Lukashenkoning Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri bilan birga ko‘rinish bergani Bishkek noroziligiga sabab bo‘ldi
Bishkek Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko va Qirg‘izistonning qidiruvdagi bo‘lgan sobiq bosh vaziri Doniyor Usenovning omma oldida birga paydo bo‘lishi yuzasidan Minskdan tushuntirish berishni talab qildi. Bu haqda Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligida kaktus.media nashriga ma'lum qilindi.
Shu munosabat bilan 11 avgustda Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligiga Belarusning Bishkekdagi elchixonasi vakili chaqirtirilgan.
Ta'kidlanishicha, Belarus vakili bilan uchrashuv vaqtida qirg‘iz tomoni 10 avgustda Belarusdagi davlat korxonasida xalqaro qidiruvda bo‘lgan va Qirg‘iziston sud idoralari tomonidan sudlangan Usenovning paydo bo‘lishi bo‘yicha tushuntirish talab qilgan. Bunday harakatlar Qirg‘iziston va Belarus o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga, o‘zaro manfaatli hamkorlikni qurishga putur yetkazishi ta'kidlab o‘tilgan.
Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi tegishli nota berib, Belarus tomonini Usenovni va Belarusda qolayotgan boshqa shaxslarni qo‘lga olish va Qirg‘izistonga ekstraditsiya qilish bo‘yicha zudlik bilan choralar ko‘rishga chaqirgan.
Avvalroq Belarus OAVda Lukashenko 10 avgustda biznesmen Daniil Uritskiy rahbarlik qiluvchi “Belarus milliy biotexnologik korporatsiyasi”ga tashrif buyurgani ma'lum qilingan.
Qirg‘izistonda Doniyor Usenov Belarusda Daniil Uritskiy ismli shaxs nomiga pasport olgani ta'kidlanib kelinadi.
Usenov Qirg‘izistonni 2010 yil aprelidagi inqilobdan keyin tark etgan va vatanida umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan. Uritskiy va Usenov o‘rtasidagi yaqqol o‘xshashlik borligiga qaramay, Uritskiy Qirg‘izistonning sobiq bosh vaziri ekanining aniq isboti yo‘q. Uning o‘zi esa 2018 yilda Belarus OAVga bergan intervyusida buni rad etgan.
2018 yilda Bishkek Belarusga Usenov-Uritskiyning ekstraditsiya qilinishi iltimosi bilan murojaat qilgan, biroq rad javobini olgan.
Usenov 2009 yil oktyabrda Qirg‘iziston bosh vaziri etib tayinlangan. 2010 yil 7 aprelda mamlakatdagi ommaviy noroziliklar sababli iste'foga chiqqan. Shundan keyin matbuotda u Britaniyaga qochgani haqida ma'lumotlar paydo bo‘lgan.
Usenov Qirg‘izistonda xizmat lavozimini suiiste'mol qilish va yer qonunchiligini buzish bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topilgan.
Mavzuga oid
16:44
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi Qirg‘izistonda 38 ta maktab qurib beradi
17:21 / 06.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida 8 ta hujjat imzolandi
21:34 / 05.11.2024
Qirg‘izistonlik ayollar 10 nafargacha farzand ko‘rishga chaqirildi
19:40 / 05.11.2024