O‘zbekiston | 12:04 / 25.08.2020
50227
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston koronavirusga qarshi emlash dasturiga qo‘shildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi O‘zbekiston koronavirusga qarshi emlash dasturiga qo‘shilgani haqida xabar berdi.

Foto: AFK «Sistema» matbuot xizmati / TASS

Ma'lum qilinishicha, 24 avgust kuni Jyenevada bo‘lib o‘tgan brifingda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesus koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqish va tarqatish bo‘yicha COVAX xalqaro mexanizmiga 172 davlat qo‘shilgani haqida xabar bergan. Ayni paytda JSST portfelida koronavirusga qarshi 9ta vaksina mavjud ekani aytilmoqda.

«Yana bir yangilik, JSST va uning Yevropa mintaqaviy byurosining faol a'zosi sifatida O‘zbekiston ham tashkilotning koronavirusga qarshi emlash dasturiga qo‘shildi. Ma'lum qilinishicha, tashkilot barcha vaksina ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qiladi. Ushbu mexanizm barcha a'zo mamlakatlarning litsenziyalangan va tasdiqlangan vaksinalardan teng foydalanishni ta'minlashga qaratilgan», deyiladi xabarda. 

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston JSST Yevropa mintaqaviy byurosiga a'zo bo‘lgan 53 davlatdan biri bo‘lib, tashkilot bilan ko‘p tomonlama hamkorlik qilib keladi. Tashkilotning 69-sessiyasida uning direktorligiga saylangan doktor Xans Klyuge o‘zining ilk rasmiy xorijiy tashrifini 2020 yil 10 fevral kuni O‘zbekistondan boshlagandi.

Shuningdek, 2019 yilning 20 may kuni bo‘lib o‘tgan JSSTning oliy organi Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining JSST Yevropa mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti etib saylangan. 

«Ushbu keng ko‘lamli hamkorlik ayni vaqtda koronavirusga qarshi kurash masalasini ham qamrab olgan. Hozirda JSST Yevropa mintaqaviy byurosining vaqillari Oleg Storojyenko va Tanya Shmid yurtimizda bo‘lib, koronavirusga chalingan bemorlarni davolash jarayonlarida bevosita ishtirok etmoqda», deya qayd etadi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Mavzuga oid