Jahon | 21:11 / 23.08.2020
55619
8 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: Timoshenko og‘ir ahvolda, Germaniya va AQSh maktablarida Covid-19 tarqalishi avj oldi

«Batkivshchina» partiyasi yetakchisi Yuliya Timoshenkoga Covid-19’ning og‘ir shakli tashxisi qo‘yildi. JSST 12 yoshdan oshgan bolalarning niqob kiyishi shartligini ma'lum qildi. Britaniyada ommaviy tadbirlarni tashkillashtirganlik uchun 10 ming funt sterlinggacha jarimalar joriy qilinmoqda.

Foto: Getty Images

Jons Hopkins universitetining so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunga kelib koronavirus dunyo bo‘ylab 23,2 milliondan ortiq insonga yuqqan, deyarli 805 ming kishi hayotdan ko‘z yumgan. Kasallanganlarning katta qismi uchta davlatga to‘g‘ri keladi - AQSh, Braziliya va Hindiston.

Timoshenko og‘ir ahvolda
Ukrainaning sobiq bosh vaziri Yuliya Timoshenkoning betobligi haqida uning matbuot kotibi Marina Soroka Facebook'da xabar bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Timoshenkoning harorati yuqori, shifokorlar uning ahvolini og‘ir deb baholagan.

«Ha, afsuski bu to‘g‘ri. Test Yuliya Vladimirovnada COVID-19 borligini ko‘rsatdi. Uning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. Tana harorati 39 darajaga ko‘tarilgan. Kurashmoqda!», - deya yozgan u yakshanba kuni feysbukdagi sahifasida.

Siyosatchining qizi Yevgeniya Timoshenko va kuyovi Artur Chechetkinda ham virus aniqlangan.

shu vaqtgacha Ukrainada 107 ming 379 kishida yangi koronavirus aniqlangan, shundan 2 313 kishi vafot etgan.

JSST: O‘smirlar niqob taqishi shart
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 12 yoshdan oshgan bolalar, o‘z yashash hududining qoidalariga muvofiq, kattalar bilan bir qatorda niqob taqishi kerakligini ma'lum qildi. 

JSST vakilining so‘zlariga ko‘ra, o‘smirlar xuddi katta yoshlilar kabi virus tashuvchisi ekanligi haqida yetarli dalillar mavjud. Bundan tashqari, tashkilotning qo‘shimcha qilishicha, kasallik tarqalishida bolalarning roliga doir, avvalgidek, juda oz narsa ma'lum.

5 yoshdan kichik bolalarning na jamoat joyida, na samolyot bortida niqob taqishiga hojat bor.

Tashkilot ekspertlari, shuningdek, 6 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar, agar niqobdan mustaqil va to‘g‘ri foydalana olishsa hamda ularning o‘qishi va psixo-sotsiologik rivojlanishiga xalaqit bermasa, taqishlari mumkinligini qayd etishgan. 

Mahalliy rasmiylar va aviakompaniyalar 6-12 yosh guruhlari bo‘yicha o‘z xohishiga ko‘ra qaror qabul qilishi mumkin.

Britaniya hukumati katta jarimalar joriy qilmoqda

Iyunda Manchesterda politsiya bir necha ming kishilik yirik ziyofatni tarqatib yuborgandi / ASP

Angliya politsiyasi 30 nafardan ortiq mehmon ishtirok etgan tadbir va yig‘ilishlar tashkilotchilarini jarimaga tortish vakolatiga ega bo‘ldi. Xususan, gap yoshlarning noqonuniy bazmlari haqida ham ketmoqda. Jarimalar 10 ming funt sterlinggacha bo‘lishi mumkin. 

Tadbirning har bir ishtirokchisi uchun jarima 100 funt sterlingni tashkil etadi va har bir takrorlangan huquqbuzarlik uchun jarima ikki baravarga ko‘payadi, eng ko‘pi 3200 funt (4 188 AQSh dollari). 

Hukumat karantin rejimini buzuvchilarga nisbatan choralarni kuchaytirishni avgust oyi boshidan beri muhokama qilmoqda. Houm-ofis rahbari Priti Patelning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar o‘zini qonundan ustun deb hisoblaydigan va boshqalarning hayotiga xavf soladiganlarga qarshi kurashadi.

O‘tgan tunda birgina Birminhemning o‘zida politsiya amaldagi qoidalarga mos kelmaydigan 70 bazmni tarqatib yubordi. Juma kuni shahar Covid-19 infeksiyasining statistik ko‘rsatkichlari keskin oshgani sababli alohida e'tibor talab etadigan aholi punktlari ro‘yxatiga kiritilgan. 

Shotlandiya, Uells va Shimoliy Irlandiya ommaviy yig‘ilishlar uchun o‘z qoidalarini o‘rnatishga haqli.

Britaniyadagi maktablar o‘quvchilarni kutmoqda

Maktablarda ijtimoiy masofa saqlash va gigiyena qoidalariga qat'iy amal qilish talab etiladi REUTERS

Buyuk Britaniya rasmiylari barcha yosh guruhidagi bolalar sentabr oyida maktabga qaytishini tasdiqladi. An'anaviy o‘quv yili ertaroq boshlanadigan Shotlandiyada maktablar allaqachon ochilgan. 

Hukumatning sog‘liqni saqlash bo‘yicha bosh maslahatchisi Kris Uittining so‘zlariga ko‘ra, maktab hayotining yetishmasligi bolalarga koronavirusdan ko‘proq zarar yetkazadi. Uning ta'kidlashicha, Covid-19’dan bolalar o‘limi ehtimoli juda kam. 

Uittining fikriga ko‘ra, Britaniyada koronavirusga qarshi kurash yana kamida to‘qqiz oy davom etadi.

Boshqa mamlakatlardagi maktablarda virus tarqalishi

REUTERS

Bu vaqtda Germaniyadan maktablar ham virus o‘chog‘iga aylanayotgani haqida xabarlar kelmoqda. Ko‘plab nemis o‘quvchilari ikki hafta oldin maktablarga qaytishgan va shundan beri rasmiylar Berlindagi 825 maktabning 41tasida virus yuqtirish holatlari aniqlangani haqida xabar berishgan.

Shu bilan birga, virus bolalarning barcha yosh toifalariga yuqqan - boshlang‘ich maktabdan bitiruv sinflarigacha. Yuzlab o‘quvchilar va o‘qituvchilar karantinga olingan.

Maktablarning ochilishi bilan bog‘liq yangi o‘choqlar haqida AQShning bir qator shtatlari rasmiylari va Isroil ta'lim vazirligi ham xabar bermoqda. 

Bir haftadan so‘ng maktablar ochiladigan Fransiyada 11 yoshdan katta bolalar ta'lim muassasalari hududida niqobda bo‘lishlari shart. 

Janubiy Koreyada kunlik kasallanish darajasi bo‘yicha yangi rekord
Janubiy Koreyada kunlik kasallanishning mart oyidan beri eng yuqori ko‘rsatkichi qayd etildi. Xabar qilinishicha, 800dan ortiq holat Seuldagi cherkovlardan birining izdoshlari orasida aniqlangan, ular o‘tgan yakshanba kuni namoyishga chiqqandi.

Jamoatchilikning fikriga ko‘ra, mamlakatdagi epidemiologik vaziyatni hukumatning ommaviy tadbirlarni chetlab o‘tish haqidagi buyrug‘iga amal qilishni istamayotgan konservativ kayfiyatdagi dindorlar xavf ostiga qo‘ymoqda. Shu bilan birga, diniy jamoalar a'zolari liberal prezident Mun Je Inni kommunist deb atayapti. 

Janubiy Koreya nashrlari manbalarga tayanib, mamlakat epidemiyaning ikkinchi to‘lqini bilan to‘qnashayotganini va uning oqibatlari birinchisidan ko‘ra jiddiyroq bo‘lishini yozmoqda.

Hindistonda uch milliondan ortiq bemor
Hindistonda koronavirus bilan kasallangan bemorlar soni uch milliondan oshdi. O‘tgan kun davomida mamlakatda rekord darajadagi yangi holatlar qayd etildi. Hindistonning aholisi 1,3 milliarddan oshiqligi hisobga olinsa ham, ekspertlarning fikriga ko‘ra, bunday holatlar soni juda yuqori bo‘lib ko‘rinmoqda. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakatda keng tarqalgan tahlil tizimi yaratilmagani bilan izohlanadi. Dehli va boshqa yirik shaharlarda statistika pasayib borar ekan, mamlakatning chekka hududlarida yangi o‘choqlar paydo bo‘lmoqda.

Ikki yil kutish kerak
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adanom Gebreysus COVID-19 koronavirus pandemiyasi kamida ikki yil ichida ortda qolishi mumkinligini aytib o‘tdi.

JSST rahbari 1918 yildagi ispan grippi pandemiyasi ham ikki yil davom etganini eslatgan. Uning fikricha, COVID-19 koronavirus pandemiyasi dunyoda odamlar o‘rtasidagi muloqot ko‘paygani tufayli tarixdagi eng keng tarqalib ketgan virus bo‘lishga yaqin turibdi.

«Lekin bizda pandemiyani to‘xtatish uchun texnologiyalar va bilim yetarli», degan JSST bosh direktori Jyenevadagi brifingda.

Gebreyyesus nutqi davomida infeksiyaga qarshi kurashda xalal berayotgan jihat globallashuv va odamlar o‘rtasidagi muloqotning faollashgani ekanini ta'kidlagan. U zamonaviy texnologiyalarni pandemiyaga qarshi kurashdagi ustunlik beruvchi jihat deb hisoblamoqda.

«Shu sababli biz pandemiyaga yaqin ikki yil ichida barham beramiz, bunda barcha kuchlarni birlashgan holda safarbar etish, milliy birlik va global birdamlik asosiy qurol bo‘ladi», degan Gebreysus.

U koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina ishlab chiqilishiga umid qilishi va kasallikning tarqalishiga qarshi eng yaxshi choralari ko‘rilishi lozimligini bildirgan.

Mavzuga oid