O‘zbekiston | 23:16 / 03.08.2020
12051
4 daqiqa o‘qiladi

Shikoyat – jurnalist – mas'ul idora: muammolarni hal qilish yo‘lida yotgan g‘ovlar haqida

Tasavvur eting, jurnalistga murojaat kelib tushdi. Deylik, murojaatchi – tadbirkor, u shu tobda tom ma'noda havodek zarur bo‘lib turgan kislorod konsentratorlarini chet eldan olib kirish jarayonida bir talay qiyinchiliklarga duch kelgan. Ya'ni aeroport va bojxona, shuningdek, boshqa idoralarda ham yukni rasmiylashtirishda tartibsizlikka, sansalorlikka va rostini aytib qo‘yaveraylik, korrupsiyaga duch kelgan.

Buni tadbirkor jurnalistga-ku ro‘y-rost aytib beradi, kerak bo‘lsa Alloh nomi bilan qasam ichadi, ammo...

Tadbirkor dardini jurnalistga aytganda ham, yuragini hovuchlab turadi, inchunun nomi pinhon qolishini istaydi. Zero, «keyin mendan o‘ch olishsa-ya, axir, nazorat organlariga yana ishim tushadi – tadbirkorman» deb fikrlaydi. Bu esa jurnalist uchun korrupsiya holati tugul, umuman, muammoni yoritish yo‘lidagi birinchi qiyinchilik bo‘ladi.  

Endi ikkinchi qiyinchilik haqida.

Jurnalist muammoni tizimli hal qilish kerakligini tushunadi. Axir, bitta tadbirkor duch kelgan muammoni bartaraf etish bilan hech narsa o‘zgarmaydi – bu yoqda aynan bu kabi muammoga duch kelayotgan ko‘plab boshqa tadbirkorlar turibdi.

Masala borib mavjud tizimga, tartib va me'yorlarga, hamda idoralarda hukm surayotgan muhitga taqaladi. Ularni o‘zgartirish kerak.

Ammo bu eng qiyini. Maqola yumshoqroq so‘zlar bilan yozilsa, yuqori idoralarning e'tiborini tortmaydi. Shunda jurnalist «mana senga bo‘lmasa», deb qattiq so‘zlarni ishlatib, muammoni «uyatsizlarcha» yalang‘ochlaydi, tafsilotlari bilan. Shundagina «chang-to‘zon» boshlanadi: masalaga bevosita aloqador idoralar ishga kirishishadi, yuqoridan gap eshitmaslik uchun.

Biroq idoralar ... ko‘tarilgan umumiy muammoni emas, balki aynan o‘sha murojaatchi duch kelgan holatni bartaraf etishga tushishadi.

Bu degani muammoga sabab bo‘layotgan omillar barham topmaydi. «Qayerda bu muammo, joyini ayting, shikoyatchini telefon nomerini bizga bering, hoziroq hal qilamiz muammosini» – shunday so‘zlar jurnalistning hamrohi.

Hurmatli mutasaddi, bitta holatni hal qildingiz ham deylik, biroq bitta inson yoxud bitta yuridik shaxs emas – jamiyat duch kelgan, ko‘plab odamlar uchrayotgan muammo hal bo‘lmadi-ku! O‘zgartirish kerak bo‘lgan tartiblar, me'yorlar, eng muhimi – xodimlaringizning dunyoqarashi o‘zgarmadi-ku!

Pandemiya bilan bog‘liq hozirgi vaziyatni... harbiy holatga – urushga qiyoslashga asosimiz bor. Zero, hayot-mamot jangi ketyapti. Ammo shunday vaziyatda ham korrupsiya keng quloch yoyib turibdi, xabarlar bundan dalolat berib turibdi. Modomiki, shunday lahzada xodimlar korrupsiyaga qo‘l urishyaptimi, demak, idora va tashkilotlarda hukm surayotgan muhit o‘ta yomon. Demak, korrupsiyaga qo‘l urayotgan xodim shu tobda – urush paytida millatga xiyonat qilayotganini his etmaydi, dushmanga xalqini sotib berayotganini anglamaydi. Nega anglamaydi?

Bu savol ustidan jindek o‘ylanib ko‘rsak, javob aynan idora va tashkilotlarda hukm surayotgan muhitga borib taqaladi. Zero, muhit yaxshi bo‘lgan joyda bunaqa illatlarga joy qolmaydi – yaxshi, nurli muhitda illatlar «erib, yonib ketishga» mahkum.

Negizida yotgan sabablarga barham berilmas ekan, muammolar barham topmaydi. Ammo bu hali hammasi emas. Yechimini topmagan muammolar borgan sayin urchiyveradi, urchiyveradi, gazaklaydi, tomir otadi.

Shuning uchun alohida holatlargagina emas, asl sabablarga nazar tashlasak, muvaffaqiyat qozonamiz. Aks holda, sababi bitta bo‘lgan turlicha muammolardan boshimiz chiqmay yuraveramiz.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid