyabrida «Novaya gazeta» Yevgeniy Prigojin Sergey Shoygu va Xalifa Xaftar o‘rtasidagi muzokaralarda ishtirok etgani haqida yozgandi

2020 yil may oyida OAVda BMTning Liviyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha qo‘mitasi kuzatuv missiyasining hisobot ma'lumotlari e'lon qilindi. Unga ko‘ra, Liviyada «Vagner»ning 1200 nafarga yaqin yollanma jangchilari general Xalifa Haftar tomonida turib, Liviyaning xalqaro miqyosda tan olingan hukumatiga qarshi kurashgan. BMT kuzatuv missiyasi hisobotida rossiyalik yollanma jangchilarning soni haqida «bir qancha vizual aloqalar va ochiq manbalardan olingan ma'lumotlarga asoslangan taxminiy raqam» deyiladi.

Hisobotda yozilishicha, rossiyalik yollanma jangchilar Liviyada 2018 yildan beri «harbiy transport vositalarini tuzatish va jangovar operatsiyalarda texnik yordam ko‘rsatish, elektron kuzatuvga qarshi kurashishda maslahat berish» niqobi ostida jangovor harakatlarda ishtirok etmoqda.

Terminologik va huquqiy nyuanslar

OAVda Suriyadagi janglarda qatnashgan, ammo rasman harbiy bo‘lmagan Rossiya fuqarolari contractors (pudratchilar) yoki PMCs (private military contractors – xususiy harbiy pudratchilar) deb nomlanadi. Ushbu kontekstdagi pudratchilar so‘zining ruscha ko‘rinishi «pudratchilar» emas, balki «pudratchi tashkilotning xodimlari» ma'nosida keladi. Shunga ko‘ra, PMCs «xususiy harbiy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot xodimlari» degan ma'noni anglatadi. Aftidan, «yollanma» (mercenary) so‘zini ishlatmaslik AQSh Jyeneva konvensiyasi 1977 yildagi Birinchi qo‘shimcha protokolini imzolamagani bilan izohlanadi. Uning 47-moddasi 2-bandida qaysi shaxs yollangan deb hisoblanishiga izoh berilgan. Ushbu hujjatning imzolanishi xususiy harbiy sektorda xizmat qilayotgan tashkilotlarning ishini sezilarli darajada murakkablashtirishi mumkin.

Shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Buyuk Britaniya 2001 yil 20 oktyabrdagi harbiy maqsadlar uchun ishchilarni yollash, ulardan foydalanish, moliyalashtirish va o‘qitishga qarshi xalqaro konvensiyani (International Convention against the Recruitment, Use, Financing and Training of Mercenaries) imzolamagan.

Garchi qonunlarida yollanma odamlarni, ulardan qurolli mojaro yoki urushlarda foydalanish uchun o‘qitish, moliyalashtirish, moddiy yordam berish yoki yana boshqa ishlarga yollash taqiqlangan va jinoyat bo‘lsa-da (Rossiya Federatsiyasi jinoyat kodeksining 359-moddasi), Rossiya ham ushbu konvensiyani imzolamagan.

Rossiyada boshqa davlat hududidagi qurolli mojarolarda qatnashish uchun odam yollash va yollanish taqiqlangan. Bu ish uchun jinoyat kodeksida yetti yilgacha qamoq jazosi (359-modda) belgilangan. Shaxsni harbiy maqsadlar uchun yollash, o‘qitish va moliyalashtirish uchun 15 yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.

Rossiyada XHK faoliyatini qonuniylashtirishga bir necha bor harakat qilingan. 2018 yil yanvarda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov XHKlarning qonuniylashtirilishini yoqlab chiqadi. Ushbu qonun tashabbuskorlari agar XHKlar faoliyati qonuniylashtirilsa, ana shunda yollanma jangchilarini chet elda terrorizmga qarshi operatsiyalarda ishtirok etishga jalb qilish, neft va gaz konlari kabi turli muhim obektlarni himoya qilishda ulardan foydalanish, ommaviy qirg‘in qurollarini sotib olish yoki saqlashni taqiqlash hamda ijtimoiy kafolatlarni joriy etish imkonini beradi, deb taxmin qilishadi.

Hozirgi vaqtda XHK xodimlari hech qanday huquq va imtiyozlarga ega emas, turli huquq va imtiyozlar Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlarining kontrakt asosida xizmat qiladigan harbiylari uchun taqdim etiladi.

2018 yil dekabrda yillik matbuot anjumanida Vladimir Putin «Vagner» haqida quyidagilarni aytgan edi:

«Endi «Vagner» va uning tarkibidagi odamlar nima qilayotgani haqida. Hamma qonun doirasida qolishi kerak. Biz xususiy qo‘riqchilik faoliyatini butunlay taqiqlashimiz mumkin. Ammo buni amalga oshirishimiz bilanoq, ular sizga ushbu mehnat bozorini himoya qilishni talab qiladigan ko‘plab noroziliklar bilan murojaat qilishadi. Bizda bu sohada deyarli bir million kishi ishlaydi. Agar ushbu «Vagner» guruhi biror qonunni buzayotgan bo‘lsa, u holda uning faoliyatiga bosh prokuratura huquqiy baho berishi kerak.

Ularning xorijiy mamlakatlarda ham faoliyat ko‘rsatishi haqida gapiradigan bo‘lsam, yana takrorlayman, agar Rossiya qonunlarini buzmasa, ular dunyoning istalgan burchagida ishlash va o‘zining biznes manfaatlarini himoya qilish huquqiga ega».

Har qancha g‘alati bo‘lmasin, Putin bir vaqtlar nomigacha aytgan va bu bilan mavjud ekanini tasdiqlagan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi 30 iyul kuni Kreml tomonidan Rossiyada de-yure mavjud bo‘lmagan tashkilot deb ataldi.

Shu o‘rinda Liviyada Rossiya bilan manfaatlari to‘qnash kelgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an «Vagner» jangchilari Liviyada jang qilayotganini va bunga isbot sifatida Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu, Rossiya qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov, Liviya milliy armiyasi qo‘mondoni Xalifa Haftar hamda «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari deb atalgan kishi birgalikda aks etgan fotosurat borligini aytgandi.

Mavzuga oid