O‘zbekiston | 11:41 / 20.08.2020
96100
2 daqiqa o‘qiladi

«Avtomobillar narxi asosli va hozirgi vaziyatda narxni pasaytirish imkonsiz». UzAuto Motors bayonot bilan chiqdi

2020 yil 19 avgust kuni Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasida UzAuto Motors’ga nisbatan “Raqobat to‘g‘risi”dagi Qonun buzilishi belgilariga nisbatan ochilgan ish bo‘yicha navbatdagi tinglov o‘tkazildi. 

UzAuto Motors xabarida aytilishicha, bahsli masalalarni asoslash uchun zarur qo‘shimcha materiallarni tayyorlashga muddat qisqa ekanligi tufayli kompaniya tomonidan ish ko‘rib chiqilishi keyinroqqa qoldirilishini so‘rab iltimosnoma yo‘llangan. 

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan ish bir taraflama ko‘rib chiqildi, uning yakunida noto‘liq ma'lumotlarga asoslangan qaror qabul qilindi, deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, avtomobillarni ishlab chiqarish murakkab jarayon bo‘lib, uni o‘rganish yetarlicha vaqt talab etadi. 

“UzAuto Motors faoliyatini yanada chuqurroq va asosliroq o‘rganish kelgusi sud muhokamalari davomida mumkin bo‘ladi – kompaniya o‘zining ushbu huquqidan foydalanishni rejalashtirgan.

Shuni ham qayd etish o‘rinliki, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qoshidagi maxsus komissiya qabul qilgan qaror uzil-kesil hisoblanmaydi – keyingi xatti-harakatlar sud muhokamalari yakunlaridan kelib chiqib belgilanadi.

O‘z navbatida, kompaniya avtomobillar narxi asosli ekanligini va hozirgi vaziyatda narxni pasaytirish imkonsizligini ma'lum qiladi”, - deyiladi bayonotda.

Mavzuga oid