AQSh vaksina ishlab chiqish bo‘yicha global tashabbusga qo‘shilishdan bosh tortdi
AQSh koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqish va uni tarqatish bo‘yicha xalqaro tashabbusda ishtirok etmaydi, chunki ushbu tashabbus Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan bog‘langan. Bu haqda Oq uy xabar berdi.
“AQSh virus ustidan g‘alaba qozonishimiz uchun xalqaro hamkorlarimizni jalb qilishni davom ettiradi, biroq biz korrupsiyalashgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Xitoy ta'sirida bo‘lgan tashkilotlar bila cheklanmaymiz”, deb aytgan Oq uy matbuot kotibi Jadd Dir.
“Prezident har qanday vaksina AQSh sog‘liqni saqlash vazirligining xavfsizlik va samaradorlik bo‘yicha oltin standartiga muvofiq kelishi, sinchkov sinalishi va hayotlarni asrab qolishini kafolatlash uchun mablag‘larni ayamaydi”, deb qo‘shimcha qilgan Dir.
JSST hamda Vaksina va emlash bo‘yicha global alyansning (GAVI) koronavirusga qarshi vaksinani barcha davlatlar olishi imkonini ta'minlashga qaratilgan COVAX tashabbusida 170 dan ko‘proq davlat ishtirok etmoqda.
Hozirda AQShda Moderna va Pfizer/BioNTech kompaniyalari ishlab chiqqan ikkita vaksina klinik sinovlarning yakuniy bosqichidan o‘tkazilmoqda. Sentabr o‘rtalaridan yana ikkita vaksina sinovlarining yakuniy bosqichi boshlanishi kutilmoqda.
AQSh ma'muriyati JSSTni koronavirus haqidagi haqiqatni yashirishda va bu borada Xitoyga yonbosishda ayblab keladi. Iyulda AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati kongress va BMTni AQSh Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan chiqmoqchiligidan xabardor qilgan. AQShning ushbu qarori 2021 yil 6 iyuldan kuchga kiradi.