Olimlar cheksiz marta qayta ishlanuvchi plastmassa turini ishlab chiqishdi
Olimlar ishlab chiqqan yangi plastik qizdirish yo‘li bilan dastlabki xususiyatlarini saqlab qolgan holda cheksiz qayta ishlanishi mumkin. Material plastik konteynerlar, sport anjomlari, avtomobil ehtiyot qismlari, qurilish materiallari va boshqa mahsulotlarni tayyorlashda qo‘llanishi mumkin.
Plastikning yangi turi AQShning Kolorado shtati universiteti laboratoriyasi boshchiligidagi olimlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan. Bu haqda New Scientist nashri xabar berdi.
Yangi material bitsilik tiolaktonlar deb ataluvchi kimyoviy qurilish bloklaridan tashkil topgan bo‘lib, yuqori bikirlik, mustahkamlik va barqarorlik ko‘rsatkichlariga ega.
Tadqiqot mualliflaridan biri Yujin Chenning ta'kidlashicha, yangi plastik kimyoviy katalizator ishtirokida 100 daraja issiqqacha qizdirilib oson qayta ishlanishi mumkin. Plastik yuqori harorat ta'sirida boshlang‘ich qurilish bloklariga parchalanib, so‘ngra ushbu bloklar yana shunday yuqori sifatli materialga qayta birlashtirilishi mumkin.
Biroq innovatsion materialning kamchiligi mavjud.
“Asosiy muammo shundaki, ushbu plastikni qayta ishlash uchun u chiqindilar orasidagi boshqa turdagi plastiklardan ajratib olinishi va so‘ngra qayta ishlanishi lozim”, deyilgan maqolada.
Olimlar ushbu kamchilikni arzimas muammo deb hisoblamoqdalar, chunki ushbu plastik zamonaviy ishlab chiqarish talab etadigan barcha xususiyatlarga ega.
Ularning ta'kidlashicha, dunyoda har yil 300 mln tonnadan ko‘proq plastik ishlab chiqariladi va uning oz qismigina qayta ishlanadi. Qolgan plastik chiqindilar esa chiqindixonalarga jo‘natiladi, yoqib yuboriladi yoki atrof-muhitga tushadi.
Avvalroq olimlar Atlantika okeanining 200 metrgacha chuqurlikdagi yuqori qatlamlarida 12-21 mln tonna palstik chiqindilar suzib yurishini ma'lum qilishgan.
Mavzuga oid
18:19 / 18.10.2024
Olimlar bioplastik okeanda qog‘ozdan ham tezroq parchalanishini aniqladi
12:30 / 09.10.2024
Plastik idishlardagi suv vodoprovod suvidan xavfliroq - tadqiqot
16:30 / 04.10.2024
O‘yinchoqlar va idishlardagi qora plastik saratonga olib kelishi mumkin - tadqiqot
15:54 / 19.09.2024