Jahon | 00:26 / 17.08.2020
37545
9 daqiqa o‘qiladi

O‘rta yer dengizidagi mojaro: YeI Turkiya va Gretsiyani bosiqlikka chaqirmoqda

Yevropa ittifoqi davlatlari tashqi ishlar vazirlari shoshilinch yig‘ilish o‘tkazib, Gretsiya va Turkiyaning O‘rta yer dengizi sharqidagi ziddiyatini muhokama qildi. Turkiya harbiylari bu masala yuzasidan bayonot bergan, unda Fransiya o‘z muskullarini namoyish etib qo‘yishda ayblangan.

AFP

Gretsiya va Turkiya munosabatlari yaxshi bo‘lmasa-da, bu davlatlar Shimoliy-Atlantik alyans tarkibidagi ittifoqchilar hisoblanadi.

Turkiya va Gretsiya qarama-qarshiligi shu haftada O‘rta yer dengizi hududida ikki davlat harbiy kemalari to‘qnashgach, yanada keskinlashdi. Gretsiya bu hodisani tasodif deb atamoqda, Turkiya - esa oldindan rejalashtirgan provokatsiya sifatida baholamoqda.

Yevropa yetakchilari tomonlarni vaziyatni keskinlashtirishdan tiyilishga chaqirmoqda.

Gretsiya Turkiyaga nisbatan sanksiya qo‘llanishini so‘ragan, YeIning boshqa davlatlari muzokaralarni afzal ko‘rmoqda. Videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan yig‘ilish ishtirokchilari avgust oyi oxiridagi YeI sammitida Sharqiy O‘rta yer dengizi masalasiga qaytish bo‘yicha kelishib olishgan.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Shveytsariya bahsni hal qilishda vositachi bo‘lishga tayyorligini ma'lum qildi, bu Afinani ham, Anqarani ham qanoatlantiradi.

Turkiya va Gretsiya munosabatlaridagi bu keskinlik Yevropaning boshqa davlatlariga ham ta'sir qiladi.

Turkiya juma kuni bir necha marta Fransiyani harbiy kuch bilan bosim o‘tkazishga urinishda aybladi.

«Fransiya ziddiyatni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan qadamlardan tiyilgani ma'qul. Muskullarni ko‘rsatish bilan ular hech narsaga erisha olishmaydi. Na Liviyada, na Suriyada, na Iroqda va na O‘rta yer dengizida», dedi Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li Shveytsariyaga tashrifi davomida.

Payshanba kuni Fransiya O‘rta yer dengizining sharqiy qismiga qo‘shimcha kuchlar tashlanishi haqida ma'lum qildi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham Yevropaning ehtimoliy bosimi bo‘yicha fikrlarini bildirib, o‘z mamlakati arzimas hujumga ham javob qaytarishini bildirgan.

Bu hududda mojaro yuzaga kelishi birinchi marta emas. Aslida gap nimada?

Nima bo‘ldi?
Hozirgi qarama-qarshilik - O‘rta yer dengizidagi neft va gaz kimga tegishliligi bo‘yicha bahslarning davomidir. Turkiya Gretsiya o‘ziga tegishli deb hisoblaydigan shelf hududida shu vaqtgacha ham bir necha marta razvedka ishlarini o‘tkazgan.

Ziddiyaning navbatdagi bosqichi hafta boshida boshlangandi - dushanba kuni beshta harbiy kema hamrohligidagi «O‘ruch Rais» geoqidiruv kemasi bahsli hududga kirgandi. Gretsiya floti zudlik bilan o‘z kemalari guruhini yo‘lladi.

Chorshanba kun ishga Fransiya aralashdi - prezident Emmanuel Makron avvaliga Turkiyani razvedka ishlarini to‘xtatishga chaqirdi, keyin esa fransuzlarning ikkita «Rafal» rusumli qiruvchi samolyotlari hamda «Lafayyet» tipidagi fregati ushbu hududda qoldirilishini ma'lum qildi. 

Makron Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakisni fransuz harbiylari mintaqadagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borishlariga ishontirdi.

Payshanba kuni tongida fransuz kemalari Gretsiya floti bilan Krit oroli yaqinida qo‘shma mashg‘ulotlarda ishtirok etdi.

«Emmanuel Makron - Gretsiyaning haqiqiy do‘sti va Yevropa qadriyatlarining qizg‘in himoyachisi», deya yozdi tvitterdagi sahifasida greklar bosh vaziri.

Shelf masalasidagi bahsda odatga ko‘ra Kipr, Misr va Isroil ham Gretsiyaning yonini olib chiqishdi, ushbu davlatlar shelfdagi uglevodorodning Yevropaga yetkazib berilishi bo‘yicha loyihada hamkorlik qilishadi.

«O‘ruch Rais» (markazda) geosiyosiy mojaro markazida qoldi
ANADOLU AGENCY

Turkiya rahbari avvaliga keskin reaksiya bildirdi, ammo keyinroq gapirish ohangini yumshatdi.

Erdo‘g‘an ismini tilga olmagan holda, «hatto O‘rta yer dengiziga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqa olmaydigan davlat» Gretsiyani xato qadamlar tashlashga undayotgani haqida gapirgan. Ammo bir necha soat o‘tib prezidentning Germaniya kansleri Angela Merkel bilan telefon muloqotidan keyin, Anqara nisbatan mo‘'tadil bayonot berdi.

Unga ko‘ra, Turkiya murosaga va xalqaro huquq asosida muloqot qilishga tayyorligi bildirilgan.

Payshanba kuni Isroil ham Gretsiyaning yonini olib chiqdi. Bu haqda Gretsiya tashqi ishlar vaziri Nikos Dendias Binyamin Netanyaxu va Isroil TIV rahbari Gabi Ashkenazi bilan uchrashuvdan keyin ma'lum qildi.

«Men isroillik hamsuhbatlarimga Turkiya tomonidan qoida buzilishi mintaqadagi barcha davlatlar uchun xavf solishini tushuntirdim», degan u.

O‘rta yer dengiziga fransuzlarning qanday kuchlari joylashtirilgan?

REUTERS
  • Chorshanba kuniyoq mintaqaga Bayrutdagi portlash oqibatlarini bartaraf etish uchun «Mistral» toifasidagi «Tonner» vertolyot tashuvchisi jo‘nab ketgandi.
  • «Lafayyet» tipidagi fregat (bortida boshqariluvchi raketa qurollari bor) avvalroq ushbu hududga manyovrlar o‘tkazish uchun yuborilgandi va endi kema Gretsiya yoki Kipr hududiy suvlarida qoladi.
  • «Rafal» qiruvchi samolyotlari ham manyovrlar uchun Kiprdagi bazaga joylashtirilgandi, ammo endi ular Kritga o‘tkaziladi.
  • Bu qarori haqida Makron tvitterdagi sahifasida e'lon qildi, unda fransuz harbiylari Gretsiya va Yevropadagi boshqa sheriklar bilan ishlashini aytdi. Shu bilan birga, Turkiyani NATO a'zosi sifatida muloqotga chaqirdi.

«Keskinlik o‘sishi tugashi kerak. Qo‘shni davlatlar va NATO bo‘yicha ittifoqchilar xotirjam muloqotga kirishishi kerak», degan fransuzlar prezidenti.

Shelf nizosi
Turkiya va Gretsiya o‘rtasidagi Kipr tufayli eski mojaro yaqinda energetik o‘lchovlarga ega bo‘ldi. Gretsiya va Turkiya uglevodorodlarga boy dengiz shelflari uchastkalarini ajratib olishdi va bunda ularning hududiy da'volari bir-biriga ters keldi. Bu masalada har ikki tomon mintaqada ham, undan tashqarida ham o‘z tarafdorlariga ega.

So‘nggi yillarda Kipr yaqinidagi suvlarda uglevodorodlarga boy zaxiralar aniqlandi. Kipr, Gretsiya, Isroil va Misr konlardan foydalanishda hamkorlik qilishga kelishdi. Kelishuvga ko‘ra, neft va gaz O‘rta yer dengizi tubi bo‘ylab o‘tuvchi 2 ming kilometrlik quvur orqali Yevropaga tashilishi ko‘zda tutilgan.

O‘tgan yilda Turkiya ham Kipr qirg‘oqlari yaqinida uglevodorodlarni qazib olishni ko‘paytira boshladi.

Kipr oroli 1974 yilda ikki qismga bo‘lingan. Orol shimoli faqat Anqara tomonidan tan olinadigan Shimoliy Kipr turk respublikasi nazoratida.

O‘tgan yilning noyabrida Turkiya Liviya bilan dengiz chegaralarini delimitatsiya qilish haqidagi kelishuvni imzoladi. Unga ko‘ra, Turkiya Sharqiy O‘rta yer dengizining Liviya iqtisodiy hududi chegaralariga qadar bo‘lgan qismini o‘zining iqtisodiy hududi deb hisoblaydi.

May oyida Anqara Kiprdan g‘arbda joylashgan yana bir qancha uchastkalarda qazish ishlarini boshlashni rejalashtirayotgani haqida ma'lum qildi, bu esa Gretsiya va uning hamkorlarini xavotirga soldi.

Turkiya hukumati Sharqi O‘rta yer dengizidagi konlarda, shu jumladan, Krit va Kipr yaqinidagi shelflarda qazish ishlarini olib borish uchun kompaniyalarga litsenziyalar bera boshladi.

Turkiya vitse-prezidenti Fuat O‘ktoy iyul oyida mamlakat o‘z manfaatlarini himoya qilishini bildirdi. «Shimoliy Kipr ham, Turkiya ham o‘z energoresurslaridan voz kecha olmaydi», dedi u.

Bunga javoban Gretsiya va Misr o‘zining eksklyuziv iqtisodiy hududini tashkil etgan. Bu bo‘yicha kelishuv 6 avgust kuni imzolangan. Gretsiya bu kelishuv Turkiya va Liviya kelishuvni bekor qilishini bildirgan.

Marinetraffic.com sayti ma'lumotiga ko‘ra, turklarning «O‘ruch Rais» kemasi hamon razvedka hududida, Kipr g‘arbida qolmoqda. Avvalroq Turkiya hukumati uning missiyasi ikki hafta davom etishini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid