«Turmush qurganimdan beri erimdan kaltak yeyman. Ajrashmoqchi bo‘ldim, ammo...» – Bir ayol hikoyasi
«Yoshim 33 da. Turmush qurganimga 11 yil bo‘ldi. To‘yimizning ertasi kunidan boshlab erim meni mast holatda do‘pposlardi. Bu turmushga boshidayoq qarshilik bildirganman. Besh yillik unashtiruv davomida uning fe'lini juda yaxshi bilardim. Ota-onamga noroziligimni aytsam-da, odamlarning gap-so‘zlaridan qo‘rqib, shu yigitga uzatishdi. Erim noshudligidan ovsinim uyimizdan haydab soldi. Muqim yashash joyimiz bo‘lmaganidan keyin besh yil alohida yashashga majbur bo‘ldik. Men ota uyimda, u esa akasining uyida. O‘g‘lim dadasini tanimay o‘sdi».
Har bir insonning o‘z taqdir bitigi bor. Kimgadir baxtli, to‘qin-sochin hayot nasib etsa, yana kimdir muhtojlikda sinaladi. Ismi sir tutilishini istagan samarqandlik ayolning taqdiri kimlarnidir mushohadaga chorlasa ajabmas.
“Ota-onamni norozi qilmaslik uchungina shu insonga turmushga chiqdim”
2011 yilda turmush qurdim. Hayot ostonasiga endi qadam qo‘yayotgan har bir qiz qalbida qancha-qancha orzular bo‘ladi. Menda esa aksincha. Kelajak hayotim qiyinchilik va muhtojlikda o‘tishini bilsam-da, o‘zim istamagan inson bilan turmush qurdim. Unda zarracha ko‘nglim bo‘lmagan. Erimning ota-onasi ancha yillar oldin vafot etishgan. To‘y qilishga puli bo‘lmagani uchun unashtiruvimizdan keyin besh yil o‘tib ketdi. U bu orada Rossiyada ishlab, pul topib keldi. Uning ichkilikka berilib ketganini bilardim. Mast holatda hech kimni tanimasdi. Ota-onamga to‘yni to‘xtatmoqchiligimni aytganman, lekin dadam qo‘ni-qo‘shnilar gapidan qo‘rqib, meni fikrimdan qaytargan.
“To‘y ham o‘tdi...”
Shu tariqa amal-taqal qilib to‘yni ham o‘tkazdik. To‘yning ertasi kunidan azobli kunlarim boshlandi. Erim mast holatda kelib, hech bir sababsiz meni do‘pposlay ketdi. Bu holat bora-bora odatga aylanib qoldi. Kelin bo‘lib tushgan xonadonimda men va erimdan tashqari ovsinim va ikki qaynog‘am ham yashardi. Erim menga uylanishidan oldin ham ko‘p ichardi. Jigarlari uni bu yo‘ldan qaytarish uchun astoydil harakat qilishmagan. Doim mast bo‘lib, kechalari ko‘chada qolib ketavergani, qo‘ni-qo‘shnilar oldida ularni izza qilgani uchun ham aka-ukalari uni unchalik xushlamasdi.
“Qaynopamning zug‘umlariga chidash osonmas edi”
Shaharda qaynopam yashardi. Bizdan uzoqda bo‘lsayam, biz, kelinlariga azob beraverardi. Uch marta homilamdan ayrildim. Bunga siqilish, og‘ir mehnat, to‘yib ovqatlanmaslik sabab bo‘lgan. Qaynopam buni bilmasdi yoki bilmaganlikka olib, meni kasalmandsan, farzand tug‘olmaysan, deb siquvga olardi. Erimniyam menga qarshi qayrardi. Mendan katta ovsinimniyam uyga sig‘dirmay, boshqa joyga ko‘chirib yubordi. Uyda erim, men va qaynukam qoldik. Qaynukamniyam uylantirdik. Qaynopam menga azob berishda davom etaverdi. Uydan chiqib ket, degan paytlari, ajrashtirishgacha uringan holatlari ham bo‘lgan. Ko‘p o‘ylardim: qaynopam nima uchun shundoq ham mo‘rt hayotimizni zaharlamoqchi bo‘ladi? U o‘zi ham baxsiz edi: eri bilan ko‘p janjallashardi, hayotidan noroziligi ko‘rinib turardi. U bizniyam o‘zi kabi qiynalishimizni istagandir balki.
“Bizni uydan haydashdi”
Mendan kichik ovsinim bilan birga yashardik. Qaynukam mardikorlik qilardi. Ishlagan joyida bir necha kunlab qolib ham ketardi. Bu paytda ovsinim onasinikiga ketardi. Qaynukam qaytib kelgunicha o‘sha yerda bo‘lib turardi. Bir kuni ovsinim eri kelishidan biroz oldin qaytib kelgan ekan. Men uyda emasdim. Ish bilan qo‘shnilarnikiga chiqib ketgandim. Erim har doimgidek ichib kelgandi. O‘sha kuni uyimizda katta janjal bo‘ldi. Ovsinim tuhmat qilib, erim uni homilador bo‘lishiga qaramasdan shafqatsizlarcha urganligini yolg‘ondakam yig‘lab qaynukamga aytib bergan. Aka-ukalari buni eshitib, erimni rosa do‘pposlashgan. Mast bo‘lgani uchun aybsiz ekanligini aytolmagan. Og‘zi-burni qon holatda ko‘l-oyog‘ini bog‘lab, og‘ilxonaga qamab qo‘yishgan ekan. Qo‘shninikidan qaytib kirsam, erim bir ahvolda yotibdi. O‘sha paytda hozir 6 yoshga kirgan o‘g‘limga homilador edim. Ko‘z oldim qorong‘ulashib, hushimdan ketib qoldim. Uyga erimning amakivachchalari ham kelishgandi. Ular meni zudlik bilan shifoxonaga olib borishdi. O‘sha yerda biroz vaqt davolandim. Bu orada erimni militsiya olib ketibdi. Voqea bo‘yicha tekshiruv o‘tkazildi. Erim ovsinimni urmaganligi aniqlandi. Shu bilan hammasi o‘z o‘rniga tushib ketdi, deb kalta o‘ylabman. Keyin bilishimcha, bu ularning rejasi bo‘lgan ekan.
Oylar o‘taverdi. Ovsinim har ikki gapining birida bu yerdan ketishimiz kerakligini aytaverardi, sababsiz janjallar bo‘lardi. Boradigan joyimiz bo‘lmagani uchun chidab yashab kelardim. Bir kuni erimning opasi, aka-ukalari uyga kelib, o‘zaro gaplashishdi. Erimga men bilan ajrashish talabini qo‘yishdi. Rozi bo‘lmagach, noiloj uydan chiqib ketishga qaror qildi. Fevral oyi edi. Bolam 5 oylik edi. Hamma buyumlarimizni bitta yuk mashinasiga ortib, uyni tark etdik. Qizlik uyimga yaqin joydan ijaraga hovli uy topgandik. O‘sha kuni qishloqqa sel kelgandi. Soyda suv to‘lib-toshib oqardi. Yuk mashinasida o‘tib ketamiz, deb o‘ylagandik. 10 daqiqacha mashina yurolmay qoldi. Ko‘p kiyim-kechak, oziq-ovqatlarimiz soyda oqib ketdi. Bir amallab soydan chiqib olgach, ijaradagi uyga yetib oldik. Ertasi kuni hammamiz: erim, men va o‘g‘lim qattiq shamollab qoldik.
“Ajrashmoqchi bo‘ldim, lekin...”
Ijara uyda ikki oyga yaqin yashadik. U yerda sharoit umuman yaxshi emasdi. Juda eski uy bo‘lganligi uchun bolam bilan rosa qiynaldim. Erim boshqa uy topishni o‘ylamasdi. Mardikorlikdan topgan pullarini faqat ichkilikka sarflardi. Och-nahor qolib ketgan kunlarimiz ko‘p bo‘lgan. Erim ichkilikni deb bizni unutib bo‘lgandi. Narsalarimizni olib qizlik uyimga ketib qoldim. O‘g‘limni o‘sha yerda ulg‘aytirdim. Onam poliklinikada farrosh bo‘lib ishlardi. Pensiyaga chiqqach, o‘rniga ishga joylashdim. Oyiga 450 ming so‘m oylik olardim. Erim bir yilda 2-3 marta kelardi. Shundayam o‘g‘limizni boqish uchun hech qanaqa pul bermasligini aytib, mast holda janjal qilib ketardi. Besh yilni shu tarzda o‘tkazdik. Ajrashmoqchi bo‘ldim, lekin hammasi yaxshi bo‘lib ketar, degan umid bilan yashardim. Afsus, unday bo‘lmadi. Tuman hokimligi tomonidan mahallamizda joylashgan eski poliklinika binosini to‘rtta oilaga bo‘lib berishdi. Ular orasida biz ham bormiz. Yangi joyda yangi hayot boshlaymiz, deb o‘ylardim. “Tarki odat amri mahol”, deganlaridek, erim mana, 8 kundan beri har kuni ichib kelyapti.
“O‘g‘lim dadasini tanimaydi”
O‘g‘lim ota mehrini his qilmay ulg‘aydi. Dadasini faqat mast holda ko‘radi. Meni bu yerda ushlab turgan yagona narsa – o‘g‘limning kelajagi. Farzandimni ulg‘aytirishim uchun yashash makonimiz bo‘lishi kerak. Keyingi hayotimiz nima bo‘lishi meni har doim o‘ylantiradi. Erim o‘zgarishiga umid qilaverishdan charchadim.
Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi
Mavzuga oid
09:09 / 20.12.2024
Samarqandda 19 yoshli ayol 16 yoshli qizni kaltakladi
19:07 / 18.12.2024
Samarqandda avtobus piyodani urib yubordi
07:24 / 17.12.2024
Jizzax va Samarqand viloyati hokimlariga o‘rinbosarlar tayinlandi
19:08 / 16.12.2024