O‘zbekiston | 22:39 / 23.08.2020
48175
6 daqiqa o‘qiladi

Xususiy shakldagi ta'lim - mamlakat kelajagi uchun eng to‘g‘ri investitsiya

Ta'lim islohoti uzoq yillar davom etadigan jarayondir. Ya'ni, bugun amalga oshirilgan o‘zgarishlarning natijasini, uning qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lganini bir necha o‘n yil o‘tibgina ko‘rish mumkin.

Demak, bu tizimda biror-bir qaror qabul qilish uzoqni ko‘ra bilish qobiliyati va juda katta mas'uliyatni talab qiladi. Birgina noto‘g‘ri tashlangan qadam yillar o‘tib qimmatga tushishi mumkin.

Ahamiyat berganmisiz, nega aksariyat rivojlangan davlatlar mustaqillikning ilk kunlaridanoq ta'lim tizimini isloh qilishga jiddiy kirishishgan? Chunki ular ta'lim uzoq muddatli jarayon va shu bilan birga, kelajakka tikilgan eng to‘g‘ri investitsiya ekanini yaxshi tushunishgan.

So‘nggi 2–3 yil ichida O‘zbekistonda ham ta'lim tizimiga boshqacha yondashish zarurligi dolzarb masalaga aylandi. Tizimdagi kamchiliklar, ayniqsa, qog‘ozbozlik va korrupsiya keskin tanqidlarga uchray boshladi.

Ehtimol, maktab va oliy ta'lim muassasalarining shu paytgacha davlat budjeti hisobidan yashab kelgani ham buning sabablaridan biridir. Negaki, bunday tizimda ko‘pincha sifat emas, son ketidan quviladi. Doimiy ta'minot bo‘lib turgani sababli o‘z-o‘zidan raqobat muhiti yo‘qoladi, faqat natija va hisobot uchun ishlash kayfiyati kuchayadi. Qo‘pol qilib aytganda, «mendan ketguncha, egasiga yetguncha» qabilida ish tutiladi.

Davlat xususiy ta'lim dargohlarini ko‘paytirishga e'tibor qaratayotganda ana shu omillarni ham hisobga olgan bo‘lsa, ajab emas. Prezident va hukumat vakillarining so‘nggi yillarda qabul qilayotgan farmon va qarorlari asosida xususiy ta'lim maskanlariga yaratib berilayotgan shart-sharoit bu boradagi yondashuv o‘zgarib borayotganiga ishora qilyapti.

Jumladan, prezidentning «Xalq ta'limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi va «Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida davlat umumiy o‘rta ta'lim maktablarini tashkil etish to‘g‘risida»gi (loyiha), Vazirlar Mahkamasining «Nodavlat ta'lim tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlarida ham bunday tashabbus faol qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, xususiy maktab ochish uchun litsenziya olish jarayonining soddalashtirilishi, shuningdek, ularga shahodatnoma va attestatlarni berish huquqi berilishi natijasida nodavlat umumta'lim muassasalari soni 6 baravarga oshib, 150taga yetdi.

Xususiy ta'lim muassasalari ochish bizda avval ham tajribadan o‘tgan. Ilgari bolalarga boshlang‘ich ta'lim beradigan xususiy bog‘cha-maktablar bo‘lardi. Tabiiyki, ularda ta'lim sifati ancha yuqori bo‘lgan. Chunki bunday maktablardagi sinflarda o‘quvchilar soni nisbatan kamroq bo‘lar va bu har bir o‘quvchini qamrab olish imkonini berardi.

Bu turdagi maktablar o‘z kunini o‘zi ko‘rgani uchun ham, o‘zraro raqobatga kirishishar, sifatli ta'lim berish, yaxshiroq natija ko‘rsatish uchun kurashishardi. Ammo ularning soni nisbatan kam bo‘lgani tufayli u qadar ommalashib keta olmadi. Buning ustiga moliyaviy qiyinchiliklar oqibatida birin-ketin yopila boshladi. Davlat ularni o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlamadi.

Endi sekin-asta ana shu tajribani qayta ishga solish vaqti keldi. Xususiy ta'lim hamisha o‘zini oqlagan. Buni boshqa davlatlar tarixidan ham bilib olish mumkin. Dunyoda dovrug‘ qozongan universitet yoki maktablarning aksariyati xususiy sektorga tegishli. Misol uchun, Harvard universitetining o‘zi dunyoga 75 nafar Nobel mukofoti sovrindorlarini yetishtirib bergan. Mamlakat bo‘yicha eng ko‘p muvaffaqiyatga erishgan kishilar ham aynan shu universitet bitiruvchilaridir. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda davlat-xususiy sherikligi asosida maktablar tashkil etishdan asosiy maqsad ham muvaffaqiyatli bitiruvchilarni yetishtirib berishdan iborat. Bunga zarur sharoit yaratib berilsa bo‘lgani.

Hukumat ham buning ahamiyatini to‘g‘ri anglab ularni qo‘llab-quvvatlashda davom etyapti. Hatto karantin davrida ham boshqa sohalar qatorida moliyaviy muammolarga duch kelayotgan nodavlat ta'lim tashkilotlari ahvoli o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatildi.

Aslida, davlat ta'limni to‘liq boshqarishdan ko‘ra, uni chetdan turib nazoratga olishi, faoliyatini tartibga solib turishining o‘zi yetarli. Ana shundagina ularda yuqori sifatli ta'limga, yaxshi natijaga bo‘lgan intilish kuchayadi, «yashab qolish» uchun kurashadi. Ta'limdagi korrupsiya ham o‘z-o‘zidan barham topadi. Chunki nodavlat ta'lim muassasalari o‘z obro‘si uchun kurashar ekan, bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslikka urinadi.

Buni o‘z vaqtida anglab, tegishli islohotlar amalga oshirilayotgani kishiga ancha taskin beradi. Aks holda, yo‘qotilgan avlod vakillari ko‘payishda davom etishi kundek ravshan edi. Davlat xususiy maktablarni ko‘paytirish siyosatini boshlagan ekan, mamlakat kelajagi uchun eng to‘g‘ri investitsiya kiritildi, deb ayta olamiz.

Ziyodbek Ismoilov,
jurnalist.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamaydi.

Mavzuga oid