Jahon | 17:03 / 29.08.2020
20704
5 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusning dunyoga tarqalish darajasi pasaymoqda. Yevropa bahorgi ko‘rsatkichlarga qaytdi

Yevropada ko‘rsatkichlar bahorgi darajaga qaytdi. Jami 24,5 million insonda koronavirus aniqlangan – bu umumiy hisobda dunyo aholisining 0,3 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi. Ularning 65,4 foizi sog‘aygan. Hafta davomida tuzalganlarning soni 1,45 millionga ko‘payib, 16 millionga yetdi.

Foto: EUTERS/Henry Nicholls

So‘nggi yetti kun davomida dunyoda koronavirusga chalinishning tasdiqlangan holatlari soni 1,8 millionga ortdi. Iyul oxiridan boshlab haftalik o‘sish kuzatilmoqda. Biroq nisbatan olganda, pandemiya boshlanganidan beri bu tendensiya minimal darajaga tushdi – 7,5 foiz.

Yangi infeksiyaning shartli o‘lim darajasi (yakuniysi pandemiya tugagach aniqlanishi mumkin) minimal darajani yangilab, 3,4 foizgacha tushdi. Ammo mutaxassislar bu ko‘rsatkich kuzda kasallikning avj olishi ortidan yana ko‘tarilishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

Yetti kun davomida koronavirus sababli o‘tgan haftadagi kabi qariyb 38 ming kishi vafot etdi. Umuman olganda, dunyoda ushbu yangi kasallik bilan bog‘liq 832 ming o‘lim holati qayd etilgan.

Yevropadagi vaziyat

Epidemiyaning tarqalish geografiyasi o‘zgarib bormoqda: g‘arbiy yarim sharda kasallanish kamaymoqda, Sharqda esa aksincha, raqamlar keskin o‘sib bormoqda. Fransiya va Ispaniyada jiddiy holatlar qayd etildi, Angliya, Italiya va Turkiya kabi bir qator davlatlar bahorgi ko‘rsatkichlarga qaytdi.

Fransiyada may oyi oxiridan beri birinchi marotaba 6 mingdan ortiq yangi holatlar qayd etildi. Yetti kun davomida holatlar soni bir hafta oldingi 9,8 foizlik ko‘rsatkichdan 13 foizga oshdi va qariyb 260 mingga yetdi. Ushbu voqealar fonida rasmiylar epidemiyaga qarshi choralarni kuchaytirishmoqda. Masalan, endilikda Parijda niqob taqib yurish tartibi nafaqat ma'lum joylarda, balki butun shahar bo‘ylab amal qiladi.

Ispaniyada xuddi aprelda bo‘lgani kabi har kuni bir xil miqdorda, ya'ni taxminan 3 ming 800ta yangi holat qayd etilmoqda. Bu hafta virusga chalinganlar soni 6 foizga ortib, qariyb 430 mingga yetdi.

Germaniyada 241 mingta, Italiya va Turkiyada 264 mingtaga yaqin, Buyuk Britaniyada 332 mingta holat qayd etilgani holda, har kuni mingdan ortiq holatlar aniqlanishi bois ko‘rsatkichlar aprel-may oylaridagi kabi ko‘rinish oldi. Yuqtirishning eng yuqori darajasi Germaniya (4 foiz) va Turkiya (3,7 foiz)da.

Osiyodagi vaziyat

Hindiston Osiyodagi epidemiya markazi bo‘lib qolmoqda. Bu yerda kuniga 70 ming odamda koronavirus aniqlanmoqda va kasallikka chalinganlarning umumiy soni allaqachon 3 mln 468 mingdan oshib ulgurdi. Mamlakat koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turibdi, ammo agar ushbu yuqori ko‘rsatkich saqlanib qolgudek bo‘lsa, mamlakat yaqin orada Braziliya (3mln 812 ming)ni ham ortda qoldirib, ikkinchi o‘rindan joy olishi mumkin.

Bundan tashqari, epidemiya Janubi-Sharqiy Osiyoda ham keskin o‘sdi: Filippin (206 mingta holat) va Indoneziyada (163 mingta holat). Hozirda bu mamlakatlar koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holatlar soni bo‘yicha dunyo reytingida 22- va 23-o‘rinlarni egallab turibdi.

Ushbu haftada Filippinda kuniga o‘rtacha 4 mingga yaqin yangi holat aniqlandi va yetti kunlik o‘sish 16 foizga yetdi. Indoneziyada bu raqamlar biroz past, ya'ni 2,2 ming holat va 10,6 foizlik ko‘rsatkich. Ammo shunga qaramay, mamlakat rasmiylari yil oxiriga qadar chet ellik sayyohlar uchun eng mashhur kurort – Balini ochmaslikka qaror qilishdi.

Testlar

Mutaxassislar ta'kidlaganidek, holatlar sonining tez o‘sishi boshqa omillar bilan bir qatorda, ba'zi mamlakatlarda test sinovlari qamrovining kengayayotgani bilan ham bog‘liq.

Xitoy ayni kunga qadar 90 milliondan ortiq test o‘tkazdi va u mazkur ko‘rsatkich bilan dunyo bo‘yicha birinchi o‘rinda turibdi. AQShda esa bu raqam 80 millionga yaqinlashib qoldi. Hindiston (40 millionga yaqin) va Rossiya (35,7 milliondan ortiq) katta farq bilan ularning ortidan bormoqda.

Biroq nufusi 50 milliondan ortiq davlatlar orasida aholini qamrab olish darajasiga ko‘ra, Rossiya (100 ming aholiga 24 mingdan ortiq test), AQSh (24 mingga yaqin) va Buyuk Britaniya (23,9 ming)ning ko‘rsatkichlari yuqoriroq. Ya'ni aholi zich joylashgan Xitoy va Hindiston kabi davlatlar ushbu jihatga ko‘ra ro‘yxatning pastki qismidan joy olgan.

Mavzuga oid