O‘zbekiston | 14:40 / 21.08.2020
84258
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda O‘zbekiston kompaniyasi xodimlariga qurolli hujum uyushtirildi

Afg‘onistonning Balx viloyatida «O‘zbekiston temir yo‘llari» tarkibidagi «So‘g‘diyona trans» kompaniyasi vakillariga qurolli hujum sodir bo‘ldi. O‘zbekiston TIV Afg‘oniston tomonidan ushbu mamlakat hududida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonliklarning xavfsizligini kuchaytirishni so‘radi.

20 avgust kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar bilan telefon orqali muloqot qildi.

«Suhbat chog‘ida Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifining kun tartibi va tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqilgan.

Muloqot davomida energetika va transport-kommunikatsiya sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan.

Vazirlar Afg‘onistonning Balx viloyatida 20 avgust kuni sodir bo‘lgan «So‘g‘diyona trans» shu'ba korxonasi vakillariga qurolli hujum hodisasini muhokama qilishgan. Afg‘oniston TIV rahbari mamlakatning vakolatli organlari tomonidan voqea tafsilotlari sinchkovlik bilan tekshirilayotganini va unga aloqador shaxslar javobgarlikka tortilishini ta'kidlagan», deyiladi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabarida.

O‘zbekiston tomoni Afg‘onistonda faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston kompaniyalari va korxonalari xodimlari uchun xavfsizlik choralari kuchaytirilishini so‘ragan.

Ma'lumot uchun, «So‘g‘diyona trans» ShK 2011 yil dekabrida O’zbektemiryo’lekspeditsia unitar korxonasi («O‘zbekiston temir yo‘llari» tuzilmasiga kiradi) qoshida «Hayraton — Mozori-Sharif» temir yo‘lidan foydalanish va unga xizmat qilish uchun tashkil etilgan.

Mavzuga oid