O‘zbekiston | 00:35 / 31.07.2020
24051
11 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar IIBB internetda tarqalgan audioga izoh berdi. Tizimda «plan» belgilash amaliyoti yo‘qligi aytildi

28 iyul kuni internetda so‘zlaridan ichki ishlar tizimida ishlashi taxmin qilinadigan noma'lum shaxsning audiosi tarqaldi. Audioyozuvda ichki ishlar xodimlarining oyliklari kamligi, ish haqining ma'lum qismi ushlab qolinishi, ish vaqtining uzoqligi, xodimlarga majburiy «plan» belgilangani haqida so‘z boradi.

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi Kun.uz muxbirining mazkur audioyozuv yuzasidan savollariga javob qaytardi.

– Audioda ichki ishlar xodimlari 12-14 soat xizmat qilishi aytilgan. Ichki ishlar tizimida xodimlar uchun ish vaqti belgilanganmi?

– «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonuni hamda 2017 yil 29 noyabrdagi prezident qaroriga muvofiq, xodimlarning haftalik ish vaqti 40 soatdan oshmasligi belgilangan. Zarur hollarda ular kuchaytirilgan yoki sutkalik rejimda xizmat o‘tashga jalb etilishlari mumkin.

Shuningdek, kuchaytirilgan rejimda kuniga belgilangan ish vaqtidan tashqari (odatiy 8 soatlik) davomiyligi 4 soatdan oshmaydigan xizmatga jalb etilishlari nazarda tutilgan.

Ma'lumki, 2020 yil 16 mart kunidan mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tarqalishi munosabati bilan karantin cheklovlari o‘rnatilgan bo‘lib, kasallikni keng tarqalib ketishini oldini olish maqsadida, ichki ishlar organlari ham tibbiyot, mudofaa, milliy gvardiya va boshqa mutasaddi tashkilotlar qatori aholi orasida targ‘ibot ishlarini olib borishga, ular tomonidan karantin qoidalariga rioya etilishini ta'minlanishiga jalb etilganlar.

Haqiqatan ham bugungi kunda xodimlarimiz kuchaytirilgan tartibda xizmat olib bormoqdalar va ularning kunlik o‘rtacha ish vaqtlari 12 soatga to‘g‘ri kelmoqda.

– Audioda xodimlarga «plan» qo‘yilishi aytilgan. Qaysi hujjatlar bilan IIO xodimlariga nisbatan bunday reja belgilangan? Bu rejani bajarmagan xodimlarga qanday chora ko‘riladi?

Ichki ishlar organlari tizimida bunday rejalar mavjud emas. Buning ustiga Patrul-post xizmati xodimlari ma'muriy huqubuzarlik holati bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirish vakolatiga ega emas.

– 12-14 soatlik xizmatdan so‘ng IIO xodimlari ishda olib qolinishi xodimlarning oilaviy xotirjamligiga putur yetkazmaydimi? Muttasil ishlash uning ruhiyatiga salbiy ta'sir qilishi, u ham o‘z vaqtida dam olishga haqli ekani hisobga olinmayaptimi?

Bugungi kunda Ichki ishlar vaziri tomonidan ichki ishlar organlari xodimlarini kazarma holatida xizmat olib borish bo‘yicha biror bir normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagan.

Hozir ichki ishlar organlari kuchaytirilgan tartibda xizmat olib borilmoqdalar, xodim ish vaqti tugagandan so‘ng hech qanday to‘siqlarsiz uyiga ketadi. Kazarmada qolmaydi.

Bundan tashqari, ichki ishlar organlarining ayrim xizmatlari sutkalik naryad asosida xizmat olib borib, ularning xizmati 24 soatga mo‘ljallab tashkil etilgan.

Navbatchilik vaqtida ichki ishlar organlari xodimlariga navbatma-navbat ovqatlanishi va qisqa muddatli dam olish uchun umumiy davomiyligi uch smenalik rejimda — 6 soat, to‘rt smenalik rejimda — 4 soat davom etadigan tanaffuslar beriladi.

Smena tugagach, ichki ishlar organlarida xizmat vazifalarini sutkalik navbatchilik rejimida bajaruvchi xodimlarga belgilangan tartibda dam olish beriladi (kamida 24 soat etib belgilangan).

Qolaversa, postda turgan xodimlar ish vaqti tugaganidan so‘ng boshqa ishlarga yoki tadbirlarga jalb etilmaydi. Tungi reydlarda faqatgina tungi xizmatga jalb etilgan xodimlar xizmat olib boradilar, ular postda turmaydi.

– IIO organlarining oyligidan 15 foiz COVID-19ga qarshi kurashish uchun, 35 foiz Sardobadagi talafotlarni bartaraf etish uchun ushlab qolinayotgani rostmi?

2020 yilning 15 aprel kuni «Koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetining barqarorligini ta'minlash va birinchi navbatdagi tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi. Mazkur qaror talablari asosida Vazirlar Mahkamasining joriy yil 16 apreldagi qarori tasdiqlandi.

Yuqoridagi qarorlar ijrosini ta'minlash maqsadida budjet tashkilotlarida faoliyat olib boradigan xodimlarga moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasining to‘lovlari 2020 yilning 16 aprelidan 1 oktyabriga qadar vaqtincha to‘xtatildi.

Ushbu to‘lovning miqdori ichki ishlar organlari xodimlarining oylik maoshlarining 15 foizini tashkil etadi.

Bundan tashqari, qaror bilan alohida namunaviy xizmat ko‘rsatgan xodimlarga IIBB rahbariyati tomonidan tayinlangan qo‘shimcha 35 foizli ustama haqi ham pandemiya davrida vaqtincha to‘xtatilgan. Mazkur to‘lovlarning vaqtincha to‘xtatilishi Sardoba fojiasiga aloqador emas.

Bundan tashkari, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 apreldagi farmoyishi talablari asosida, koronavirus pandemiyasi tarqatilishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida xalqimizning tarixiy va ma'naviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olgan holda ijtimoiy yordamga muhtoj, kam ta'minlangan, bemor va nogiron oilalarni qo‘llab-quvvatlash, koronavirus kasalligini yuqtirib davolanayotgan xodimlar va ularning oila a'zolarini qo‘llab-quvvatlash, oziq-ovqat, dori-darmon va zarur vositalar bilan o‘z vaqtida ta'minlash maqsadida Toshkent shahar IIBB shaxsiy tarkibi va Bosh boshqarma birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi tashabbusi bilan joriy yilning may oyida xayriya aksiyasi o‘tkazilib, kelib tushayotgan mablag‘lar va oziq-ovqat va mahsulotlarini bir joyda jamlash maqsadida IIBB qoshida «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi tashkil etildi.

Xodimlarimiz ushbu tashabbuslarda chetda turmasdan faqatgina may oyi oylik maoshidan ixtiyoriy ravishda (shaxsiy tarkibning 89 foizi) o‘zi belgilangan holda ushbu xayriya aksiyasida ishtirok etdilar.

– Postda xizmat vazifasini o‘tayotganlarga fuqarolar suv tashlab ketishsa, uy sharoitida izolyatsiyalarni nazorat qilib o‘tirganlarga aholi ovqat olib chiqib bersa, ularni olish taqiqlanganmi? Nima uchun?

Postlarda xizmat vazifasini o‘tayotgan xodimlarga fuqarolar tomonidan beg‘araz ravishda yordam ko‘rsatish (masalan, suv tashlab ketish, ovqat berish) taqiqlanmagan, lekin ushbu xodimlar tomonidan tamagirlik yoki boshqa ko‘rinishdagi noqonuniy xatti-harakatlar bilan biror narsa talab qilishlari qat'iyan man etiladi.

Shuningdek, uy sharoitida izolyatsiyalanganlarni nazorat qiluvchi xodimlarga ushbu xonadon egalari tomonidan berilayotgan oziq-ovqat yoki boshqa biror narsa olish taqiqlanadi. Ushbu taqiq kasallik tarqalib ketishini oldini olish maqsadida o‘rnatilgan.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, Toshkent shahar hokimiyatining tashabbusi bilan postlarda xizmat olib borayotgan xodimlar uchun kunlik ikki mahal issiq ovqat va ichimlik suvlari tarqatilmoqda.

– 12 soatlab ishlagan xodimlar tunda fohishalarni, karantin tartibini buzganlarni ushlashga qaratilgan reydlarga olib chiqilayotgani rostmi?

Yo‘q. Postda turgan xodimlar ish vaqti tugaganidan so‘ng uyiga ketishiga ruxsat beriladi, boshqa ishlarga yoki tadbirlarga jalb etilmaydi. Tungi reydlarda faqatgina tungi xizmatga jalb etilgan xodimlar xizmat olib boradilar (ular postda turmaydi).

– Audioda kechki mahal turli yig‘inlar o‘tkazilishi aytilgan. Bu tadbirlar nima uchun o‘tkaziladi? Ularda qatnashmasa, nima bo‘ladi?

– Ichki ishlar organlarida amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga asosan xodim xizmatga jalb etilishidan avval uning xizmatga tayyorligi, ruhiy va jismoniy holati, sog‘lig‘i va oilaviy ahvoli o‘rganilib, shundan so‘ng xizmat oldi yo‘riqnomasi o‘tkaziladi.

Yo‘riqnomada xizmatga oid tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar beriladi. Bugungi kunda Toshkent shahar IIBB va uning tizimlarida yo‘riqnomalar xodim xizmatga jalb etilishidan avval bir marotaba o‘tkaziladi. Xodimning xizmatiga salbiy ta'sir qilmasligi va uning ortiqcha vaqtini olmasligi uchun boshqa yo‘riqnoma o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mazkur masala joylardagi ichki ishlar organlari rahbarlarining doimiy nazoratida.

– Audioda xodim tartib raqamiga «-inchi» qo‘shimchasini qo‘shmay gapirgan, masalan, o‘ninchi, yigirmanchi deb gapirmaganlarga hayfsan berilishi haqida so‘z borgan, shu gap rostmi?

Yo‘q. Bunday tartib va holatning o‘zi yo‘q. 2017 yil 29 noyabrdagi prezident qaroriga muvofiq, xodimlarga intizomiy jazo choralarini qo‘llash asoslari va tartibi belgilangan.

Faqatgina mazkur normativ hujjatga asosan xodimlarning sodir etgan salbiy xatti-harakatlari uchun jazo choralari tayinlanishi mumkin. Tartib raqamiga «-inchi» qo‘shimchasini qo‘shmasdan gapirganlik uchun hayfsan yoki boshqa intizomiy jazo choralari berilmaydi. Bunday amaliyot mavjud emas.

– Audioda IIO xodimlari mehnat ta'tiliga chiqishi uchun mas'ullar izidan yugurib yurishi, yalinib-yolvorib ta'tilga chiqishga ruxsat olishi aytilgan. Bunga qanday izoh beriladi?

Xodimlarning mehnat ta'tiliga chiqishi yuzasidan yilning boshida yillik reja asosida taqsimlanadi. Xodim qaysi oyda mehnat ta'tiliga chiqishni o‘zi belgilaydi va belgilangan muddati kelganida mehnat ta'tiliga chiqadi.

Ayrim hollarda, istisno tariqasida, ya'ni oilasida to‘y, maraka va boshqa favqulodda holatlar bo‘lganda, xodimning ta'tilga chiqish vaqti o‘rnatilgan tartibda ishga ta'sir etmagan holda o‘zgartirilishi mumkin.

– IIO xodimlari o‘z xohishi bilan bo‘shab keta olmaydimi? Nima uchun bunday tartib o‘rnatilgan? Yoki bu quyi tizimdagi mas'ullarning xodimlarga tushunib-tushunmay aytgan gaplarimi?

– 2017 yil 29 noyabrdagi prezident qarori bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 144-bandiga muvofiq, xodimning bildirgisiga asosan xodim o‘zining xohishi bilan ishdan bo‘shatilishi mumkin.

Joriy yilning 6 oyi davomida jami 163 nafar xodim (shundan

31 nafari – pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddatini o‘tamaganlar) Toshkent shahar IIBB tizimidan o‘z xohishiga ko‘ra bo‘shatilgan.

Mavzuga oid