Jahon | 10:54 / 13.08.2020
5896
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Pentagon rahbarining iste'fosini muhokama qilgani ma'lum qilindi 

AQSh prezidenti Donald Tramp noyabrdagi prezident saylovlarida g‘alaba qozonsa, Pentagon rahbari Mark Esperni iste'foga chiqarish imkonini o‘z maslahatchilari bilan muhokama qilgan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib Bloomberg axborot agentligi xabar berdi.   

Foto: RIA Novosti

AQSh mudofaa vazirining iste'foga chiqarilishi mumkinligiga uning Tramp bilan bir necha masalalar bo‘yicha kelishmovchilikka borgani sabab qilib ko‘rsatilgan. Jumladan, Trampga uning AQShda qora tanli Jorj Floyd o‘limidan keyin yuzaga kelgan tartibsizliklarni bostirishda armiya va federal kuchlarni qo‘llash qarorini Esperning qo‘llab-quvvatlamagani yoqmagan.

Bundan tashqari, Esper va Tramp AQSh harbiy obektlarida Konfederatsiya bayrog‘ini qo‘llash borasida turli pozitsiyalarni egallagan. Jumladan, Pentagon rahbari bu bayroqni taqiqlovchi farmon chiqargan.

Bloomberg’ning Esperga yaqin amaldorga tayanib xabar berishicha, Pentagon rahbari Tramp bilan u buni istaguncha ishlashga tayyor. Boshqa manbaning ma'lum qilishicha, vazir noyabrdagi saylovlar natijalaridan qat'i nazar o‘z lavozimini tark etmoqchi.

Biroq Reuters ma'lumotlariga ko‘ra, Oq uy rasmiy vakili Jadd Dir Tramp ma'muriyati xodimlarini o‘zgartirishga tayyorlanayotgani haqidagi ma'lumotni rad etgan. “Ayni vaqtda biz xodimlarni o‘zgartirishni rejalashtirmaganmiz. Hozir saylovlardan keyin yoki prezidentning ikkinchi muddati vaqtidagi o‘zgartirishlar haqida taxminlar bildirish maqsadga muvofiq emas”, deb aytgan Dir. 

Mavzuga oid