O‘zbekiston | 22:05 / 05.09.2020
13440
7 daqiqa o‘qiladi

Senatning sayyor majlisi: Sardoba suvlari uyini yuvib ketganlarning ayrimlari hamon maktablarda yashashmoqda

Sirdaryo viloyati hokimligida Oliy Majlis Senati Kengashining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi. Senat raisi T. Norboyeva olib borgan majlisda “Sardoba” suv omborida yuz bergan texnogen halokat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijalari muhokama qilindi.

Oliy Majlis Senati ishchi guruhi tomonidan joriy yilning 14–18 avgust kunlari Sardoba suv ombori o‘pirilishidan talafot ko‘rgan Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlarida amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi. O‘rganish davomida bir qator muammo va kamchiliklar aniqlangan.

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, aniqlangan bu muammo va kamchiliklar yuzasidan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov ma'ruza qilgan. O‘rganish natijalariga ko‘ra:

Ko‘chirilgan aholi va ta'mirtalab uylar

Sardoba suv omboridan talafot ko‘rgan Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlaridagi 28 ta mahallada jami 89 ming 450 nafar aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingan. Bugungi kunga qadar bulardan 74 ming 591 nafar (83,4 foiz) aholi o‘z yashash manzillariga qaytarildi. Qolgan 14 ming 559 nafari, shundan 13 ming 551 nafari ko‘chirish hududlaridagi aholi xonadonlarida va 1308 nafari 13 ta muassasada bugungi kunga qadar yashab kelmoqda. Suv toshqini ro‘y bergan 11 ta mahallada 25 ta aholi punkti, 6069 ta ko‘chmas mulk obekti, 19,6 ming gektar qishloq xo‘jaligi ekin yerlariga zarar yetgan. Bugungi kunda zarar yetgan 25 ta aholi punktining barchasi suv va chiqindilardan tozalangan.

11 ta mahalladagi 25 ta aholi punktida 4710 ta xonadonga talafot yetgan bo‘lib, shundan 2211 tasi yaroqsiz, 2499 tasi yaroqli ekanligi aniqlangan. Yaroqsiz holga kelgan 2211 ta xonadonni uy bilan ta'minlash maqsadida 2640 xonadonli 66 ta ko‘p qavatli uy qurish ishlari bugungi kunda 60 foizga bajarilgan.

Ta'mirtalab bo‘lgan 2499 ta xonadonni ta'mirlash ishlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar tomonidan 1850 ta, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 100 ta, “Qishloq qurilish invest” tomonidan 54 ta, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi tomonidan 44 ta, “Yagona buyurtmachi” injiniring kompaniyasi tomonidan 11 ta xonadonda bugungi kunda ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy soha obektlari

9 ta maktabgacha ta'lim binosi, 16 ta umumta'lim maktabi, 1 ta kasb-hunar kolleji va 8 ta sog‘liqni saqlash muassasasi zarar ko‘rgan. Bu hududlarda bittadan maktabgacha ta'lim muassasasi va umumta'lim maktablari binosini qurish uchun respublika budjetidan 84 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Oqoltin tumanidagi 10-maktabda 108 nafar, Sardoba tumanidagi 6-maktabda 185 nafar, 21-maktabda 90 nafar, “Barkamol avlod” bolalar maktabida 80 nafar talafotdan jabr ko‘rgan, uy-joysiz qolgan aholining hozirgi kunga qadar yashayotganligi natijasida ushbu maktablarning ta'mirlash ishlari kechiktirilmoqda.

11 ta mahalladagi 3 ta masjid, 7 ta qabriston talafot ko‘rgan. Bugungi kunda qabristonlarning barchasi to‘liq tiklangan. 2 ta masjidda ta'mirlash va 1 ta masjidda qurilish ishlari olib borilmoqda.

 

Tadbirkorlik sub'yektlari ko‘rgan zarar

10 ta mahalladagi 282 ta tadbirkorlik sub'yektidan 143 tasining (53 tasi yuridik va 90 tasi yakka tartibdagi tadbirkor) mol-mulkiga zarar yetgan. To‘liq zarar ko‘rgan tadbirkorlar soni 34 nafar, qisman zarar ko‘rganlari 13 nafarni tashkil qiladi. Shundan 32 tadbirkorlik sub'yektining mol-mulki o‘rnatilgan tartibda baholangan va bu 9,1 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

Qolgan 111 tadbirkorga yetkazilgan zarar bugungi kunga qadar aniqlanmagan va bu borada hech qanday ishlar amalga oshirilmagan. Bu esa ularning turli davlat idoralariga asosli murojaat qilishlariga sabab bo‘lgan.

Yo‘llar va ko‘priklarga yetkazilgan talafot

Viloyatda toshqindan talafot ko‘rgan, uzunligi 84 km bo‘lgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, 19 ta ko‘prik, 100,4 km bo‘lgan ichki xo‘jalik yo‘llari ta'mirtalab ahvolga tushgan. Hozirgi kunga qadar xalqaro ahamiyatdagi yo‘llarning 25 km.dan 77 foizi, davlat ahamiyatidagi 43 km yo‘lning 6 foizida ta'mirlash ishlari olib borilgan. Shuningdek, 19 ta ko‘prikning 17 tasida ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.

Qishloq xo‘jaligiga yetkazilgan ziyon

Toshqindan talafot ko‘rgan 3 ta tumanda 19 ming 592 gektar ekin maydonlari zararlangan. 62 ta fermer xo‘jaligi, 3 ta klasterning 9 ming 676 gektar paxta va 5 ming 984 gektar g‘alla maydonlariga zarar yetgan. O‘rganishlar natijasida 2226 ta xonadonning 31 ming 719 bosh uy hayvonlari yo‘qolganligi aniqlangan.

Irrigatsiya va melioratsiya masalalari bo‘yicha, suv omboridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri suv o‘tuvchi markaziy tarmoq, o‘ng va chap tarmoq magistral kanallarining 35,9 km. qismi zararlangan.Natijada Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida ushbu kanallarga bog‘langan jami 129,7 ming gektar qismida suv ta'minoti uzilib qolgan. Hozirgi kunda respublika budjetidan 32,5 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lib, tiklash ishlari olib borilmoqda.

Aholining o‘rganilmayotgan asosli murojaatlari

Talafot ko‘rgan 3 ta hududda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari tizimli ravishda o‘rganilmagani oqibatida Oliy Majlis Senatiga murojaatlar keskin oshganligi qayd etildi.

Viloyat hokimligiga suv toshqinidan jabr ko‘rgan 213 nafar jismoniy va yuridik shaxslardan murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shundan 89 tasi (88 foizi) ijobiy hal qilingan bo‘lsa-da, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Sirdaryo viloyatidagi qabulxonasiga kelib tushgan 59 ta murojaatning bor-yo‘g‘i 5 tasi (8 foizi) ijobiy hal etilgan.

Qolgan murojaatlar tegishliligi bo‘yicha tashkilotlarga chiqarilib, hal etish choralari ko‘rilmagan. Buning natijasida tadbirkorlarning murojaatlari soni oshgan va ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Talafot ko‘rgan hududlarda jami 186 nafar og‘ir turmush sharoitida yashovchi ayollar, shundan 73 nafari nogiron, 12 nafari yolg‘iz ayollarning bandligini ta'minlash bo‘yicha ishlar talab darajasida bajarilmagan. Og‘ir turmush tarzida yashovchi ayollarning 83 nafari yoki 44 foizining bandligi ta'minlangan, xolos.

Shuhrat Yunusov tayyorladi.

Mavzuga oid