«O‘zstandart» agentligi bosh direktoriga parlament so‘rovi yuborildi
«O‘zstandart» agentligi bosh direktoriga «Import mahsulotlarini bojxona tekshiruvidan o‘tkazish tizimini yanada qulaylashtirish maqsadida viloyatlarda agentlikning maxsus laboratoriyalarini tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi parlament so‘rovi yuboriladigan bo‘ldi.
Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini ta'minlash, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlarning muammolarini hal etish borasida Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan ishlarning holati o‘rganildi.
Parlament saytida yozilishicha, o‘rganish davomida viloyatdagi tadbirkorlik sub'yektlari, jumladan, «Navoiy» erkin iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini olgan tadbirkorlik sub'yektlari bilan uchrashuvlar chog‘ida ularni qiynab kelayotgan qator masalalar ko‘tarildi. Xususan, «O‘zstandart» agentligi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning ayrim turlari muammo tug‘dirayotgani ma'lum bo‘ldi.
Shundan kelib chiqib, Qonunchilik palatasining 2020 yil 21 avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan kun tartibiga kiritilgan «O‘zstandart» agentligi bosh direktoriga parlament so‘rovi yuborish masalasi deputatlar tomonidan ko‘rib chiqildi.
Ta'kidlanganidek, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan xorijdan import qilingan tovarlarni erkin bojxona rejimiga chiqarishda agentlik sertifikatlarini olish uchun o‘rtacha 10-15 kun kutilmoqda. Xorijdagi aynan bir yetkazib beruvchidan tovarlar import qilganda bir xil tovarga qayta-qayta sertifikat talab qilinmoqda. Shuningdek, agentlikning sinov laboratoriyalarida majburiy sertifikatsiya qilinadigan import tovarlarning muvofiqligini o‘rganishda yetarli laboratoriya jihozlari, hududlarda maxsus sinov laboratoriyalari mavjud emasligi tadbirkorlar uchun muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
Shulardan kelib chiqib, «O‘zstandart» agentligi bosh direktoriga «Import mahsulotlarini bojxona tekshiruvidan o‘tkazish tizimini yanada qulaylashtirish maqsadida viloyatlarda agentlikning maxsus laboratoriyalarini tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi parlament so‘rovi yuboriladigan bo‘ldi.
Unda tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan xorijdan import qilingan tovarlarni erkin bojxona rejimiga chiqarishda «O‘zstandart» agentligi tomonidan talab qilinadigan sertifikatlarni berish muddatini qisqartirish, sinov o‘tkazishda tarkib topgan ilg‘or xalqaro usullardan keng foydalanish, tadbirkorlik sub'yekti tomonidan xorijdagi doimiy sherik — tovar yetkazib beruvchidan bir xil turdagi tovarlarni olganda har safar tovarlarni qayta-qayta sinovdan o‘tkazish va sertifikat berishni soddalashtirish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar, shuningdek, «O‘zstandart» agentligining sinov laboratoriyalarida majburiy sertifikatsiya qilinadigan import tovarlarning muvofiqligini o‘rganish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan tadbirlar to‘g‘risidagi masalalarga alohida e'tibor qaratish so‘raldi, deyiladi ma'lumotda.
Mavzuga oid
23:01 / 06.11.2024
Qatar aholisi parlament saylovlaridan voz kechishga ovoz berdi
23:25 / 04.11.2024
Gurjistonda minglab odamlar parlament saylovlari natijasiga qarshi mitingga chiqdi
19:06 / 29.10.2024
Gurjistonda ommaviy norozilik ortidan saylovdagi ovozlar qayta sanaladi
11:10 / 28.10.2024