O‘zbekiston | 11:13 / 31.08.2020
17279
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurdi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, majmuadagi ramziy qabr yonida qatag‘on qurbonlari ruhlariga bag‘ishlab Qur'on tilovat qilindi. Shu yerda nuroniylar, ulamo va ziyolilar bilan muloqot bo‘ldi.

- Vatan fidoyilarini eslashimiz, ularning haqiga Qur'on o‘qishimiz yaxshi an'ana. Ma'rifatparvar bobolarimiz mustaqillik uchun, xalqimiz emin-erkin yashashi uchun kurashganini bilamiz. Oxirgi yillarda butun jamoatchiligimiz harakati bilan ularning nomlarini tiklash, muzeylarni yangi namunalar bilan to‘ldirish, ijod maktablari tashkil etish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinyapti. Bularning hammasi - odamlarga tarixiy adolatni, haqiqatni yetkazish uchun, xalqimiz u kunlarni bilishi va hech qachon unutmasligi, bugungi kunlarning qadriga yetishi uchun, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma'lumki, mustabid tuzum davrida minglab begunoh vatandoshlarimizning umri xazon bo‘lgan. 1937-53 yillarda O‘zbekistonda 100 ming odam qatag‘onga uchragan. Ularning 13 ming nafari shafqatsiz otib tashlangan. Qanchadan-qancha oilalar xonavayron bo‘lib, bolalar yetim qolgan. Birgina 1937-38 yillardagi katta qatag‘on davrida 7 mingga yaqin vatandoshimiz otilgan.

- Bu insonlar haqiqiy yetakchilar, ilg‘or ziyolilar, adabiyot, madaniyat namoyandalari, boshqacha aytganda, millatimizning, xalqimizning eng sara vakillari edi. Tasavvur qiling, agar ular qatag‘on qilinmaganida Vatanimiz rivoji uchun, ilm-fan, iqtisodiyot, madaniyat va adabiyotimiz uchun qanday buyuk ishlar qilgan bo‘lar edi, xalqimizni oldinga boshlardi. Shu bilib turib qilingan. Bugun buni armon bilan eslaymiz, - dedi prezident.

Davlat rahbari qatag‘onga uchragan ana shu 100 ming odamning har biri bo‘yicha izlanish, joylarga chiqib, qarindoshlari bilan uchrashib, nomlarini tiklash, qilgan ishlari haqida kitoblar chop etish, o‘zlari yashagan mahallalar va maktablarga nomlarini qo‘yib, xotirasini abadiylashtirish zarurligini ta'kidladi.

So‘nggi yillarda Ishoqxon o‘g‘li Ibrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy singari ma'rifatparvarlar xotirasiga bag‘ishlab muzeylar, muazzam haykallar yaratildi. Ijod maktablari bunyod etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida, barcha viloyatlarda Qatag‘on qurbonlari muzeyining bo‘limlari ochildi. Qatag‘on qurbonlariga bag‘ishlangan yangi-yangi kitoblar, filmlar, tadqiqotlar yaratilmoqda.

Koronavirus pandemiyasi yurtimizni ham chetlab o‘tmadi. Afsuski, bu kasallik uch yuzdan ziyod yurtdoshimizning hayotiga zomin bo‘ldi.

Marosimda ushbu insonlar xotirasiga bag‘ishlab ham Qur'on tilovat qilindi. Bemorlarning tezroq sog‘ayishini Allohdan so‘rab, duo o‘qildi.

- O‘z yaqinlaridan judo bo‘lgan barcha oilalarga chuqur hamdardlik bildirib, sabr-toqat tilayman. Davolanayotgan bemorlarimizning dardiga shifo berishini Xudodan so‘raymiz. Olti oydan beri shu balo bilan kurashyapmiz. Bu kasallik yurtimizdan tezroq ketishini so‘rab duo qilamiz, - dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid