Iqtisodiyot | 13:41 / 07.09.2020
11452
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda inflatsiya darajasi 11,6 foizni tashkil qilmoqda

Hozirda O‘zbekistonda inflatsiya darajasi 11,6 foiz bo‘lib, bu ko‘rsatkich yil yakuniga qadar 11 foizga tushishi kutilmoqda.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev mamlakatda inflatsiya holati xususida ma'lumot berdi. Unga ko‘ra, 2020 yilning o‘tgan sakkiz oyida inflatsiya ko‘rsatkichi o‘tgan yilgi bilan solishtirganda 11,6 foizni tashkil qilgan.

«Avvalroq yil yakunigacha inflatsiya ko‘rsatkichi 11-12,5 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilingan edi. Hozirda yil oxirigacha 11 foiz atrofida inflatsiya bo‘lishini kutyapmiz. 2019 yilda bu ko‘rsatkich 15,2 foiz bo‘lgan. Ko‘rsatkich o‘tgan yilgiga nisbatan 4 bandga pasayishi kutilmoqda.

Keyingi yilda inflatsiya ko‘rsatkichida 10 foiz, 2023 yilda 5 foizlik targetga erishish rejalashtirilgan», dedi Hamroyev AOKAdagi matbuot anjumanida.

Behzod Hamroyev makroiqtisodiy barqarorlik, inflatsiya darajasini ushlab turish hozirda nega muhimligini tushuntirdi.

«Odamlar topayotgan daromadninig qadri bo‘lishi kerak. Bir yilda ishlab topgan mablag‘ingizning miqdori qanchaligi emas, shu pulga nimalar sotib olish mumkniligi, nimalarga qurbi yetishi muhimroq.

Makroiqtisodiy barqarorlikning asosiy ma'nosi odamlar ishlab topgan daromadning qadrini ushlab qolishdir», deya Markaziy bank vakilining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, pandemiya davrida aholiga yordam tariqasida qancha kredit mablag‘i kechiktirilgani aytib o‘tildi.

«Karantin davrida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar, odamlar daromadini yo‘qotdi. Ammo kredit olganlar bor, buni to‘lash kerak. Shu nuqtayi nazardan, 26,5 trl so‘m qiymatidagi kreditlarni to‘lash muddati 2020 yil 1 oktyabrgacha kechiktirildi.

Bunda yuridik shaxslarning 21,3 trln so‘m miqdoridagi kreditlari kechiktirilgan bo‘lib, bu ular olgan jami qarzlarning 65 foizini tashkil qiladi.

Kredit olgan jismoniy shasxlarning 88 foizi kechiktirish imtiyozidan foydalangani natijasida 5,3 trln so‘m miqdoridagi qarzning to‘lash muddati uzaytirildi», dedi Behzod Hamroyev.

Mavzuga oid