Prezident Mustaqillik bayrami arafasida 113 mahkumni afv etdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 29 yilligi arafasida «Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining
93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan 113 nafar fuqaro afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 5 nafari asosiy jazodan ozod etildi, 53 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi,
15 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi.
Shuningdek, 40 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 1 nafari 60 yoshdan oshgan erkak, 2 nafari chet davlat fuqarolaridir. 113 kishidan 105 nafarini taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilari tashkil etadi.
«Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas'ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi», – deyiladi rasmiy xabarda.
Eslatib o‘tamiz, shu yil 5 fevralda 58 nafar, 6 martda 83 nafar, 21 mayda 258 nafar mahkum prezident tomonidan afv etilgan edi.
Mavzuga oid
16:16
O‘zbekiston va Ozarboyjon prezidentlari telefon orqali suhbatlashdi
09:27
Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga tashrif buyuradi
20:43 / 23.12.2024
Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi
13:58 / 20.12.2024