Jamiyat | 08:51 / 16.08.2020
23071
12 daqiqa o‘qiladi

So‘z erkinligi. Imkoniyatmi yoki ehtiyoj?

Internet yaxshilik yoki yomonlik emas, bir vositadir. Xuddi pichoq kabi. Pichoq bilan odam o‘ldirish mumkin, qovun kesish ham mumkin. Agar pichoq taqiqlansa, odamni tosh bilan urib o‘ldirishadi. Ammo qovunni ham tosh bilan urib yorishadi. Ya’ni, odam sivilizatsiyani taqiqlagan sari, g‘orga qarab kirib boraveradi.

Haq olinur, berilmas. So‘z erkinligi aslida, insonning tug‘ilishidan unga Xudo tomonidan berilgan huquq bo‘lsa-da, uning amal qilinishi uchun insoniyat yillar davomida kurashdi, ya’ni bu huquq ham qaysidir ma’noda sivilizatsiyadir. Bir paytlar Galileyni yer aylanishi haqidagi fikridan voz kechishga majbur qilishgan, bir paytlar inson bir so‘zi uchun jazolanishi, o‘ldirilishi mumkin edi. Bunday holatlar tomon qadam tashlash, nafaqat o‘sha matbuot, so‘z erkinligini, balki butun rivojlanishning ham oyog‘iga bolta uradi.

Bu mavzular haqida alohida tushuntirish davri allaqachon o‘tgan. Zero, prezident Shavkat Mirziyoyev boshqaruvga kelgan ilk yillaridanoq birinchi navbatda so‘z va matbuot erkinligi, jurnalistika, blogerlik, jamoatchilik nazorati haqida juda ko‘p bora chiqish qildi. So‘z erkinligisiz boshqa sohalarda ham rivojlanish bo‘lmasligi uqtirib kelinadi.

Ammo bu chaqiriqlarni eshitmaslikka oladigan yoki teskari tushunib, saytlar yoki jurnalistlarga dushmandek qaraydigan, ular olib chiqayotgan mavzularni salbiy baholab kelayotganlar ham yo‘q emas. Xususan, bunday qarashlarni biz, shunchaki, tanqidchilarga qarshi fikriy kurashlarda yoki bayonotlarda, trollar fabrikasini ishga solishda emas, texnik aralashuvlarda ham ko‘ryapmizki, bu vaziyat jiddiy ekanini ko‘rsatadi.

Masalan, so‘nggi kunlarda Facebook ijtimoiy tarmog‘i ko‘ngildagidek ishlamayapti, bu haqida juda ko‘p shikoyatlar bor — jamiyatdagi muammolar va ularning yechimlari eng ko‘p ko‘tariladigan, jamoatchilik nazorati eng faol tarzda o‘rnatilgan ijtimoiy tarmoqning O‘zbekistonda yaxshi ishlamayotganiga hali ham aniq izoh yo‘q. Yoki yaqinda Komil Allamjonov tomonidan e’tibor qaratilgan mavzu — ba’zi faol blogerlarning Telegram akkauntlarini buzishga urinish holatlari, bu ham alohida e’tiborga arziydigan tahdidlarning bir ko‘rinishidir.

Bundan tashqari, erkin matbuot, tanqidiy chiqishlarning ayniqsa, pandemiya yoki Sardoba fojiasi davrida zararli ekani haqidagi qarashlar ham avj olib, erkin blogerlarni cheklashga urinish holatlari, matbuotchilarni go‘yoki uydirmachi, haypga o‘ch, shov-shuv ketidan quvadigan axloqsiz shaxsiyatlar sifatida ko‘rsatish holatlari ham paydo bo‘ldi.

So‘z erkinligi davlat boshqaruviga xalaqit beradimi yoki yordam?

Joylardagi matbuotning xolis ishlashi va axborot tarqatishi boshqaruvning sifatli, mas’uliyatli bo‘lishiga olib kelishi shubhasiz. Agar erkin matbuot bo‘lmasa, davlatda har bir soha bo‘yicha alohida muqobil axborot paydo bo‘ladi. Bu axborot xolis insonlar tomonidan qilinmagach, tabiiyki, u yoki bu ma’lumotning berilishidan manfaatdor qatlam bu ishni o‘z zimmasiga oladi. Bu yolg‘on hisobotlar shaklida ham yoki joylardagi rahbarlarning «cho‘ntak jurnalistlari» yordamida ham amalga oshirilishi mumkin. Ko‘zbo‘yamachilik, yo‘q yutuqlarni ko‘rsatishga urinish, ayblarni xaspo‘shlash avj oladi. Yuqoridagilar oldida topshiriqlar bajarilayotgani, xalqning rozi ekani haqida turli illyuziyalar paydo bo‘ladi. Qarorlar va qonunlar chiqarishda xalqning kayfiyati, istaklari, ehtiyojlari aks etmaslik holatlari ko‘payadi.

O‘z navbatida, xalq ham yuqorida o‘z istaklari, ehtiyojlarini ko‘rmagach, o‘rtada jarlik hosil bo‘ladi. Ishonchsizlik avj oladi. Rahbarlar xalq oldidagi mas’uliyatini unutgandek, odamlar ham davlat oldidagi mas’uliyatni unuta boshlaydi.

Demak, agar kim erkin matbuotni yomon ko‘rsa, unga qarshi kurashsa, bilish mumkinki, u o‘ziga yuklangan mas’uliyatni tan olmaydi, o‘sha mas’uliyat asosida, atrofdagilarning nazorati ostida ishlashni yomon ko‘radi. O‘z o‘zidan bunday rahbarlar topshirilgan amalga nomunosib bo‘ladilar.

Axir ma’lum bir hududdagi kamchiliklar va yutuqlar haqida eng to‘g‘ri ma’lumot aynan erkin matbuot tomonidan olib chiqiladi. Rahbarlar buning yordamida kim qanday ishlayotganini bilishlari, aholini aynan nimalar qiynayotgani haqida aniq axborotni olishlari va tezkor yechimlarni berishlari mumkin. 

Erkin matbuot chet elliklar oldida bizni sharmanda qiladimi?

Bu ham keng tarqalgan afsonalardan, go‘yoki, agar yurtimizdagi kamchiliklar haqida qanchalik ko‘p gapirilsa va bu internetga chiqsa, chet elliklar o‘qib, O‘zbekiston haqida yomon taassurotga ega bo‘larmish...

Aksincha, biz doim AQSh yoki Yevropada sodir bo‘ladigan salbiy voqealar, rahbarlarning xatolari, noroziliklar haqida o‘qiymiz, tomosha qilamiz. Lekin bu bilan bizda o‘sha mamlakatlarga nisbatan salbiy munosabat shakllanadimi? Aksincha, u yerdagi so‘z erkinligi, prezidentdan tortib, har qanday amaldor tanqid ostiga olinishi, javobgarlikka tortilishi havasimizni keltiradi.

Ya’ni bir davlat haqida, o‘sha davlat ichkarisida salbiy axborotlar, tanqidlarning ko‘p bo‘lishi, o‘sha mamlakatda so‘z erkinligiga amal qilinayotganini ko‘rsatadi. So‘z erkinligiga amal qilinyaptimi, demak, muammolar ochiq tilga olinadi; ochiq tilga olinadimi, demak, ularni hal qilish yo‘lida ham nimadir qilinadi.

Ichki axborot ehtiyojimizni turli soxta yaxshi xabarlar, maqtovlar bilan to‘ldirishimiz, boshqasini cheklashimiz mumkin, ammo bu bilan chet elliklar oldida obro‘yimiz oshib qolmaydi. Aksincha, erkinlikka bog‘liq turli reytinglarda so‘nggi o‘rinlarni band etib, qandaydir mujmal, mavhum, qo‘rqinchli taassurot qoldirib yuraveramiz.

Muammo haqida gapirmaslik bilan axborot bozorini qondirish mumkinmi?

Bundan tashqari, hozir shunday zamonki, texnologik rivojlanishlar tufayli, har bir shaxs axborot yaratuvchi bo‘lib imkoniyatiga ega. Oddiy qo‘l telefonidan olingan bir video yoki audio bir zumda dunyoning narigi chekkasiga borishi, bir axborot oz o‘tmay, chet el saytlari jurnalistlari ixtiyoriga o‘tib qolishi mumkin.

Ya’ni, so‘z erkinligini qisman cheklashning iloji yo‘q, ichkaridagi matbuot yoki blogerlarni har qancha qisgan bilan, o‘sha axborot «Ozodlik» va shunga o‘xshagan chet el saytlari qo‘liga yetib boradi. Bir narsani tan olish kerakki, ma’lum bir axborot o‘zimizning saytlarda boshqacharoq, qaysidir ma’noda vaziyat har tomonlama o‘rganilib, mojaro taraflariga so‘z berilgan holda imkon qadar xolisanillo, chet el nashrlarida esa, aksincha, bir tomonlama va ko‘pincha qora bo‘yoqlar bilan aks ettiriladi. Xo‘sh, ichki matbuotni cheklasak, xalqimizga yoki chet eldagi hamkorlarimizga «yomonroq» axborot yetib borishiga sababchi bo‘lib qolmaymizmi?

Ikkinchidan, O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan saytlar yoki nashrlarda voqeani joyida o‘rganish imkoniyati bor, kerakli axborotni olish akkreditatsiyasiga ega, turli manfaatdorlarning fikrlarini olgan holda, nisbatan xolis material tayyorlay oladi. Biz ularni bu imkoniyatini tortib olsak, aynan o‘sha voqea haqida yolg‘on axborotlarning tarqab ketishiga, keyin har yerda raddiya berishga majbur bo‘lib qolmaymizmi?

To‘rtinchi hokimiyat – eng muhim halqa

Jurnalistika haqida gap ketganida, uning to‘rtinchi hokimiyat ekani aytiladi va agar yuqoridagi uch hokimiyat o‘z vazifasini bajarmasa, to‘rtinchi hokimiyat tanazzulga yo‘l tutadi, deyiladi. Shu bilan birga, agar to‘rtinchi hokimiyat erkin bo‘lmasa, yuqoridagi uch hokimiyatga ham putur yetishi ham bor gap.

Albatta, bu sohada har ikki tomonlama qadamlar tashlanayotganini, so‘nggi yillardagi ba’zi ziddiyatlar o‘rtaliq sifatida har ikki tomonga ham mas’uliyat yuklayotganini aytish mumkin. Masalan, ikki yil oldin odamlarni ariqqa tushirib qo‘ygan amaldor bugun blogerga intervyu beryapti. Og‘zidan so‘kinish so‘zlari tushmaydigan boshqasi matbuotga chiqib, qaysi badiiy asarlarni o‘qishi haqida aytib beryapti. Albatta, bu ishlar bilan odamlarning o‘zgarib qolganini, eskicha boshqaruv tarzi butunlay barham topganini aytib bo‘lmaydi, ammo aynan erkin matbuot tufayli, amaldorlarda yaxshi imij yaratish, hech bo‘lmasa, boshqalar oldida o‘zini munosib tutish ehtiyoji paydo bo‘lyapti.

Matbuotga erkinlik berilishining keyingi qadami, u yerda tilga olinayotgan har bir axborot yoki iddaoning huquqiy ta’minlanishidir. Ya’ni, u yoki bu matbuotda qaysidir bir jinoiy yoki ma’muriy alomatlarning mavjud bo‘lishi avtomatik ravishda ushbu yo‘nalishdagi tizimni ishga tushirishi va tekshiruv, haqiqatni aniqlash va javobgarlikni paydo qilishi kerak bo‘ladi.

Afsuski, hali biz bu darajaga yetib kelmadik. Ma’lum iddaolar yoki ma’lumotlar, ba’zida ba’zi amaldorlarning ma’muriy, hatto ba’zida jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak bo‘lgan harakatlari oshkor bo‘lsa-da, qachonki, ijtimoiy tarmoqlarda haddan tashqari ko‘p darajada portlashi yoki yuqoridan irodani namoyish etilishi bilan qandaydir yakuniga yetyapti, xolos. 

Senzura davlatga foyda keltirishi mumkinmi?

Lenin boshchiligidagi bolsheviklar to inqilobni amalga oshirguncha, erkin matbuot shakllaridan turlicha foydalanishgan, gazetalar chop etishgan, hukumatni tanqid qilishgan va hokazo. Ammo bolsheviklar mamlakat tepasiga kelgach, atigi ikki yil o‘tib, matbuotni cheklovchi Dekretga imzo chekilgan. Unga ko‘ra, mamlakat hali yosh ekani tufayli, chet ellardan turli axborot xurujlarining oldini olish, fitnalarga qarshi kurashish maqsadida, bolshevik g‘oyalarni targ‘ib qilmaydigan nashrlar taqiqlangan. O‘shanda Lenin jurnalistlarga bu vaqtinchalik cheklov ekani, yangi tartib o‘rnatilib, davlat yo‘lga tushib olgach, barchasiga ruxsat berilishiga va’da bergan bo‘lsa-da, unday bo‘lib chiqmadi, yetmish yil tillarda doston bo‘lgan buyuk sovet senzurasiga shu tariqa poydevor qo‘yildi.

Tanlov huquqi bu bir mas’uliyatdir. Insonning u yoki bu yo‘ldan, u yoki bu fikrdan birining tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishi, uning xato qilish huquqi mas’uliyat tuyg‘usini paydo qiladi. Aynan mas’uliyat bor joyda yangi fikrlar, yangi g‘oyalar tug‘iladi, boqimandalik kayfiyatidan qutulish mumkin bo‘ladi.

Senzurani davlat, ya’ni jamiyat foydasi uchun ishlatish degani esa, go‘yoki, u yoki bu mavzuda haqiqatni men bilaman, boshqa fikrlar zararli, deb iddao qilishga o‘xshaydi. Bu avval boshqalarning fikrlashdan qo‘rqa boshlashiga, keyinchalik esa, umuman, fikrlamay qo‘yishiga sabab bo‘ladi. Fikrlamaydigan jamiyatni boshqarish osondir, ammo hech qayerga borib bo‘lmaydi.

Fikrlamaydigan jamiyat yashashi mumkin, ammo uning hayvondan farqi bo‘lmaydi.

Qahramon Aslanov,

jurnalist.

Mavzuga oid