Jahon | 08:39 / 23.08.2020
9839
2 daqiqa o‘qiladi

Maxatma Gandining ko‘zoynagi 340 ming dollarga sotildi

Zamonaviy Hindiston asoschisi Maxatma Gandiga tegishli bo‘lgan ko‘zoynak Britaniyada 260 ming funt sterlingga (340 ming dollar) sotildi.  

Foto: dpa

Tilla suv yugurtirilgan gardishga ega ko‘zoynak East Bristol Auctions auksion uyidagi kimoshdi savdosi vaqtida rekord qiymatga sotilgan.

Ko‘zoynakning oxirgi egasiga uni amakisi sovg‘a qilgan. U esa o‘z navbatida ko‘zoynakni Janubiy Afrikada 1910 yildan 1930 yilgacha faoliyati davomida shaxsan Gandining o‘zidan olgan.

Ko‘rinishicha, ko‘zoynakning egasi uning qanchalik yuqori qiymatga ega ekanligi haqida tasavvurga ega bo‘lmagan va u uchun katta summa olishga umid qilmagan. U shunchaki ko‘zoynakni konvert ichiga solib, auksion uyining pochta qutisida “Bu ko‘zoynak Gandiga tegishli bo‘lgan, menga qo‘ng‘iroq qiling” degan yozuv bilan qoldirib ketgan. Erkakning keyinroq tan olishicha, u auksion uyiga ko‘zoynak “hech narsaga yaramasa, uni tashlab yuborishlari mumkinligini” aytgan.

 “Ehtimol, bu ko‘zoynak bizda bo‘lgan eng mashhur ko‘zoynak va eng qimmatli tarixiy buyum hisoblanadi. Men ko‘zoynak egasiga u chamasi 15 ming funt sterling (20 ming dollar) turishi mumkinligini aytganimda, u menga esankiraganidan stulidan yiqilib tushgandek tuyuldi”, deb aytgan auksion uyi vakili Endryu Stouv.

Natijada esa ko‘zoynak dastlabki baholangan narxidan 17 karra qimmatroqqa sotilgan.

Mavzuga oid