O‘zbekiston | 19:08 / 01.08.2020
127617
8 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusning o‘pkaga ta'siri, chekuvchilar va qo‘lbola kislorod ballonlari - pulmonolog bilan suhbat

Koronavirus–COVID19 pandemiyasi davrida kasallikka qarshi kurashish bo‘yicha yetakchi mutaxassislar bilan suhbatlarimizni davom ettiramiz. Bugungi mehmonimiz – pulmonolog, tibbiyot fanlari doktori Dilorom Rahimova.

Foto: Getty Images

– Dilorom Alimovna, koronavirusning asosiy hujumi o‘pkaga bo‘layotgani, asoratlar ham shu sababli tug‘ilayotgani shubhasiz. Umuman, bu virusning o‘pkaga ta'siri haqida so‘zlab bersangiz?

– Koronavirus bo‘yicha ekspertlar tavsiyasiga ko‘ra, COVID-19'ning o‘pkani qanchalik zararlagani kompyuter tomografiyasi orqali aniqlanadi. Tahlillar o‘pka to‘qimalarining buzilish darajasini aniq ko‘rsatadi. Italiyalik olimlar COVID-19'ni «tomirlar ichidagi tarqalgan koagulyatsiya (tromboz)» deb ta'kidlaydilar. Shuningdek, bu kasallikda qon quyuladi, quyulgan qon esa o‘pkada kislorod bilan to‘yina olmaydi, degan fikrni bildiradilar. COVID-19'da yuzaga keladigan qon reologiyasi buzilishi, intoksikatsiya tufayli yurak qon-tomir tizimi va boshqa organlarda tizimli o‘zgarishlar kuzatilishini tekshiruvlar asosida tasdiqlaydilar.

COVID-19 bo‘yicha ekspertlarning aniqlashicha, koronavirusdan sog‘ayish davrida, kasallikning og‘ir kechishidan so‘ng fibroz o‘zgarishlar o‘pkada kuzatilib, o‘pka faoliyatida nafas olish funksiyasi tiklanib, hansirash o‘tib ketishi, jismoniy yuklamalarni bemor yaxshi ko‘tara olishi kasallanish darajasiga bog‘liq holda kechadi. Xastalik qay darajada tuzalganini faqat funksional tekshiruvlar, jumladan rentgen orqali aniq ko‘rish mumkin.

– Bugungi kundagi o‘lim ko‘rsatkichlarida COVID-19 tasdiqlangan bemorlargina qayd etilyapti, ammo pnevmoniya kiritilmayapti. Sizningcha, pnevmoniyaga chalinish va undan o‘lim holatlari qay darajada oshgan?

– Chindan ham o‘limlar soni ro‘yxatiga faqat kasallik tasdiqlangan holatlar kiritiladi va bu to‘g‘ri. Xitoy, Isroil va AQSh tadqiqotchilarining fikricha, o‘pka koronavirusdan zararlanganda uning holati pnevmoniyadagidan farq qiladi. Bunda ham faktni tasdiqlash uchun albatta bemorlar koronavirusga qayta test topshirishi, kompyuter tomografiyasi orqali tekshirilishi lozim deb ta'kidlanadi.

Ekspertlar ma'lumotlarida koronavirusga chalinganlarning 80 foizga yaqini COVID-19 kasalligini yengil o‘tkazishi, ammo 5 foiz bemor og‘ir kasallanib, ular maxsus kasalxonalarga joylashtirilib reanimatologlar yordami ham zarur bo‘lishi tahlil etilgan.

– Chekuvchilarning COVID-19'ga chalinishi kasallik kechishini qay darajada og‘irlashtiradi?

– COVID-19 – bu virus, birinchi navbatda nafas a'zolari, o‘pkani zararlaydi. Agar odam bu virusni yuqtirib olsa, kasallikning intoksikatsiya alomatlari turlicha kechadi. Tadqiqotlardan ma'lumki, tamaki chekish pnevmoniya yoki grippga chalingan insonlarda xastalikni kuchaytiradi.

Chekish o‘pkaning shilliq qavatini shikastlab, respirator klirensni buzadi, ya'ni patogen bakteriya va viruslarni nafas a'zolaridan kam miqdorda tozalab chiqaradi, natijada organizm ulardan qutula olmaydi. Demak, chekuvchilar koronavirus bilan kasallansa, hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.

Shuni ham aytib o‘tish kerakki, elektron sigaret chekuvchilarda ham immun tizimi juda susayadi, virus yuqqanda esa turli asoratlar ko‘payadi.

Aniqlanishicha, COVID-19'ga chalingan ko‘plab chekuvchi bemorlar «IVL» – sun'iy nafas beruvchi apparatlarga ulangan taqdirda ham ularning hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmagan. Shu sababli, bu zararli odatdan voz kechish lozim.

– Uy sharoitida kislorod beruvchi uskunalardan foydalanish bo‘yicha qanday tavsiyalar bera olasiz? Garchi xavfli bo‘lsa-da, baribir ko‘pchilik qo‘lbola ballonlardan ham foydalanmoqda.

– Kislorod konsentratori mutlaqo xavfsiz asbob hisoblanadi. Unda kislorod siqilgan yoki suyultirilgan holda saqlanmaydi, balki kislorod konsentrator ishlash jarayonida ajratib chiqariladi. U inson organizmi uchun kerak bo‘lgan konsentratsiyadagi kislorod, havo namlagich bilan birga nafas olish imkonini beradi. Bu asbob kislorodli ballonlarga nisbatan xavfsiz.

Qo‘lda yasalgan kislorod ballonlari esa nafas olish bilan bog‘liq bo‘lgan organlar shilliq qavati va butun organizmga zarar yetkazishi mumkin. Bemor nafas olayotgan toza kislorod namlantirilgan bo‘lishi lozim, namlanmagan kislorod nafas yo‘llarida quruqlik va qichishish paydo qiladi. Havo namlagich kislorod konsentratori komplektida albatta bo‘lishi zarur.

Atrof muhitdagi havo – bu turli gazlarning birikuvidan hosil bo‘lgan aralashmadir, asosan azot va kisloroddan iborat. Havoda 78 foiz azot va 21 foiz kislorod bo‘lishi normal holat sanaladi. Kislorod konsentratsiyasi 7 foizga tushishi inson o‘limiga olib keladi.

– Bugungi kunda kasallikka qarshi kurashda immunitetni oshirish juda muhim. Buning uchun qanday oson tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

– Bu xastalik asosan yuqori va quyi nafas olish yo‘llarini zararlaydi. Immuniteti mustahkam bo‘lgan insonlarda bu kasallikka chalinish xavfi juda past bo‘ladi, chalingan taqdirda ham oson o‘tkazadilar.

Demak, immunitetni mustahamlash zarur. Qanday qilib? To‘g‘ri ovqatlanish, badantarbiya va nafas mashqlari orqali.

Taomnomada albatta oqsillar bo‘lishi, taomlar xilma-xil va tarkibida minerallar, vitaminlar, ayniqsa S vitamini ko‘p bo‘lishi lozim.

Eng muhim 9 mahsulot:

1. Limon. Limonni blenderda maydalab, biroz shakar qo‘shib kun davomida uch marta bir choy qoshiqchadan iste'mol qiling.

2. Chakanda (oblepixa). Foydali xususiyatlari quritilgan mevalarida ham saqlanadi. Har kuni chakanda mevasidan choy damlab iching.

3. Smorodina. Murabbosi ham, muzlatilgani ham birdek foydali. S vitaminidan tashqari bu mevada A, V6, V12, kalsiy, kaliy, temir, magniy i natriy bisyor.

4. Na'matak. Na'matak siropi, mevalaridan choy damlab ichish juda foydali. Kechqurun termosga o‘n dona na'matak mevasi soling va ustidan qaynoq suv quying. Ertasiga kun bo‘yi mazkur damlamadan ichib yuring. Bu ichimlik immunitetni ko‘taradi.

5. Tuzlangan karam. Tuzlangan karamga biroz zaytun moyi va mayda to‘g‘ralgan boshpiyoz qo‘shib iste'mol qiling.

6. Piyoz. Piyoz tabiiy antibotikligi barchaga ma'lum.

7. Sarimsoq. Shamollash va virusdan asrashdan tashqari, sarimsoq yurak qon-tomiri xastaliklari bilan kasallangan bemorlar uchun juda foydalidir. U qon bosimini va xolesterin darajasini pasaytiradi.

8. Tvorog. Uy sharoitida tayyorlangan tvorog ayniqsa o‘ta foydali. Kuniga 150 gr tvorogga smorodina, chakanda yoki limon qo‘shib iste'mol qilish organizm uchun koni foydadir.

9. Tuxum. Nonushtaga bitta tuxum yeyish zarur. Unda A, V2, V5, V6, V9, V12, D, K, N, RR vitaminlari shuningdek, biotin, kalsiy, magniy, rux, selen, mis, marganets temir — qaynatilgan tuxum tarkibida ana shu foydali vitaminlar bo‘ladi.

Turli oziq–ovqatlarga allergiyasi bo‘lgan insonlar gipoallergen mahsulotlardan foydalanishlari kasallik profilaktikasi uchun muhim hisoblanadi!

Badantarbiya uchun eng osoni – ko‘p yurish (3-5 km). Bunda «sog‘lomlashtiruvchi» yurish juda katta samara beradi. Yurishning bir necha turlari bor:

1. Sayr qilib yurish (oddiy yurish).

2. Sog‘lomlashtiruvchi (bunga skandinavcha, tayoq bilan yurish ham kiradi).

3. Sportcha yurish.

Nafas gimnastikasi. COVID-19 kasalligiga chalinganlarga shar shishirish mutlaqo mumkin emas. Yengil nafas olish va ayniqsa chiqarish asosida bajariladigan mashqlar bilan boshlash lozim va ularni bemor doimiy bajarishi lozim. Bunda ko‘krak qafasida zo‘riqish paydo bo‘lmasligi, saturatsiya tushib ketmasligi zarur.

COVID-19 kasalligining o‘tkir davrida bemor qorin orqali nafas olish usullarini o‘rganishi kerak bo‘ladi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid