Jahon | 03:25 / 12.08.2020
50614
6 daqiqa o‘qiladi

Belarus: namoyishlar davom etdi. Oxirgi tafsilotlar

Belarusda prezidentlik saylovlari tugagach boshlangan norozilik namoyishlari to‘xtamayapti. Uchinchi kundirki odamlar kech tushishi bilan namoyishlarni boshlashdi. Belaruslar internetda o‘zlari guvoh bo‘lgan voqealarni o‘z sahifalariga joylashmoqda.

Foto: Yauhen Yerchak/EPA

9 avgust kuni Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkazildi. Unda 80 foizdan ko‘proq ovoz olgan Aleksandr Lukashenko g‘alaba qozondi. 11 foizga yaqin ovoz olgan Svetlana Tixanovskaya esa ikkinchi bo‘ldi. Saylovda amaldagi prezidentga asosiy raqobatchi bo‘lgan Tixanovskaya 11 avgust kuni Litvada ekani ma'lum bo‘ldi. U Litvadan turib murojaat ham yo‘lladi va hech qanday harakat inson hayotidan ustun bo‘lmasligini aytdi. Oldinroq esa Tixanovskaya odamlarni militsiyaga qarshi chiqmaslik va qonunga bo‘ysunishga chaqirdi. Biroq 9 avgustda boshlangan namoyishlar uch kundirki tugamayapti.

VVS'ning yozishicha, namoyishlarni yoritayotgan jurnalistlar harbiylar tomonida kaltaklanmoqda. Bu holatlar tasvirlangan videolar nashrning saytida e'lon qilingan. Minskda yana portlash ovozlari eshitila boshlagan. Serebryanka tumani hududida kuchli portlash sodir bo‘lgan va bu holatning videosi ilova qilingan. U yerda 300 chog‘li namoyishchilar bo‘lgani aytildi. Harbiy jurnalist Alek Lun o‘z sahifasida portlash holatlari tasvirlangan video joylagan.

Jurnalistlar ushlanmoqda

Mahalliy Onliner portalining yozishicha, nashrning muharriri va videomuxbiri qo‘lga olingan. Bu ma'lumotni «RIA Novosti» ham e'lon qildi. Namoyishlar boshlangandan buyon bir qator nashrlar o‘z jurnalistlari qo‘lga olinganini aytishgan. Masalan, «Meduza», «RIA Novosti» nashrlarining jurnalistlari ham qo‘lga olingan va ular Rossiya elchixonasining aralashuvidan so‘ng qo‘yib yuborilgan. «Meduza» jurnalisti Maksim Solopov qo‘lga olish vaqtida harbiylar tomonidan kaltaklangan. Bu haqda Daily Storm nashri muxbiri Anton Starkov aytgan. U holatning videosi ham o‘zida borligini aytgan.

Rossiyalik jurnalistlarning qo‘lga olinishi mavzusiga Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham munosabat bildirdi: «Bu vaziyatni insoniylik tamoyillaridan kelib chiqqan holda hal qilish kerak», dedi Lavrov jurnalistlar akkreditatsiyadan o‘tkazilmagan bo‘lsa-da, bu muammoni hal qilish zarurligini ta'kidlab. Lavrov «Meduza» Rossiya OAVsi emasligini, ammo Maksim Solopov Rossiya fuqarosi ekanini aytib, vaziyatni belaruslik hamkasblari bilan hal qilishini aytdi.

Odamlar mushakbozlik qilishmoqda

Minskning bir necha yerida namoyishchilar mushakbozlik qilayotgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Videoda xursandchilik qilayotgan odamlar oldida turgan harbiylar ularga qarshilik qilmagani ko‘ringan. Odamlar g‘alabani nishonlashayotganini aytishgan. Biroq namoyishlar hamma yerda ham xotirjam o‘tmayapti. «RIA Novosti»ning yozishicha, namoyishchilar militsiya avtobusining oynalarini sindirishgan.

Kasalxonalarda allaqachon namoyishchilarni olib borishgan. Ma'lum bo‘lishicha, portlash ovozlari eshitilgan Serebryankaga juda ko‘plab tez yordam mashinalari yo‘l olgan. Yaralangan odamlar haqida ma'lumotlar paydo bo‘ldi. Bir kishi mashinada voqealarni videoga olib ketayotganida, uni mashinasidan tushirib, kaltaklashganini aytgan bo‘lsa, yana bir kishining yuziga rezina o‘q tekkan.

Ko‘ngillilar tomonidan 9 avgustda namoyishlarda jabrlangan va yaralanganlarni qo‘llab-quvvatlash uchun fond tuzilgandi. Ma'lum bo‘lishicha, bu fond allaqachon 1 million dollar pul yig‘gan.

O‘z navbatida Belarusda bir kun internetni bloklash mamlakatga qancha zarar keltirishi hisoblab chiqildi. Ma'lum bo‘lishicha, bir kun internetni bloklash Belarusga 56 million 401 ming dollarga tushadi.

Signal chalganlar to‘xtatilmoqda

Telegram foydalanuvchilari o‘zlari guvoh bo‘lgan holatlarning videolarini joylashmoqda. Ularda signal chalayotgan va voqealarni videoga olayotgan mashinadagilar to‘xtatilib kaltaklanayotgani ko‘ringan. Shuningdek, harbiylar odamlarni quvib yetib bir kishini bir necha kishi bo‘lib urayotgani tasvirlangan o‘nlab videolar tarqaldi.

Bu vaqtda xalqaro maydonda Belarusdagi voqealarga munosabat bildirish davom etmoqda. Avvalroq AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Belarusda bo‘layotgan voqealarni qoralab chiqqandi. Bugun Niderlandiya tashqi ishlar vazirligi ham bu borada bayonot berdi: «Niderlandiya Yevropa Ittifoqining qolgan davlatlari kabi tinch namoyishchilarga qarshi kuch ishlatishni qoralaydi va siyosiy rahbariyatni fuqarolar bilan muloqotga kirishishga chaqiradi», deb Niderlandiya TIVning bayonotini keltirmoqda VVS.

Rossiyalik jurnalist Yuriy Dud bo‘layotgan voqealarga quyidagicha munosabat bildirdi: «Ba'zan toshib ketganingdan shunchalik asabiylashib ketasanki, qo‘shnilarga gapirib yuborishga ham to‘g‘ri keladi. Siz (harbiylar – tarj.) qurolsiz hamyurtlaringizni kaltaklash uchun supermen bo‘lmagansiz deb o‘ylayman. Men nimani ko‘rdim? Siz nafaqat qurolsiz odamlarni kaltaklayapsiz, hatto sizga qarshi chiqqanlarni emas, shunchaki aylanib yurgan, uyi oldida o‘tirgan va itini sayr qildirayotganlarni ham uryapsiz. Bo‘lib o‘tayotgan voqealardan keyin sizning boshlig‘ingizni bir xil kelajak kutadi – o‘z xalqining nafrati.

Jurnalist xavfli kasb, aytaylik, u o‘qdan qochib yurishini oddiy deb qabul qilish mumkin. Lekin uning 40 soatlab bedarak yo‘qolib qolishi tinch Yevropa mamlakatining poytaxti uchun uyatli holat», degan Dud.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bo‘lib o‘tgan voqealardan so‘ng namoyishchilarni qo‘ylar deb atadi: «Polsha, Britaniya, Chexiyadan qo‘ng‘iroqlar bo‘lgan, bizning, kechirasizku-ya, qo‘ylarni boshqarishgan. Ular nima qilayotganliklarini bilishmaydi. Ularni boshqarishmoqda», dedi Lukashenko.

Mavzuga oid