O‘zbekiston | 11:24 / 07.09.2020
30574
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston koronavirusga qarshi Rossiya vaksinalarini sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda

O‘zbekiston koronavirusga qarshi Rossiya vaksinalarini sotib olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda va parvozlarni tiklash masalasini o‘rganib, chet eldagi epidemiologik vaziyatni kuzatmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori va sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev «Kommersant'» nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Foto: RDIF / HANDOUT

Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda yoki jamoaviy immunitet, yoki emlash lozim bo‘ladi. 

«Shuning uchun, albatta, Sog‘liqni saqlash vazirligi va hukumat emlash masalasi ustida ishlamoqda.

Boshqa bir qator davlatlar, shu jumladan Xitoy bizga u yoki bu vaksinaning klinik sinovlari uchinchi bosqichida ishtirok etish taklifi bilan murojaat qildi. Hozirda hamkasblar uchinchi bosqichda ishtirok etish yoki barcha sinovlar muvaffaqiyatli yakunlangandan so‘ng vaksinani sotib olish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishmoqda.

Shuningdek, biz Rossiya vaksinasini ko‘rib chiqmoqdamiz. Bilamizki, u Rossiyada ro‘yxatdan o‘tkazildi hamda klinik sinovlarning uchinchi bosqichidadir.

Biz aholini emlash uchun preparatlarni o‘z vaqtida sotib olishga tayyormiz, emlashning xavfsizligi va samaradorligi katta ahamiyatga ega», - dedi u.

Bahodir Yusupaliyevning aytishicha, Rossiya vaksinasi bo‘yicha mutaxassislar va hukumat darajasidagi muhokamalar jarayoni davom etmoqda. Ikki haftadan so‘ng qaror qabul qilinishi mumkin.

«Hozirda hukumat vaksina sotib olishga mablag‘ ajratish masalasini ko‘rib chiqmoqda», - dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori.

Mavzuga oid