O‘zbekiston | 18:05 / 11.08.2020
13438
25 daqiqa o‘qiladi

«Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimidagi muammolarni aynan qo‘lda boshqarish rejimida hal etishga to‘g‘ri kelmoqda» - Obid Hakimov

O‘zbekiston Respublikasi prezident huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov ushbu maqolasida kambag‘allikka qarshi kurashda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati va bu borada yuritilayotgan davlat siyosati yuzasidan izoh beradi.

Obid Hakimov Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 24 yanvarda Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida kambag‘allikka qarshi kurash iqtisodiy rivojlanish siyosatimizda ustuvor vazifa etib belgilandi.

«Kambag‘allikni kamaytirish – bu aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, insonning ichki kuch-quvvati va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha kompleks iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, demakdir», deb ta'kidlangan edi murojaatda.

Iqtisodiyot qonunlariga asosan, «kambag‘allik kambag‘allikni keltirib chiqaradi». Mazkur jarayon bir necha sabablarga ko‘ra sodir bo‘ladi.

Birinchidan, daromadlari past mamlakatlar sifatli ta'lim va sog‘liqni saqlash uchun yetarlicha pul sarflay olishmaydi, kambag‘al aholi esa sifatli pullik ta'lim va tibbiyot xizmatlarga qurbi yetmasligi sababli inson salohiyati pasayib, kambag‘allikdan qochib qutula olmaydilar.

Ikkinchidan, kambag‘al aholining daromadlari pasayib borgan sari, iste'mol bozorining sig‘imi mutanosib ravishda kichrayib boradi va buning natijasida sanoat mollari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va ayniqsa, xizmatlarga bo‘lgan talab pasayib boradi. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiy taraqqiyotga to‘sqinlik qiladi, budjet daromadlarini kamaytiradi va kambag‘allarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini kamaytirib yopiq siklik jarayon ko‘rinishiga keladi.

Uchinchidan, aksariyat hollarda kambag‘allarning dunyoqarashi daromad yuqori bo‘lganlardan farq qiladi. Yuqorida aytib o‘tilgan sabablarga ko‘ra, ular orasidan ijodkor va tadbirkorlik qobiliyatiga ega insonlarning yetishib chiqishi ehtimoli kamroq. Shuningdek, odatda kambag‘al oila a'zolari orasida jinoyatchilik ko‘rsatkichlari nisbatan yuqoriroq bo‘ladi.

Boshqacha qilib aytganda, kambag‘allikni keltirib chiqaruvchi omillar mamlakatda inson salohiyatini rivojlantirishga, ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanishi va aholining iqtisodiy faoliyatiga to‘sqinlik qiladi.

O‘zbekistonda oxirgi uch yil mobaynida kambag‘allikni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida aholi jon boshiga real jami daromad 43,9 foizga, o‘rtacha hisoblangan nominal oylik ish haqi 79,7 foizga yoki 2016 yildagi 1293,8 ming so‘mdan 2019 yilda 2324,5 ming so‘mga oshdi.

Jahon bankining «O‘zbekiston fuqarolarini tinglab» loyihasi doirasida, uy xo‘jaliklari orasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 2020 yilning yanvar-mart oylari uchun o‘rtacha kambag‘al xonadonning oylik daromadi taxminan 1,5 million so‘mni tashkil etib, taqqoslama narxlarda bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12 foizga oshgan.

Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi kambag‘allikni bartaraf etish muammosini strategik vazifa sifatida kun tartibiga qo‘ydi.

Mazkur muammoni hal qilishga hukumat tomonidan katta hajmdagi sa'y-harakatlar qaratilgan. Jumladan, mamlakatda kambag‘allikka qarshi kurashish uchun zarur institutlar yaratildi. Bu avvalambor Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining tashkil etilishi, kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatini belgilab beradi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta'minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaqinda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Mazkur vazirlik fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish institutlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi mas'ul davlat organi sifatida ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta'minlangan qatlamlarini aniqlash va manzilli ko‘mak berish borasida samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash va qishloq joylarini obodonlashtirish dasturlari amalga oshirilmoqda. Xususan, «Obod qishloq» dasturining amalga oshirilishi tufayli 1,7 mln qishloq aholisining yashash sharoitlari yaxshilandi. Birgina 2019 yilda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirish uchun jami 600 million AQSh dollariga teng 6,1 trln so‘m ajratildi.

Biroq, erishilgan natijalarga qaramay, hozirgi kunda O‘zbekistonda 400 mingdan ortiq oila turmush sharoitlari yaxshilanishiga muhtoj (Jahon banki mezonlariga ko‘ra, 2015 yil oktyabridan boshlab Global kambag‘allik darajasiga kuniga 1,9 AQSh dollardan kam daromad olganlar kiritilgan). Norasmiy sektorning mehnat bozoridagi ulushi 40-50foizni tashkil etadi. Biroq, kambag‘al uy xo‘jaliklarining faqat 23 foizigina ijtimoiy nafaqa olishadi.

Pandemiya davrida aholining kambag‘al va eng zaif qatlamlariga ijtimoiy va moddiy yordam ko‘rsatuvchi muassasalar faoliyatini isloh qilish zarurati kuchaydi. Shu bois bu muammolarni hal qilish jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Moddiy yordamni taqsimlashda kerakli nazorat, shaffoflik va manzillilikni ta'minlash maqsadida raqamli texnologiyalar asosidagi tizimli yechimlarni joriy qilish asosida avval yetarlicha manzilli bo‘lmagan va samarasiz tizimdan yangi tizimga o‘tilmoqda.

Xorijiy tajriba

Ijtimoiy himoya tizimi bu – kambag‘allik va tengsizlikni kamaytirish, aholining ijtimoiy zaif qatlamlari farovonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar va dasturlar majmuasidan iborat davlat siyosatidir.

G‘arb davlatlarida ijtimoiy himoyaning markazlashgan tizimi 20-asrning boshlarida Germaniya va Buyuk Britaniyada ijtimoiy ta'minot tizimlarining yaratilishi davrida, bir oz keyinroq esa AQShda – Buyuk depressiya davrida muvaffaqiyatga erisha boshladi. 100 yil oldin ijtimoiy himoya tizimlari faqatgina bir necha mamlakatda rasman mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ushbu tizim deyarli barcha davlatlarda amal qilmoqda. Mamlakatlar o‘z imkoniyatlari, milliy sharoitlari va ustuvorliklariga asoslanib ijtimoiy himoya tizimlarini quradilar.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi nafaqat moddiy yordam berishga, balki aholining yordamga muhtoj qatlamlarini kambag‘allikdan chiqarishga yo‘naltirilgan bo‘lishi muhim rol o‘ynaydi. Rivojlangan mamlakatlarda 1990 yillardan boshlab nafaqa ko‘rinishidagi ijtimoiy yordam oluvchilarni rasmiy tadbirkorlikka jalb qilish uchun majburiy talablar joriy qilingan. Bu amaliyot qo‘llanilgan mamlakatlarda (Koreya, AQSh, Yangi Zelandiya, Buyuk Britaniya va boshqalar.) aholi bandligi oshgani kuzatilgan.

Turli tadqiqotlar natijalari shuni ko‘rsatadiki, kambag‘allikdagi inson farovonligini faqatgina daromadlarga asoslangan baholash o‘rniga boshqa ko‘p kriteriyali tizimlari bilan o‘lchash kambag‘allikka qarshi kurashishning samarasini yanada oshiradi. Kambag‘allik bu faqatgina daromadlar emas, bu turli o‘lchamli (toza ichimlik suvi, sog‘liqni saqlash, sanitariya holati, boshqa zarur xizmatlar) hayot sifatini ifodalovchi ko‘rsatkichdir. Maqsadli ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimidagi bu o‘zgarishlar qisman Avstriya, Belgiya, Avstraliya, Kanada, Chexiya, Daniya va boshqa mamlakatlarda 2000 yillarning o‘rtalarida rasmiy kambag‘allik darajasini kamaytirishga omil bo‘lgan.

Turli mamlakatlar kambag‘allik darajasini kamaytirish uchun turli modellarni qo‘llashadi. Misol uchun, shved modeli ikki maqsadni ko‘zda tutadi: to‘liq bandlik va daromadlar tengsizligini kamaytirishni ta'minlash. Mazkur mamlakatida, ishsizlarni o‘qitish va qayta tayyorlash, talab yuqori bo‘lgan sohalarda ishlash qobiliyatini tiklashni ma'qul ko‘rishadi.

Xitoyda qishloq xo‘jaligini, shu jumladan, qishloq hududlarini rivojlantirish va yer islohotlariga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Chexiyada esa kambag‘al aholini moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlash uchun asosiy nafaqadan tashqari mahsulotlar va pul ko‘rinishidagi qo‘shimcha ko‘maklar beriladi.

AQShda kambag‘allarga ko‘rsatilayotgan yordam aholining 15 foizidan 20 foizigacha qismini qamrab oluvchi maxsus dasturlar orqali tarqatiladi. Eng ko‘p tarqalgan yordam turlari bu oziq-ovqat talonlari, arzon uy-joy olish dasturlari, qariyalar uchun tibbiy va ijtimoiy yordam turlari, bola parvarishlash bo‘yicha nafaqalar va boshqa turdagi qo‘llab-quvvatlash turlarini o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston sharoitida ham rivojlangan mamlakatlardek kambag‘allikni qisqartirishga kompleks yondashuv eng maqbul yechimdir. Mazkur siyosat mehnatga layoqatli aholini imkon qadar ish bilan ta'minlash va bir vaqtning o‘zida muhtoj odamlarni kambag‘allik chegarasidan chiqarishga qaratilgan davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab quvvatlashga qaratilgan.

Shu bilan birga, qashshoqlikni zudlik bilan bartaraf etishning imkoni bo‘lmagan sharoitda kam ta'minlanganlarni ijtimoiy himoya qilish, ularning daromad olishi va inson kapitalini rivojlantirishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish nazarda tutilmoqda.

Ijtimoiy model

O‘zbekiston ijtimoiy yo‘naltirilgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Bunday mamlakatlarda davlat jamiyat hayotidagi ishtiroki ancha muhim bo‘lib, u o‘z fuqarolari oldidagi ijtimoiy majburiyatlarini keng ko‘lamda amalga oshirilishini nazarda tutadi. Bu esa jamiyatning ijtimoiy zaif qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash zaruriyatini keltirib chiqaradi.

Kuchli ijtimoiy siyosat degani davlat institutlari tomonidan ijtimoiy ne'matlarni jamiyatning eng kam himoyalangan va eng zaif a'zolari foydasiga taqsimlash demakdir. O‘tgan yillar davomida O‘zbekistonda boshqa ko‘plab mamlakatlardan farqli o‘laroq, kuchli ijtimoiy siyosat amalga oshirilgani shubha ostiga olinmay kelinmoqda. Boshqacha qilib aytganda, O‘zbekistonda haqiqatan ham ijtimoiy adolat tushunchasiga mos keladigan davlat siyosati modeli tanlanganini ta'kidlash mumkin. Nima uchun bunday bo‘ldi?

Ming yillar davomida xalqimiz yashab turgan zaminimizda odamlar bir-biriga yordam berishi, og‘ir hayotiy vaziyatlarda qolgan qashshoq va zaif aholi qo‘ni-qo‘shni, mahalla va jamiyatdan madad olishi lozim, degan an'anaviy dunyoqarash shakllangan. O‘zbekistonda ijtimoiy shartnoma ijtimoiy axloqning ko‘p asrlik tamoyillariga asoslangan.

Shunday bo‘lsa-da, uzoq vaqt davomida, kambag‘allikning mavjudligi siyosiy sabablarga ko‘ra rasmiy darajada deyarli tan olinmagan, kambag‘allikni aniqlashning qonuniy tasdiqlangan mezonlari yo‘q edi, bu holda samarali ijtimoiy siyosat olib borish juda mushkul masala edi. Biroq, kambag‘allik muammosi yo‘qolmadi, hatto 2007 yilda uni bartaraf etish uchun tegishli strategiyani ishlab chiqishga harakat qilindi. BMTTD, Jahon banki va OTB bilan birgalikda «2008-2010 yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisi farovonligini oshirish strategiyasi» ishlab chiqildi. Biroq tan olish kerak, yaqin davrgacha mahalla qo‘mitalari orqali kambag‘allarni real ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida tub o‘zgarishlar amalga oshirilmadi.

Aniqlangan kamchiliklar

2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining xalq qabulxonalari ochilgach, fuqarolarning murojaatlari qabul qilinib, diqqat bilan tahlil etilgach, bu sohaning yetarli darajada samarali faoliyat ko‘rsatmayotgani va chuqur islohotga muhtojligi sezildi.

Xalq qabulxonalari faoliyat yuritib boshlagan kundan bugungi kungacha

3,6 milliondan ortiq fuqarolarning prezidentga murojaatlari qabul qilinib, ularda turmush darajasi, aholi bandligi, uy-joy, sifatli davlat xizmatlari, sog‘liqni saqlash va ta'lim bilan bog‘liq ko‘plab muammolar bayon qilingan.

Ko‘tarilgan masalalarning aksariyati fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimidagi kamchiliklar, aholining kam ta'minlangan va zaif qatlamlariga yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lib, bu borada fuqarolardan ko‘plab shikoyatlar kelib tushgan.

Bu yerda shuni ta'kidlash kerakki, moddiy yordam ko‘rsatish mexanizmi hali ham Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan «Kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizom» bilan belgilanadi. Ushbu qoidaga muvofiq, bolali oilalarga nafaqalar, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash to‘g‘risidagi qaror qabul qilishga vakolatli mahalla fuqarolar yig‘ini yoki komissiyaga belgilangan. Komissiya fuqarolar yig‘ini raisi boshchiligida fuqarolar yig‘ini tomonidan saylanib kelgan. Komissiya a'zolari 2 yil muddatga, fuqarolar yig‘ini raisi esa – o‘z vakolatlarining butun muddati davomida saylangan. Ushbu komissiya a'zolarining soni kamida 15 kishini tashkil etishi lozim.

Mazkur mexanizm, komissiya a'zolari o‘zlari yashayotgan mahallalarda qo‘llab-quvvatlanishga muhtoj aholini bilgan holda obektiv qarorlar qabul qilishni nazarda tutadi. Ammo, boshqa tomondan, jamoaviy qaror qabul qilishning bunday mexanizmi juda murakkab, yetarlicha shaffof emasligi va berilgan vakolatlar suiiste'mol qilinishini istisno qilmaydi, ayniqsa, ko‘plab jarayonlar ortiqcha hujjatlar va sertifikatlar taqdim etilishini talab qiladi. Balki shuning uchundir, ijtimoiy yordam ajratish mexanizmidagi qiyinchiliklar va kamchiliklar ta'sirida Prezident qabulxonalariga samarasiz yoki hatto adolatsiz moddiy yordam ajratish amaliyotlar haqida murojaatlar soni oshib ketishiga olib keldi.

Qo‘lda boshqarish rejimi

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, yordam pullarini ajratishda ham, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning boshqa sohalarida ham joylardagi real vaziyatni baholashga obektiv zaruriyat tug‘ildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi «Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi Farmonida xalq Xalq qabulxonalari hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obektlarni o‘rganish orqali muammolarni aniqlash, ularga yechim topishga qaratilgan tizim joriy qilindi.

Xalq orasida «Temir daftar» deb nomlangan kambag‘al oilalar reyestrini tuzishda kambag‘al oilalarni uyma-uy o‘rganish asosida, aholining ijtimoiy zaif qatlamlari muammolari ham hisobga olindi. Mazkur reyestr kambag‘allikni kamaytirish va sektorlar kesimida aholi farovonligini oshirish bo‘yicha maqsadli dasturga asos bo‘ldi. Aholi uchun hayotiy muhim ahamiyatga ega bo‘lgan mahalliy darajada hal qilinmagan muammolar viloyat yoki respublika darajalariga o‘tkazildi.

2019 yilda butun mamlakat bo‘ylab 6,1 milliondan ortiq xonadonda aholining muammolarini o‘rganish uchun tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan o‘rganishlar o‘tkazildi. Fuqarolar bilan o‘tkazilgan so‘rovlar natijasida hal qilinishini talab etiladigan 935,6 mingta muammo aniqlanib, ularning aksariyati hal qilindi. Aholi uchun eng og‘riqli muammolar orasida: suyultirilgan gaz ta'minoti (respondentlarning 18,9 foizi), bandlik (11 foiz), sog‘liqni saqlash (8,5 foiz), elektr energiyasi ta'minoti (8,1 foiz), bank kreditlari (7 foiz), moddiy yordam (5,7 foiz), ichimlik suvi (5,5 foiz), kadastr masalalari (5,3 foiz), uy-joy (4,4 foiz), tabiiy gaz (3,4 foiz), ko‘mir ta'minoti (2.3 foiz), pasport nazorati (2,1 foiz) va maktabgacha ta'limga oid masalalar (1,5 foiz) o‘rin olgan.

Joriy yilda, pandemiya bilan bog‘liq qator cheklovlar natijasida aholi turmush darajasi sohasida vaziyat yanada murakkablashdi. Shu bois ijtimoiy muammolarni aniqlash ishlari yanada muhim ahamiyat kasb etib, faol davom ettirilmoqda. Joriy yilning 1 avgust holatiga ko‘ra, aholini ijtimoiy himoya qilish masalalari bo‘yicha murojaatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravar ko‘paydi. Shuningdek, moddiy yordam va ijtimoiy nafaqalarni olish uchun arizalar soni ijtimoiy himoyaga murojaat etuvchilarning umumiy sonining 48 foizini tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,9 baravar ko‘p.

Shu bilan bir qatorda, fuqarolarning pensiya yoki nafaqalarni bekor qilish to‘g‘risidagi so‘rovlari 4 foizga kamayganini ta'kidlash lozim. Nafaqa darajasining kamligi bilan bog‘liq murojaatlar soni 52 foizga kamaydi. Tibbiy ehtiyojlar uchun moliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha arizalar soni 19 foizga, nogironlik uchun imtiyozlar bo‘yicha esa 14 foizga kamaydi.

Bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida murojaatlar soni 37 foizga, reabilitatsiya markazlariga murojaat qilish 29 foizga, nogironlarni protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya uskunalari bilan ta'minlashga oid murojaatlar 64 foizga kamaydi.

Shu bilan birga, keksa va nogironligi bor shaxslar tomonidan tibbiy yordam va dori-darmonlar uchun yordam so‘rash holatlari soni keskin oshdi (20 foiz). Karantin cheklovlari davrida ularning uy izolyatsiyasida bo‘lgani hisobga olinsa, mazkur vaziyat mantiqiy tus oladi.

Pandemiya bilan bog‘liq so‘rovlarning yangi toifalari ham ishlatila boshlandi. Karantin davrida fuqarolarni moddiy yordam, oziq-ovqat va himoya vositalari bilan ta'minlash to‘g‘risidagi murojaatlar umumiy murojaatlar sonining 16 foizini, oziq-ovqat va asosiy ehtiyojlarning narxi va tanqisligi to‘g‘risidagi murojaatlar esa 8 foizni tashkil etdi. Mazkur murojaatlarning asosiy qismi ijobiy hal etilgani ijtimoiy yordam ko‘rsatish masalalari ancha muvaffaqiyatli o‘tganini ko‘rsatadi.

Sektorlar tomonidan uyma-uy yurish orqali o‘tkazilgan o‘rganishlar ijtimoiy yordam tizimini rivojlantirish muhimligini ko‘rsatib berdi. Xususan, moliyaviy yordam oluvchilarning aksariyati nochor ahvolda emas, balki zamonaviy ta'mirlangan, mebel va boshqa buyumlar bilan jihozlangan xonadonlarda istiqomat qilishi, shuningdek avtomobil va bank hisobraqamlariga ega ekani aniqlangan bo‘lsa, kam ta'minlangan oilalarning aksariyati moddiy yordam olish uchun ro‘yxatga kiritilmagani kuzatildi. Ushbu holat, aholining kam ta'minlangan va himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini, xususan ushbu yordamni belgilash mezonlarini tubdan o‘zgartirish lozimligini ko‘rsatdi.

Tizimli yondashuv

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, oxirgi 2-3 yilda aholining ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimida o‘tgan yillar davomida to‘plangan mavjud muammolarni sektorlar tomonidan yig‘ilgan ma'lumotlar asosida qo‘l rejimida tezkor hal etish o‘zining samarasini ko‘rsatdi. Ammo tan olish lozimki, ko‘p hollarda «inson omiliga» haddan tashqari bog‘liqlik muammolarni yechishda boshqa muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin.

Xorijiy mamlakatlar tajribasi va tadqiqot jarayonida aniqlangan kamchiliklar ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish lozimligini ko‘rsatmoqda. Ayrim yordam turlarini ajratishning aniq mezonlari bo‘lishi, unga muvofiqlikni aniqlash mustaqil axborot manbalariga asoslanishi lozim. Yordam ajratish mezonlari va tartiblari, ajratilgan mablag‘lar to‘g‘risidagi ma'lumotlar aniq va butunlay shaffof bo‘lishi lozim. Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalarini qo‘lda boshqarishdan aniq va ravshan integratsiyalashgan tizimga o‘tkazish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, o‘tgan yilidan boshlab mamlakatimizda bu borada muhim qadamlar qo‘yildi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 apreldagi 308-son qaroriga muvofiq, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda, bu oilalar ehtiyoji va talabgorlarning belgilangan mezonlarga muvofiqligi darajasini oshkora, real vaqtda baholashni ta'minlaydi.

Ehtiyoj darajasi oila a'zolarining daromadlari, mol-mulk, bank hisobvaraqlari, olingan kreditlar, turli idoralarning tegishli ma'lumotlar bazalarida mavjud bo‘lgan avtomobillar haqidagi ma'lumotlarni hisobga olish yo‘li bilan aniqlanadi. Ushbu hisob-kitoblarga asosan ijtimoiy xizmatlar, yordamga muhtoj aholi va oluvchilarning yagona ma'lumotlar bazasi shakllantiriladi. Mazkur tizimni sinovdan o‘tkazish uchun Sirdaryo viloyatida 2019 yilning 1 oktyabridan boshlab pilot loyiha sifatida sinab ko‘rildi.

Ushbu tizim faoliyatini samarali amalga oshirish uchun aholiga ko‘rsatilayotgan yordam to‘g‘risidagi obektiv ma'lumotlar «Ijtimoiy himoya yagona reyestriga» kiritib borilishi kerak. Ushbu vazifa xonadonlarni o‘rganish jarayonida ham amalga oshiriladi. Mazkur ma'lumotlar asosida va ayrim oilalarning turmush darajasiga karantin cheklovlarining salbiy ta'sirini hisobga olgan holda, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga mas'ul idoralar tomonidan joriy yilda moliyaviy yordam va ko‘makka muhtojlar ro‘yxati tuzildi.

Ushbu ro‘yxatlardan kam ta'minlanganlar; imkoniyati cheklangan fuqarolar; ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar; yolg‘iz keksalar; doimiy ishsiz fuqarolar; karantin tufayli ishsiz qolgan fuqarolar; epidemiologik jihatdan nochor hududlardan qaytgan fuqarolar o‘rin olishgan.

Jami mazkur ro‘yxatlarga 1,7 milliondan ortiq a'zosi bo‘lgan 400 mingdan ortiq oila kiritildi. Ushbu oilalarga bir martalik ko‘mak berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Koronavirus pandemiyasi davrida yordam va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini moddiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2020 yil 30 iyuldagi PF–6038-son Farmoni bilan respublika budjetidan 380 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Moddiy ko‘mak miqdori har bir oila a'zosi uchun 220 ming so‘m miqdorida etib belgilandi.

Bu yo‘nalishda keyingi muhim qadam joriy yilning 4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qarori bo‘ldi. Qarorda joriy yilning 1 sentyabrdan boshlab ijtimoiy nafaqalarni tayinlash to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish va ularni tayinlash tartib-taomillari «Elektron hukumat» tizimining ajralmas qismi bo‘lgan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali bosqichma-bosqich amalga oshirilib, joriy yil oxirigacha respublikaning barcha hududlarida amalga oshirilishi belgilangan.

Ushbu tizimni joriy etishning asosiy maqsadlari – aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishning yagona tizimini yaratishdan iborat.

2021 yilning 1 yanvaridan boshlab, davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qo‘shimcha hujjatlar va ma'lumotlar fuqarolardan talab etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali kam ta'minlangan deb e'tirof etilganlik to‘g‘risida ma'lumotnoma yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi va 12 oy davomida amal qiladi. FHDYo bo‘limlari arxivlarida qog‘ozda saqlanadigan hujjatlarning elektron ma'lumotlar bazalarini shakllantirish maqsadida 30 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

Mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosini amalga oshirish O‘zbekistonda kambag‘allikni bartaraf etish jarayonida muhim vosita bo‘ladigan aholining kambag‘al va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga moddiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy va oshkora tizimini yaratishga xizmat qilishi lozim.

Xulosa

Mamlakatdagi kambag‘allikni bartaraf etish yo‘llaridan biri bo‘lgan – ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish faqatgina kompleks yondoshuvlar orqaligina amalga oshirilishi mumkin.

So‘nggi yillarda kambag‘allikni yengishga hissa qo‘shadigan boshqa sohalarda ham salmoqli sa'y-harakatlar amalga oshirildi. Ularga yangi ish o‘rinlari yaratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, qishloq joylari va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, qishloq joylarda infratuzilmani takomillashtirish, sog‘liqni saqlash, kasb-hunar ta'limi va tarbiyasini yaxshilash hamda iqtisodiy migratsiya kiradi. Bu sohalarda oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar mamlakatimizning uzoq muddatli kambag‘allikni qisqartirish dasturining muhim qismi hisoblanadi.

Obid Hakimov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori

Mavzuga oid