O‘zbekiston | 01:29 / 01.09.2020
13344
4 daqiqa o‘qiladi

Andijonda o‘nlab yangi korxonalarning ochilish marosimlari bo‘lib o‘tdi

Andijon viloyatida Mustaqillik bayrami oldidan sanoat va ijtimoiy soha obektlarini ishga tushirish an'anaga aylangan. Shu kunlarda hududda 50ta ana shunday obektlar ishga tushirilib, ularda 5 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

31 avgust kuni viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov yangi ochilayotgan obektlarning ochilish marosimlarida qatnashdi.

Xo‘jaobod tumanining chekka qishlog‘ida «Mustahkam tekstil» jamiyati tomonidan tayyor trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yirik korxona ish boshladi. Loyiha qiymati 3 mln dollarni tashkil etgan mazkur fabrika yiliga 7,2 mln dona mahsulot ishlab chiqaradi. Ko‘zlanayotgan eksport salohiyati esa yiliga 15 mln dollarni tashkil etmoqda. Korxonada ming nafar mahalliy yigit-qiz ish bilan ta'minlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil Andijonga qilgan tashrifi davomida ming ish o‘rniga ega «VPN» korxonasining ochilish marosimida qatnashgan edi. Xo‘jaoboddagi tekstil fabrikasi yil davomida faoliyatini boshlagan ikkinchi ana shunday yirik ishlab chiqarish korxonasidir.

«Makrofarm Al Sancar» jamiyati aholi uchun dam olish va tibbiy xizmat ko‘rsatish markazi majmuasini foydalanishga topshirdi. Daryo bo‘yida oilaviy muolajalar olish va hordiq chiqarish uchun qad rostlagan kottej tipidagi maskanlar ayniqsa juda zamonaviy qurilgan. 150 o‘rinli zamonaviy ko‘rinishda qad ko‘targan majmuada 100ta ish o‘rni yaratilgan.

Baliqchi tumanining Chinobod shaharchasida ish boshlagan «Skorton tekstil» ip-yigiruv fabrikasi yiliga 15 mln dollarlik mahsulot eksport qilish quvvatiga ega bo‘lib, unda 450 nafar aholi vakillari ishli bo‘ldi.

Oltinko‘l tumanida ham «Yaxshi niyat tekstil» korxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Fabrika yiliga 1,5 mln dollar miqdorida eksport qilish salohiyatiga ega bo‘lib, unda 200 nafar mahalliy yoshlar ish boshladi.

Yuqoridagi korxonalarning ochilish marosimida viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov ishtirok etdi.

«Andijonda mustaqillik bayrami arafasida yil boshida rejalashtirilgan ishlarni hosilini ko‘rish urf-odat bo‘lib qolgan. Xalqimizni hayotdan rozi qilishda eng asosiy masala – ishchi o‘rni yaratish. Bugun 6-7ta obektga borib korxonalarni ochyapmiz. O‘rinbosarlarim ham borib, boshqa hududlardagi mana shunday tadbirlarda ishtirok etmoqdalar. Mazkur obektlarda yangi 5 mingdan ortiq muqim ishchi o‘rinlari yaratildi.

Birgina mana shu Xo‘jaobod tumanidagi «Mustahkam tekstil» korxonasi 1000 ish o‘rniga ega. Bu yerda nafaqat Xo‘jaobod tumani, balki qo‘shni tumanlardan yosh ayollarimiz, qizlarimiz bugun ish bilan ta'minlandi.

Barcha ishlarimiz reja asosida ketyapti. Yil yakunigacha xotin-qizlarimizdan salkam 20 ming nafarini va 8 ming nafar yoshlarni ish bilan ta'minlashni rejalashtirganmiz», – dedi Shuhrat Abdurahmonov.

Elmurod Ermatov

Mavzuga oid