Minskda 150 ming kishilik yana bir miting bo‘lib o‘tdi. Lukashenko qarorgohiga avtomat bilan keldi
23 avgust kuni Minskda Aleksandr Lukashenkoning prezidentlikdan ketishini talab qilib navbatdagi yirik namoyish o‘tkazildi - unda 150 mingga yaqin kishi ishtirok etgan. Namoyishchilar Mustaqillik maydonida yig‘ilib, shahar markazidan marsh qilib o‘tishgan va Mustaqillik saroyiga - prezident qarorgohiga yo‘l olishgan. Bu yerda ularni militsiya zanjiri to‘xtatgan.
Minskda Aleksandr Lukashenkoga qarshi yangi aksiya o‘tkazildi. RT va Belteleradiokompaniya ma'lumotlarida unda 20 ming kishi ishtirok etgan, «Meduza» bahosiga ko‘ra esa — 150 ming kishi (bir hafta oldingi Belarus tarixidagi eng yirik aksiyada Minskning 200 ming aholisi qatnashgandi). Namoyishchilar Mustaqillik maydonida yig‘ila boshlashdi, keyin «Minsk — qahramon-shahar» yodgorligi tomon yurishdi. Memorial tikanli simlar ortida joylashgan harbiy xizmatchilar bilan o‘rab olingandi: Belarus mudofaa vaziri Viktor Xrenin armiya Ikkinchi jahon urushi qurbonlari xotirasi uchun o‘rnatilgan yodgorlikni qo‘riqlashini ma'lum qilgandi. Aksiyaning ayrim ishtirokchilari soldatlarga yaqin kelishdi, ammo Viktor Babarikoning shtabi vakili Mariya Kolesnikova va Svetlana Tixanovskayaning ishonchli vakili Olga Kovalkova ulardan ortga qaytishni so‘rashdi.
Namoyishchilar qarshisida muxolifatchilarning muvofiqlashtirish kengashi a'zolari chiqish qilishdi. Ular Belarus parlamentining quyi palatasi va mahalliy kengashlarning mamlakatda ro‘y berayotgan voqealarga munosabat bildirmagan deputatlarining barchasining muddatini tugatish, shuningdek, referendum orqali 1994 yilgi konstitutsiyani qaytarish (unga ko‘ra prezidentlik muhlati cheklanadi) rejalari haqida ma'lum qilishdi.
Namoyishchilarning bir qismi Mustaqillik saroyiga — Aleksandr Lukashenkoning ishchi qarorgohiga yetib borishdi. Telegramdagi Nexta kanali ularni shunga chorladi. Ammo qarorgoh tomon yaqinlashgan bir necha ming kishi IIV xodimlari va maxsus texnikalardan iborat halqa tomonidan to‘xtatildi. Namoyishchilar va harbiylar o‘rtasida musiqachilar qo‘shiq aytishdi, namoyishchilar ularga jo‘r bo‘lishdi. Bu vaqtda Minskda internet faoliyatida muammolar kuzatila boshladi (A1 operatori buni «davlat organlarining milliy xavfsizlikni ta'minlash» bilan bog‘liq talabi sifatida izohladi). Taxminan bir soat vaqt o‘tib namoyishchilar shahar markaziga qaytishdi va keyin asta-sekinlik bilan tarqala boshlashdi. Shundan so‘ng qarorgoh atrofidagi halqa ham yechildi, namoyishchilarni qo‘lga olish holatlari kuzatilmadi.
Mustaqillik saroyiga vertolyotda Lukashenkoning o‘zi tashrif buyurdi. Internetda u qo‘lida avtomat ko‘targan holda tasvirlangan videolar tarqaldi. Namoyishchilar Mustaqillik saroyi atrofida turishganida hudud yaqiniga prezident vertolyoti qo‘ndi. OAV va muxolifatchi telegram-kanallar ushbu vertolyot Lukashenkoni evakuatsiya qilish uchun kelganini taxmin qila boshlashdi. Ammo keyinroq, namoyishchilar tarqagach, prezident matbuot xizmatiga yaqin bo‘lgan «Pul Pervogo» kanali Lukashenko ushbu vertolyotdan chiqib kelayotgani tasvirlangan videoni namoyish etdi. Ushbu kanalda e'lon qilingan ikkinchi videoda esa Lukashenko bronejilet taqqan, qo‘lida avtomat ko‘targan («Novoy gazeta» talqiniga ko‘ra, bu AKS-74U bo‘lgan) holda namoyon bo‘ldi. Uning yonida harbiy libosdagi o‘g‘li Nikolay ham bor edi.
Prezident matbuot xizmati Lukashenko tasvirlangan yana bir necha videoni namoyish etdi. Ulardan birida prezident namoyishchilarni kalamushlarga tenglashtirgan. Videoda Lukashenko vertolyotda o‘tirib, namoyishchilar harakatini kuzatayotgani tasvirlangan. U vertolyot namoyishchilar to‘plangan G‘oliblar prospektiga qarab shunday deydi: «Kalamushdek qochishyapti». Kadr ortida shunday muloqot davom etadi: «Ular qayerda?» — «Qochishdi. Ular sen borayotganingni bilishdi». Bundan bilish mumkinki prezident o‘g‘li Nikolay Lukashenko bilan gaplashgan.
«Pul Pervogo» tarqatgan yana bir videoda Lukashenko Mustaqillik saroyi atrofini o‘rab turgan harbiylar oldiga borib, ularga minnatdorchilik bildiradi. «Yigitlar, rahmat sizlarga! Ajoyibsizlar! Biz ular bilan shug‘ullanamiz», — deydi Lukashenko. «Biz oxirigacha siz bilanmiz», — deya javob qaytaradi harbiylar.
Lukashenkoning matbuot kotibi Natalya Eysmont namoyishchilar Mustaqillik saroyini qamal qilmoqchi bo‘lishgani, ammo ular qo‘rqib ketib qochib qolishgani haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Lukashenko kun davomida Mustaqillik saroyidagi markazda ishlagan; uning yonida 15 yoshli o‘g‘li Nikolay bo‘lgan. «Mitingchilar deyilayotgan odamlar kelishganida va o‘ziga xos qamal uchun harakat boshlashganida davlat rahbari ham bino ichida edi. Keyin, aytish mumkinki, mitingchilarning jasorati uzoqqa bormadi. Nima bo‘lishi mumkinligini ko‘rishgach, bu odamlar darhol ortga burilishdi va qocha boshlashdi», — degan Eysmont. U shundan so‘ng Lukashenko vertolyot chaqirgani va shaharni aylangani, keyin Mustaqillik saroyiga qaytib, binoni qo‘riqlagan xavfsizlik xizmati xodimlariga minnatdorchilik bildirganini qo‘shimcha qilgan.
Norozilik aksiyalari va namoyishchilar bilan birdamlik aksiyalari Minskdan tashqarida ham davom etdi. Belarusning turli hududlarida minglab kishilar ko‘chalarga chiqishdi: Brest, Vitebsk, Mogilyov, Grodno va Gomelda. Shuningdek, Kiyev, Varshava, Peterburg va Moskvada ham belaruslar bilan birdamlikni namoyishlari o‘tkazildi. Riga aholisi Belarusdagi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlash uchun oq-qizil-oq rangdagi bayroqlardan jonli zanjir hosil qilishdi; aksiyada Latviya prezidenti Egils Levits ham qatnashdi. Litvada minglab kishilar Vilnyusdan Belarus chegarasigacha saf tortishdi; ularga Litvaning sobiq prezidenti Dalya Gribauskayte ham qo‘shildi.
Bu Belarusda namoyishlarning 15-kuni bo‘ldi. Namoyishlar prezidentlik saylovlarida ovoz berish yakunlanishi bilanoq, 9 avgust kuni kechqurun boshlangandi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, o‘zi uchun oltinchisi bo‘lgan saylovda Aleksandr Lukashenko 80 foiz ovoz to‘plab, g‘olib bo‘lgan, ammo bu ma'lumotga deyarli hech kim ishonmadi. Namoyishlarning dastlabki kunlarida kuch ishlatar tuzilmalar namoyishchilarni shafqatsizlik bilan tarqatishdi. Yetti mingga yaqin kishi qo‘lga olindi — nafaqat namoyishchilar, balki tasodifiy yo‘lovchilar ham. Bir necha yuz kishi kuch ishlatilishi oqibatida jarohatlandi, ko‘plar qo‘lga olinganidan keyin izolyatorlarda qiynoqqa solindi. O‘tgan vaqt davomida Belarusning turli hududlarida namoyishlarda qatnashgan 6 kishi halok bo‘lgani ma'lum. Maxsus xizmatlarning zo‘ravonligi namoyishlarni faqatgina kuchaytirdi, shundan so‘ng militsiya kuch ishlatishni to‘xtatdi, Belarus ichki ishlar vaziri esa «xatolik bilan qo‘lga olinganlar»dan uzr so‘radi. Aleksandr Lukashenko esa namoyishchilarning saylovlarni qaytadan o‘tkazish haqidagi talablarini keskin rad etmoqda va namoyishlarni G‘arb davlatlarining Belarusni «tiz cho‘ktirish»ga va hokimiyatni almashtirish orqali ushbu davlatni Rossiya bilan urishtirishga urinishi deb baholamoqda.
Mavzuga oid
13:27 / 17.12.2024
YeI Minskka qarshi sanksiyalarni kengaytirdi
18:53 / 10.12.2024
Lukashenko: Belarusda o‘nlab yadroviy kallaklar bor
02:18 / 07.12.2024
Putin va Lukashenko xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi
23:47 / 23.11.2024