O‘zbekiston | 19:08 / 21.08.2020
70347
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar tannarxini kamaytirish zarurligini ta'kidladi

Shavkat Mirziyoyev Bektemir tumanidagi «Cooperation LAB» markazining o‘zida hududlarda sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni kengaytirish masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

«Hozirda mamlakatimiz sanoatida lokalizatsiyalashgan mahsulot hajmi atigi 4 foizni tashkil etmoqda. Shu bois mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir prezident qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, endi davlat xaridlarida yurtimizda tayyorlangan mahsulotlarga ustuvorlik berilib, ishlab chiqarish yanada rag‘batlantiriladi. Jumladan, tenderda ikkitadan ko‘p o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchi mavjud bo‘lganda, faqat ularning mahsuloti qatnashadi. Shuningdek, mahalliy mahsulotlarga import tovarlarga nisbatan 15 foizlik narx preferensiyasi beriladi. Bundan buyon budjet hisobidan amalga oshiriladigan barcha xaridlarda mahalliy hokimiyat vakillari bevosita ishtirok etadi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda shu kabi imkoniyatlarni ishga solib, lokalizatsiya va kooperatsiyani rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

«Masalan, avtomobil sanoatida import qilinayotgan 1 ming 712 turdagi butlovchi qismlarni yurtimizda ishlab chiqarib, valuta xarajatlarini kamida 150 million dollarga kamaytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu mahsulotlarni o‘zlashtiruvchi hududiy korxonalarni aniqlab, ularda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish vazifasi qo‘yildi. Avtomobillar tannarxini kamaytirib, bozorda raqobatbardoshligini oshirish zarurligi ta'kidlandi», deyiladi xabarda.

Qishloq xo‘jaligi uchun kichik mexanizatsiya, uskuna va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish uchun talab ham, imkoniyatlar ham yetarli. Masalan, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlaridagi to‘la quvvatda ishlamayotgan korxonalar va servis bazalarida 120 dan ortiq turdagi ehtiyot qismlar ishlab chiqarish mumkin. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikalariga sifatli xizmat ko‘rsatadigan xususiy servis korxonalari tashkil etish va ushbu sohada mutaxassis tayyorlash kerakligi qayd etildi.

Elektr texnikasi, avtomobil sanoati va qishloq xo‘jaligi o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini chuqurlashtirish masalalari tahlil qilinib, tegishli vazifalar belgilandi.

«Tarmoqlar va hududlar o‘rtasida o‘zaro kooperatsiya bo‘lmas ekan, qo‘shilgan qiymat zanjirini va yangi industrial taraqqiyotni tasavvur ham qilib bo‘lmaydi», deya ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda tarmoq rahbarlari va viloyat hokimlari hisobot berdi.

 

Mavzuga oid