Sport | 10:59 / 26.08.2020
22303
3 daqiqa o‘qiladi

«Andijon» futbol klubi bankrotlik yoqasida. Jamoa tarqalib ketdimi?

Foto: Tribuna.uz

“Andijon” jamoasi milliy chempionatning navbatdagi turida “Paxtakor” bilan kuch sinashishi kerak edi. Lekin o‘yin arafasida “Andijon” klubi moliyaviy muammolar girdobida qolgani sababli inqirozga yuz tutdi va klubning asosiy jamoasi ham, o‘rinbosarlar tarkibi ham tarqatib yuborildi.

Ayrim manbalarda aytilishicha, “Andijon” futbol klubi o‘z faoliyatini to‘xtatayotganini jamoa bosh murabbiyi Viktor Kumikov ham tasdiqlagan. Unga ko‘ra, jamoa “Paxtakor”ga qarshi o‘yinda maydonga tushmaydi. Muammo moliyaviy inqiroz bilan bog‘liq. Jamoa a'zolari uch oydan beri maosh olishgani yo‘q. Klubning o‘tgan yildan qolgan qarzlari ham bor.

“Klub bankrotlik e'lon qilyapti. Bugun o‘rinbosarlar tarkibi, ertaga asosiy jamoa “Paxtakor” bilan o‘ynashi kerak edi. Jamoamiz o‘tgan tur o‘yinidan keyin Toshkentda edi. O‘sha yerda mashinalarni chaqirib, futbolchilarni uylariga tarqatib yubordik. O‘rinbosarlar jamoasi ham o‘tgan tur o‘yiniga zo‘rg‘a borib kelgan edi. Yo‘lda haydovchilar ularni bepul olib ketishdan tashqari ovqat pullarini ham o‘zlari berishgandi. Endi “Paxtakor” bilan o‘ynash uchun jamoaning o‘zi yo‘q. Hozir hamma hayron. Bu yil hisobidan GM tomonidan aytarli pul berilmadi. Bu yil hisobidan 2 milliard so‘mdan ozgina oshiqroq pul berildi, xolos. Biroq, 8 oyga buncha pul hech narsa bo‘lmaydi-da”, - deydi klub xodimlaridan biri.

Ikki-uch kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda jamoa fan-klubi a'zolari O‘zbekiston prezidentidan yordam so‘rab qilgan videomurojaati tarqalgan edi.

Xullas, muammolar to‘planib, “Andijon” klubini inqiroz ko‘chasiga olib kirib qo‘ydi. Uni bankrotlik xavfidan kim qutqarib qoladi?

Mavzuga oid