O‘zbekiston | 12:40 / 26.08.2020
33661
6 daqiqa o‘qiladi

«Biz pozitsiyamizda qat'iy turamiz». Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan «O‘zavtomotors» masalasida suhbat

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Davlatov «O‘zavtomotors» kompaniyasi faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv, mashina narxlari asossiz oshirilishi va shov-shuvga aylangan maxsus komissiya qarori yuzasidan ma'lumot berdi.

Kun.uz’ning «Erkin suhbat» ko‘rsatuvining navbatdagi sonida avtomobillari narxini sun'iy oshirishda ayblanib, faoliyati tekshirilgan «O‘zavtomotors» kompaniyasi haqida suhbat bo‘ldi. Savollarga ushbu tekshiruvni o‘tkazgan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasi a'zosi Ulug‘bek Davlatov javob berdi.

«O‘zavtomotors» qonun buzganmi?

Ta'kidlash joizki, kompaniya hukumatning tegishli qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning davlat reyestriga kiritilgan. Ya'ni «O‘zavtomotors» qonunan monopolist sanaladi. Shunga qaramay, u narxlarni shakllantirish jarayonida qonun va tegishli qonun bandlariga amal qilishi lozim. Kompaniya o‘z-o‘zidan narxni belgilashi noqonuniy hisoblanadi. Monopolist tashkilot, xo‘jalik sub'yektlari tomonidan narxni belgilash tartibi buzilganda, vakolatli davlat organi buni tekshirishga haqli.

Maxsus komissiya qarori qanday qabul qilingan?

Joriy yil 19 avgustda qabul qilgan qo‘mitaning maxsus komissiyasi qarori O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan «O‘zavtomotors» AJ faoliyatining tekshiruvi natijalariga asoslanadi. Ushbu tekshiruv Vazirlar Mahkamasining tegishli topshirig‘i asosida o‘tkazilgan. Ushbu tekshiruv 6 iyun boshlangan va 20 kun davom etgan. Shundan so‘ng, mutaxassislar tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Davlatov

Tekshiruvning to‘g‘ri va xolis amalga oshirilgani aniqlash maqsadida 26 iyundan so‘ng bir oy davomida surishtiruv o‘tkazilgan. Shu orada deputatlar ham so‘rov yuborgan. O‘rnatilgan tartibda deputatlik so‘roviga javob berilgan hamda «O‘zavtomotors» AJ faoliyatida yo‘l qo‘ygan qonunbuzar holatlari aniqlangandan so‘ng, qo‘mitaning tegishli ish qo‘zg‘atilgan.

Unga muvofiq, ishni maxsus komissiyaga o‘rganib chiqib, yakuniy qaror qabul qilishi lozim edi. Avval, 3 avgust kuni maxsus komissiya yig‘ilishi «O‘zavtomotors» iltimosi bilan 7 avgustga qoldirilgan. Keyin esa, qo‘shimcha ma'lumot va hujjatlarni taqdim etish vaji bilan ushbu yig‘ilish 19 avgustgacha qoldirilgan. Vanihoyat, ishni qariyb 3 oy davomida o‘rgangan qo‘mita vakillari hal qiluv qarorini qabul qilgan.

«O‘zavtomotors» kompaniyasining vajlarida ta'kidlangandek, masalani atroflicha o‘rganib chiqish uchun muddat yetarli emasligi haqiqatga mos emas. Negaki, ish qo‘zg‘atilgan kungacha bir oy surishtiruv ham bo‘lgandi.

Maxsus komissiya kimlardan iborat va uning qarori qonuniy kuchga egami?

Maxsus komissiya faoliyati hukumatning tegishli qarori bilan tartibga solinadi. Komissiya yetti nafar a'zodan iborat bo‘lib, ularning biri komissiyaga raislik qiladi. Ayni paytda unga qo‘mita raisining o‘rinbosari Bekzod Ummatov raislik qilmoqda, shuningdek, Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining beshta boshqarmasi boshliqlari komissiya a'zoligiga kiritilgan.

Qonun hujjatlarga asosan, maxsus komissiyaning qarori vazirlik, idora va tashkilotlar uchun bajarilishi majburiy hisoblanadi. Qaror talablari bajarilishi uchun bir oy muddat beriladi. Shu vaqt ichida asoslantiruvchi hujjatlar bilan javobgar tomon sudga yo qo‘mitaga murojaat qilish huquqiga ega. Agar berilgan bir oy muddat ichida sudga, qo‘mitaga murojaat etilmasa, shuningdek, javobgar tomon talablarni bajarishdan bo‘yin tovlasa, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178 moddasiga («raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini, tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini va iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish») asosan javobgarlikka tortiladi. 

Ma'muriy javobgarlik qo‘llanilgandan so‘ng, holat davom etsa, ya'ni ko‘rsatma talablari bajarilmasa, Jinoyat kodeksiga asosan jinoiy javobgarlikka tortish uchun tegishli idoralarga taqdimnoma kiritiladi.

Qo‘mita sud ishlariga tayyormi?

Kompaniya sudga murojaat etish huquqiga ega. Avvalambor, sudga murojaat etilganda, kiritilgan da'vo arizasidan nusxa Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga ham yuboriladi. Sud qanday qaror chiqarishidan qat'iy nazar, qo‘mita o‘z pozitsiyani o‘zgartirmaydi. Negaki, qariyb 3 oy davom etgan ish davomida barcha e'tiroz va vajlar o‘rganilgan. 2019 yilda 610ta ish qo‘zg‘atilgandi, shundan 5tasi sud tomondan rad etilgan. Ya'ni rad etilgan qarorlar umumiy ishlarning 1 foizini ham tashkil qilmaydi. 2020 yilda esa 189ta ish qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozircha sud tomonidan biror ish rad etilmagan. Ammo sudda ko‘rib chiqilayotgan, yakuniga yetmagan ishlar mavjud.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi
Tasvirchi va montaj ustasi Otaxon Yusupov

Mavzuga oid