Sport | 00:25 / 25.08.2020
24790
14 daqiqa o‘qiladi

Messi va Ronalduning davri o‘tdi. Chempionlar ligasi yakunlari

23 avgust oqshomida Lissabondagi «Da Luj» stadionida kechgan finalda myunxenliklar «PSJ»ni mag‘lub etishdi (1:0) va oltinchi marta Chempionlar Ligasi kubogini qo‘lga kiritishdi. 

Foto: Getty Images

Quyida har safargidan boshqacha o‘tkazilgan bu turnirdagi qahramonlar, sensatsiyalar, rekordlar va muvaffaqiyatsizliklar haqida keltiriladi.

Eng yaxshi to‘purarlar
1.Robert Levandovski, «Bavariya» (15 gol, 10 o‘yin) 
YeChLning bu mavsumida polshalik forvardga hech kim teng kela olmadi. Finalgacha Robert o‘zi ishtirok etgan har bir o‘yinda gol urdi. «PSJ»ga qarshi bahsda Levandovski seriyasini to‘xtatdi, ammo u parijliklar darvozasiga gol urmasdan ham turnirning eng yaxshi to‘purari va myunxenliklarning muvaffaqiyati kaliti bo‘ldi.

2. Erling Holand, «Zalsburg», «Borussiya» Dortmund (10 gol, 8 o‘yin) 
Bir yil muqaddam bu familiyani YeChL to‘purarlari ro‘yxatining yuqori qismida ko‘rish hech kimning xayoliga kelmagani aniq. Yosh norvegiyalik guruh bosqichida «Zalsburg» uchun 8 gol urdi va  butun dunyoning nigohini o‘ziga qaratdi, uning gollari avstriyaliklar jamoasiga qiyin guruhdan chiqishga imkon bermadi va u qishki transferlar vaqtida  «Borussiya»ga o‘tdi hamda yangi jamoasi raqiblari darvozasiga ikki gol yo‘lladi. Ajoyib natija! Holand hali endigina 20 yoshda. 

3. Serj Gnabri, «Bavariya» (9 gol, 10 o‘yin) 
Serj ko‘p o‘yinlarda Levandovskiyning soyasida qoldi. Ammo, u katta sahnaga chiqqan vaqtlari raqiblar darvozsiga gollar yomg‘iri yog‘dirdi. «Arsenal»ning sobiq futbolchisi bo‘lmish Gnabri ayniqsa ingliz klublarini ayamadi («Tottenhem»ga 4ta, «Chelsi»ga 2ta gol urdi). Bundan tashqari, u «Lion» darvozasini ikki bor ishg‘ol etdi. Faqat «Barselona» bu vingerdan bittadan ortiq gol o‘tkazmadi.

Eng yaxshi assistentlar
1. Anxel Di Mariya, «PSJ» (6 uzatma, 9 o‘yin) 
Di Mariya ko‘p marta gol urishdan ko‘ra golli uzatma berishni yoqtirishini namoyish etgan. Turnirning bu mavsumida ham u o‘zi yoqtirgan ishni bajardi va sheriklarini jami 6 assist bilan ta'minladi. Shundan yarmi bir o‘yinga to‘g‘ri kelgan. «Bryugge»ga qarshi o‘yinda Anxel Mbappega ikki, Ikardiga bir gol urishda yordam bergan. 

2. Hakim Ziyosh, «Ayaks» (6 uzatma, 10 o‘yin) 
«Ayaks» Chempionlar ligasining pley-off bosqichiga chiqa olmadi, ammo Ziyosh turnirning eng yaxshi assistentlari uchligiga kira oldi. U saralash bahslarida 2, guruh bosqichida 4 golga uzatmani amalga oshirgan. Koronavirus tufayli Niderlandiya chempionati erta yakunlangach, «Chelsi» safiga kelib qo‘shilgan marokashlik futbolchi yakunlangan mavsumda «Ayaks»ning eng yorqin o‘yin ko‘rsatgan futbolchisi bo‘ldi. 

3. Kilian Mbappe, «PSJ» (5 uzatma, 10 o‘yin) 
Robert Levandovski, «Bavariya» (5 uzatma, 10 o‘yin) 
YeChL finalida Mbappe va Levandovskidan biri turnirning eng yaxshi assistentiga aylanishi ham mumkin edi, ammo finalga chiqqan ikki jamoa ham himoyada ishonchli harakat qildi va ushbu forvardlar assistentlar reytingida uchinchi o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘lishdi. Bu natijaga ikki futbolchi turlicha erishgan. Fransuz hujumchisi butun turnir davomida assistentlik qilgan bo‘lsa, polshalik futbolchining barcha assistlari pley-off bosqichiga to‘g‘ri keladi. Mbappe 5 assistdan tashqari, 5 gol urdi, Levandovski esa yuqorida keltirilganidek 15 gol bilan turnir to‘purariga aylandi.

Eng ko‘p «quruq» o‘yin o‘tkazgan darvozabonlar
1. Manuel Noyyer, «Bavariya» (6 «quruq», 11 o‘yin) 
Chempionlar ligasi finalida uxlab qolmagan muxlislar birinchi o‘rinda Manuelni ko‘rib hayron bo‘lishmaydi. Turnirning asosiy o‘yinidagi qahramonliklarisiz ham ushbu 34 yoshli darvozabon faoliyatidagi yana bir yorqin mavsumni o‘tkazdi. Iyul oyida Noyyer o‘zini hamon dunyoning eng yaxshi darvozaboni deb atagandi, statistikaga qarab u bilan bahslashish mushkul ekanini ko‘rish mumkin. 

2. Keylor Navas, «PSJ» (5 «quruq», 9 o‘yin) 
«Real»ga kerak bo‘lmay qolgach, Parijga yo‘l olgan kosta-rikalik darvozabon hamon yuqori sport formasida ekanini namoyish etdi. Eng ko‘p «quruq» o‘yin o‘tkazgan darvozabonlar orasida «PSJ» posboni eng kam gol o‘tkazish bo‘yicha birinchi – atigi 6 gol. 

3. Yan Oblak, «Atletiko» (4 «quruq», 9 o‘yin) 
Yan Oblak yuqoriroq o‘rinlar uchun kurashishi mumkin edi, ammo jamoadoshlari uyaltirishdi. Bu mavsumda «Atletiko» o‘ziga o‘xshamadi va YeChLni haqli ravishda chorak finaldayoq tark etdi. Madridliklar himoyasi avvalgidek mustahkam bo‘lganida darvozabon yuqori natija ko‘rsatishi tayin edi. FourFourTwo portali bahorda uni dunyoning eng yaxshi darvozaboni sifatida e'tirof etgandi.

Mavsum kashfiyotlari
1. Erling Holand, «Borussiya» Dortmund 
Albatta, turnirning eng asosiy kashfiyoti – Erling Holand bo‘ldi. Norvegiyalik hujumchining aql bovar qilmas o‘yinlari uni bir mavsumdayoq yulduzga aylantirdi va transfer narxini osmonga ko‘tardi. 2019 yilning iyunida u 5 mln yevroga baholangan bo‘lsa, 2020 yil apreliga kelib uning transferi uchun 72 mln yevro talab etilmoqda. Hozirda Erling 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar orasida eng qimmatbaho futbolchidir. 

2. Alfonso Devis, «Bavariya» 
Kanadiyalik himoyachi uchun Chempionlar ligasidagi debyut mavsumi o‘ta muvaffaqiyatli bo‘ldi. Bu turnirda u 4 assist amalga oshirdi, o‘zining fantastik tezligi va texnikasi bilan barchani lol qoldirdi. «Chelsi», «Barselony» va boshqa klublarning o‘ng qanot himoyachilari uchun ushbu kanadalik qo‘rqinchli tushga aylandi. Germaniya futbolchilari ittifoqi Devisni bejizga Bundesligada mavsumning asosiy kashfiyoti sifatida tan olishmadi, «Bavariya» muxlislari esa uni may oyida jamoaning eng yaxshi futbolchisi deb e'tirof etishgandi. 

3. Yosip Ilichich, «Atalanta»
Yuqoridagi ikki futbolchidan farqli ravishda, Ilichich yosh yigitcha emas. Ha, uni muxlislar avvaldan tanishadi. Ammo aynan 2019 yilda u chindan ochildi faoliyatidagi eng zo‘r mavsumni o‘tkazdi. Chempionlar ligasida sloveniyalik futbolchi besh gol urishga erishdi, shundan to‘rttasi «Valensiya»ga qarshi o‘yinga to‘g‘ri keldi. Agar u yozdagi o‘yinlarda ham safda bo‘lganida «Atalanta» uzoqroqqa borishi ham mumkin edi.

Asosiy sensatsiyalar
1. «RB Leypsig», «Lion» va «Atalanta»
Nagelsman, Garsiya va Gasperinining jamoalari bu mavsumda muxlislarga haqiqiy mo‘jizalarni tuhfa etishdi. Top-klublardagi kabi pullarga ega bo‘lmasdan, tarkiblari yulduzlarga to‘lmasdan, «Leypsig» va «Lion» klublari turnirning yarim finaliga qadar yetib kelishdi, bu jamoalar pley-offada «Tottenhem», «Atletiko», «Yuventus» va «Manchester Siti» kabi nomdor raqiblarni turnirdan chiqarib yuborishdi. Nemis va fransuzlar klubiga mavsumni yorqin o‘tkazgan «Atalanta» ham qo‘shilishi mumkin edi, ammo Gasperini jamoasi chorak finalda «PSJ»ga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida g‘alabani qo‘ldan chiqardi. Ammo shu natijaning o‘zi ham dunyoni hayratlantirish uchun yetarli bo‘ldi. 

2. «Barselona» — «Bavariya» — 2:8
Kataloniyaliklarning myunxenliklarga qarshi o‘yini oldidan ham «Bavariya» favorit hisoblanayotgandi, ammo hech kim chorak final o‘yini Seten jamoasi uchun bunday sharmandali hisob bilan yakunlanishini taxmin qilolmasdi. Bir o‘yinda 8 gol o‘tkazilishi «Barsa» tarixida 74 yil muqaddam kuzatilgandi, final hushtagi yangragach barcha mag‘lublarga achinib qaray boshladi va 2014 yilgi jahon chempionatining yarim finalini yodga oldi, o‘shanda Braziliya Germaniyaga 1:7 hisobida yutqazgandi.

3. «Bavariya»
Hozirda bu absurd ko‘rinadi, ammo «Bavariya»ning yakunlangan mavsumda YeChL g‘olibi bo‘lishini sensatsiya deb atash mumkin. Bunga ishontirish uchun mavsum boshidagi klubni eslash kifoya. O‘tgan yilning noyabrida myunxenliklar Bundesligada to‘rtinchi o‘rinda borishar, kubokda kuchsiz jamoalarga qarshi o‘yinlarda qiynalishar va ichki ziddiyatlar avj olgandi. Keyin jamoa bosh murabbiyni almashtirdi va  jamoa oqsoqlanayotgan granddan Yevropaning eng yaxshi klubi darajasiga qaytdi. Atigi yarim yil ichida. Axir bu sensatsiya emasmi?

Asosiy ko‘ngilsizliklar
1. Messi va Ronaldu
Albatta, mavsumni na Messi uchun, na Ronaldu uchun omadsiz mavsum deb atab bo‘lmaydi. Ammo ularning o‘zi mavsumdagi natijalaridan qoniqmasliklari tabiiy. Birinchidan, 14 yil ichida ilk marta ularning ikkisi ham yarimfinalda bo‘lishmadi. Ikkinchidan, 13 yil ichida ilk marta ulardan boshqa futbolchi turnirning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. Uchinchidan, Ronaldu YeChL o‘yinlaridagi gol+pas statistikasi bo‘yicha (4 gol, bir uzatma) 2004/2005 yilgi mavsumdan buyon eng yomon ko‘rsatkichini qayd etdi, Messi uchun esa (3 gol, 4 golli uzatma) bu mavsum 2006/2007 yilgi mavsumdan buyon eng yomoni bo‘ldi (2015/2016 yilgi mavsumda ham u jarohat tufayli barcha o‘yinlarda maydonga tusha olmagan va 6 gol urib, bir golli uzatma bilan kifoyalangandi). Ko‘rinishidan, bu ikki «o‘zga sayyoralik»ning davri tugadi. 

2. Koronavirus
Chempionlar ligasi epidemiya tufayli Yevropadagi boshqa turnirlardan kam zarar ko‘rmadi. Koronavirus tufayli joriy mavsumda YeChLning pley-off uchrashuvlari chorak finaldan Lissabondagi neytral stadionlarda tomoshabinlarsiz va «sakkizlik finali» formatida o‘tkazildi. Hozirda ko‘pchilikka bu format yaxshiroq ko‘rinmoqda, uning afzalliklari va kamchiliklari haqida bahslar ketmoqda. Ammo pley-off va final muxlislarsiz, stadionlardagi bayramlarsiz o‘tkazildi. 

Asosiy rekordlar
1. «Bavariya» barcha o‘yinlarda g‘olib chiqdi
YeChLning asosiy rekordi, albatta, «Bavariya»ning tarixiy natijasidir. Myunxenliklar barcha o‘yinlarida g‘alaba qozonishdi, guruh bosqichida «Tsrvena Zvezda», «Tottenhem» va «Olimpiakos» ikki martadan, nimchorak bosqichda «Chelsi» ikki marta, chorak finalda «Barselona», yarim finalda «Lion», finalda «PSJ». Qayd etish kerakki, nemislar epidemiya tufayli format o‘zgargach, odatdagi mavsumlarda g‘olib chiqadigan jamoalardan ikkita kam o‘yin o‘tkazishdi, ammo bu fakt ularning natijasiga daxl qila olmaydi. 

2. «Bavariya» pley-offning biri o‘yinida 8 gol urdi
«Barselona»ni yakson etgan «Bavariya» turnir tarixida pley-off bosqichining bir o‘yinida shuncha gol urgan ilk jamoaga aylandi. Yaqin vaqtlar ichida bu rekord yangilanishi dargumon.

3. Levandovskining pokeri va Neymarning aldab o‘tishlari
Qaysi rekordni oldinroqqa qo‘yishni aniqlash qiyin, shu tufayli bu qatordan ikki futbolchi ham o‘rin oldi. Ularning ikkisi ham o‘z ishini mahorat bilan uddalashdi. «Tsrvena Zvezda» darvozasiga 15 daqiqa ichida 4 gol yo‘llagan Levandovski turnir tarixidagi eng tezkor pokerni rasmiylashtirdi. Neymar esa chorak finalda «Atalanta»ga qarshi o‘yinda raqib futbolchilarini 16 marta aldab o‘tdi va Chempionlar ligasida bu borada rekord o‘rnatdi (Opta portali bir o‘yindagi aldab o‘tishlar soni bo‘yicha hisobni 2009/2010 yilgi mavsumdan yurita boshlagan). Fantastika!

Mavzuga oid