Fermer yeri noqonuniy olib qo‘yilishiga qarshi qanday choralar ko‘rish kerak?
So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligida klaster tashkil etish, yerlarni maqbullashtirish kabi turli sabablar bilan ayrim fermer xo‘jaliklari faoliyatida barqarorlik buzilgan. Yerlar turli vajlar bilan tortib olinishi ko‘paygani tufayli fermerlarda kelajakka nisbatan ishonchsizlik, mavhumlik kuzatilmoqda.
Xo‘jalik yerlari qonun bo‘yicha qanday qaytarib olinadi? Amalda bu jarayon qanday davom etyapti?
Fermer kim?
Fermer xo‘jaligi – ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yektidir. O‘sha xo‘jalik rahbari fermer hisoblanadi. U O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishning asosiy sub'yektidir.
Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish bilan birga qishloq xo‘jaligi mahsulotini qayta ishlash, saqlash va realizatsiya qilish, sanoat ishlab chiqarishi, ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkin.
Aslida fermer xo‘jaligi boshlig‘ining huquq va majburiyatlari boshqa shaxsga o‘tkazilishiga ruxsat berilmagan. Amalda fermerning farzandlar yoki yaqin qarindoshi xo‘jalik boshqaruvi ishlarini bajarishi, belgilangan majlis va yig‘ilishlarda ishtirok etib, fermer nomidan qaror qabul qilishi ko‘p uchraydi.
Yerni fermerga ijaraga berish tartibi
O‘zbekiston qonun hujjatlariga ko‘ra, fermer xo‘jaligi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda va zaxira yerlarda tashkil etiladi. Chorvachilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligi kamida 30 shartli bosh chorva moli bo‘lgan taqdirda tashkil etiladi. Chorvachilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligiga beriladigan yer uchastkalarining eng kam o‘lchami bir shartli bosh chorva molga hisoblaganda Andijon, Namangan, Samarqand, Toshkent va Xorazm viloyatlardagi sug‘oriladigan yerlarda kamida 0,3 gektarni (nasldor chorvachilik fermer xo‘jaliklari uchun 0,5 gektarni), boshqa viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi sug‘oriladigan yerlarda kamida 0,45 gektarni, sug‘orilmaydigan (lalmikor) yerlarda esa kamida 2 gektarni tashkil etadi.
O‘tgan yili Farg‘onaning Qo‘shtepa tumanida chorvador fermerga yer berish masalasida sovuqqonlik qilgan hokim tufayli 35 bosh naslli qoramol ozuqa-yem yetishmasligidan nobud bo‘lgandi. Tuman hokimligi esa fermerga berilgan 55 gektar maydonga ozuqa o‘rniga g‘alla ekish uchun shartnomani majburan imzolatgani bildirilgan. Ya'ni qonun talabi ijro hokimiyati tomonidan quyi bo‘g‘inda a'lo darajada bajarilmayotgani holatlari ko‘p uchrab turadi.
Dehqonchilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklariga ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam o‘lchami paxtachilik va g‘allachilik uchun kamida 30 gektarni, g‘allachilik va sabzavotchilik uchun kamida 10 gektarni tashkil etadi. Ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam o‘lchami bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik va boshqa ekinlarni yetishtirish uchun kamida 1 gektarni, ko‘pi bilan 5 gektarni tashkil etadi.
Yer kodeksida fermer xo‘jaliklariga yer uchastkalari:
- ochiq tanlov asosida;
- o‘ttiz yildan 50 yilgacha, lekin 30 yildan kam bo‘lmagan muddatga;
- zaxira yerlari yoki qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan ajratilishi nazarda tutilgan.
Tanlov yakuniga ko‘ra, yerdan foydalanish to‘g‘risida tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining xulosasiga binoan xalq deputatlari tuman kengashining qarori qabul qilinadi. Shu hujjat asosida, tuman hokimining qarori bo‘yicha yer beriladi. Yerni ijaraga olish shartnomasi fermer xo‘jaligi boshlig‘i va tuman hokimi tomonidan imzolanadi. Aslan, tuman hokimi ham xalq deputatlari tuman kengashiga saylanadi, u shu kengashga raislik qiladi. Davlat rahbari bu amaliyotni tugatish bo‘yicha taklif bildirgan, ammo uzoq yillik tajribadan hanuz voz kechilgani yo‘q. Bundan anglashiladiki, fermerning yer olishi tuman hokimi irodasiga juda qattiq bog‘langan.
Fermer mulkiga tajovuz va yerlarni tortib olish
Qonunlarga ko‘ra, balansida ko‘rsatilgan bino-inshootlardan tortib dov-daraxtgacha, asbob-uskuna va texnikalar fermer xo‘jaligi mulki hisoblanadi. Shunga qaramay, 2019 yildan ayrim tumanlarda bog‘dorchilik yerlaridan samarasiz foydalangani ro‘kach qilinib, daraxtlar mutasaddilar tomonidan qo‘porib tashlanishi holatlari kuzatila boshladi. Daraxtlar fermerning mulki ekani inobatga olinmadi.
Sirdaryoda yeri noqonuniy olib qo‘yilganini aytgan chorvador-fermer sud instansiyalar aro sarson bo‘ldi, Qo‘shko‘pir tumanidagi fermer esa «o‘z arizasiga asosan» yerlari tortib olinganini aytib berdi.
Umumiy qilib olganda, masalaning quyidagi uch jihati bor.
Birinchidan, 1998 yili qabul qilingan «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonun va 2004 yili unga kiritilgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalar ma'nan eskirdi. Zamon talablariga qonun bandlari javob bermay qo‘ygan. Oliy Majlis deputatlari ushbu qonunni yangi tahrirda qabul qilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bundan tashqari, hukumat va davlat rahbarining qishloq xo‘jaligi sohasiga oid turli hujjatlari bevosita fermerlar faoliyatiga doir bo‘lyapti. Ayrim holatlarda hujjatlardagi bandlar bir-biriga zid keladi yo teskari talqin etish mumkin bo‘lgan darajada ishlab chiqilgan. Shunday ekan, qishloq xo‘jaligi sohasidagi qonun hujjatlarini yagona hujjatda muffasal keltirib, munosabatlarni tartibga keltirishga zarurat bor.
Ikkinchidan, tuman hokimligining fermerlik faoliyatiga aralashuvini keskin kamaytirish lozim. O‘tgan davr ichida tortib olingan yerlar noqonuniy bo‘lgani uchun bir necha tuman hokimi qarorlari bekor qilingan. Ammo tuman hokimi yo mutasaddi shaxslarga nisbatan namoyishkorona xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi, ularning javobgarlikka tortilishi haqida ma'lumot yo‘q. Qolaversa, erqin bozor iqtisodiyoti qoidalaridan qochib, fermer bilan markazlashgan iqtisod tamoyili asosida ish olib borish xato.
Uchinchidan, fermer xo‘jaligi rahbarining o‘z istagi bilan yerni zaxiraga qaytarish to‘g‘risidagi ariza notarial idora tomonidan tasdiqlanib, notarius oldida imzolanishi lozim. Shunda turli kelishmovchilik, hujjatlarni soxtalashtirish va femerning yerini noqonuniy tortib olish holatlari kamaygan bo‘lardi.
Alisher Ro‘zioxunov
Mavzuga oid
11:09 / 08.11.2024
Andijonda kottejlar qurish uchun yer hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar talab qilgan shaxs ushlandi
10:19 / 08.11.2024
“Tanish-bilish o‘tmaydi” – Kadastr agentligi direktori yerga egalik huquqini olishda firibgarlarga aldanmaslikka chaqirdi
20:28 / 01.11.2024
Fermer endi yerga ijara huquqini sotishi mumkin – savollarga javoblar
16:04 / 01.11.2024