Jahon | 22:04 / 12.08.2020
28161
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya hukumati vaksina borasidagi tanqidlarga javob qaytardi

Rossiya vaksinasining ilk qadoqlari 2 hafta ichida chiqariladi, deb e'lon qildi Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko. Rossiyada koronavirusdan vaksinani dunyoda birinchi bo‘lib ro‘yxatga oldi, ammo bunga dunyoda ishonchsizlik bilan qaralmoqda.

Foto: Mixail Djaparidze/TASS

Vaksina ro‘yxatga olingani haqida Rossiya prezidenti Vladimir Putin yaqinda e'lon qilgandi. U shuningdek o‘zining qizlaridan biri sinov davrida emlanganini ma'lum qildi.

«Hozir sifat nazorati olib borilmoqda. Ikki hafta ichida birinchi qadoqlar chiqariladi va yuqori xavf ostidagi shifokorlar [emlanishi] uchun yetkazib beriladi», dedi Murashko chorshanba kuni. Vaksinatsiya hammaga, shu jumladan shifokorlar uchun ham ixtiyoriy amalga oshirilishi ta'kidlangan. 

Murashko, shuningdek, Rossiya Covid-19'ga qarshi dunyodagi birinchi vaksinani joriy etishga shoshilayotgani va o‘zining imiji yaxshilanishi uchun behuda urinayotgani haqidagi fikrlarga munosabat bildirdi. U Rossiya vaksinasiga nisbatan xorijiy tanqidlar asossizligi va raqobatdan qo‘rqish ortidan yuzaga kelganini qayd etgan.

«Chet ellik hamkasblar, ehtimol rus olimlari preparatlarining ma'lum bir raqobatdosh afzalliklarini sezib, bizning fikrimizcha, mutlaqo asossiz bo‘lgan ba'zi fikrlarni yoyishga urinishmoqda», dedi Murashko. 

G‘arb tanqidlari
Reyter agentligining xabar berishicha, insonlarda ikki oydan kam vaqt davomida sinalgan vaksinaning Rossiyada ro‘yxatga olinishi e'lon qilingani dunyo sog‘liqni saqlash mutaxassislari orasida xavotir uyg‘otmoqda. Ularning fikriga ko‘ra, to‘liq sinov natijalarisiz vaksinaga ishonish qiyin. 

Iyul oyida Moskvadagi Gamaleya markazida Rossiya vaksinasining ko‘ngillilarda o‘tkazilgan ilk sinovlari yakunlandi. 

«Rossiya, aslida, populyatsiya darajasidagi katta tajriba o‘tkazmoqda», dedi Britaniyadagi Uoriks biznes maktabi farmakologik tadqiqotlar bo‘yicha mutaxassisi Ayfer Ali. Vaksinaning bu kabi tezkor ravishda ro‘yxatga olinishi, uning fikricha, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nojo‘ya ta'sirlarning to‘liq aniqlanmasligiga olib kelishi mumkin. Katta ehtimol bilan, ular kamdan kam uchraydi, ammo jiddiy bo‘lishi mumkin, deya ogohlantiradi ekspert. 

Londondagi Universitet kollejining Genetika instituti mutaxassisi Fransua Ballu qat'iyroq gapirdi va Covid-19'ga qarshi rus vaksinasi ro‘yxatga olinishini «bemulohaza va ahmoqona qaror» deb atadi. «Tegishli bo‘lmagan tartibda tekshirilgan vaksina bilan ommaviy emlash odobsizlikdir», dedi u. 

AQSh prezidenti maslahatchisi Kellienn Konueyning aytishicha, Rossiya vaksinasi AQSh ishlanmalaridan orqada qolmoqda va klinik sinovlardan juda kam o‘tgan. 

«AQSh standartlari Davolovchi vositalar bo‘yicha federal ma'muriyat tomonidan belgilanadi. Va Rossiya bayonotidan anglashimcha, ular bizdan yiroqda», dedi u (RBK iqtibos keltirgan). 

Prezident Donald Trampning o‘zi Amerikada uchta vaksina klinik sinovlarning so‘nggi bosqichida ekanligini va «katta umid berayotganini» aytgan. 

O‘z navbatida, AQShning yuqumli kasalliklar bo‘yicha bosh mutaxassisi Entoni Fauchi rus vaksinasi tayyorligi haqidagi bayonotga shubha bildirgan: «Vaksina mavjudligi va vaksinaning xavfsiz hamda samarali ekanligini isbotlash bu ikki xil narsalardir» (Interfaksdan iqtibos). 

«Umid qilamanki, rossiyaliklar vaksinaning xavfsiz va samarali ekanligini haqiqatan ham aniq isbotlashgan», deya qo‘shimcha qildi u. Unga ko‘ra, dunyoda Covid-19 vaksinasi dunyoda faqat yil oxirida paydo bo‘ladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Rossiya bilan aloqada bo‘lib, ushbu vaksinani dastlabki kvalifikatsiyalash imkoniyatlarini muhokama qilmoqda, dedi tashkilot vakili Tarik Yasarevich.

«Har qanday vaksinaning JSST tomonidan dastlabki malakalanishi klinik tadqiqotlar natijasida to‘plangan xavfsizlik va samaradorlikning barcha zarur ma'lumotlarini sinchkovlik bilan ko‘rib chiqish va baholashni o‘z ichiga oladi», dedi u. 

Vaksina yaratilgan platforma puxta o‘rganilgan, uni shu yo‘l bilan yaratish eng xavfsiz usuldir,  deb ma'lum qildi Murashko. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, platforma bir qismi sinov jarayonida bo‘lgan, boshqa qismi esa allaqachon ro‘yxatga olingan preparatlardan tashkil topgan.

Mavzuga oid